“Oʻzaro hamkorlik orqali Oʻzbekiston va Qirgʻizistonning chegaraoldi hududlarini rivojlantirish” loyihasi ishga tushirildi

02:14 02 Iyun 2022 Jamiyat
746 0

2022-yilning 1-iyun kuni Andijon va Bishkek shaharlarida ikki qoʻshni davlat oʻrtasidagi chegaraviy ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan “Oʻzaro hamkorlik orqali Oʻzbekiston va Qirgʻizistonning chegaraoldi hududlarini rivojlantirish” loyihasining rasmiy ishga tushirilishi munosabati bilan telekonferens aloqa shaklida kirish seminari boʻlib oʻtdi.

Loyiha Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh kotibining Tinchlik qurish jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtiriladi va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) hamda Aholishunoslik jamgʻarmasi (YUNFPA) tomonidan BMTning Qoʻshma dasturi sifatida amalga oshiriladi. Oʻzbekistondagi asosiy milliy hamkorlar Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasidir. Kirish seminari gibrid shaklda BMT agentliklari, xalqaro ekspertlar, Qirgʻiziston va Oʻzbekistonning tegishli vazirlik va idoralari, chegaraoldi hududlari mahalliy hokimliklari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirokida oʻtkazilib, loyihaning maqsad va vazifalari muhokama qilindi.

“Birlashgan Millatlar Tashkilotining «Oʻzaro hamkorlik orqali Oʻzbekiston va Qirgʻizistonning chegaraoldi hududlarini rivojlantirish” qoʻshma dasturi ushbu mamlakatlarni bir-biriga yaqinlashtirishga qaratilgan islohotlarni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan. Dasturning asosiy maqsadi Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi transchegaraviy ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishdan iborat», deydi BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori Roli Astxana.

Tadbirda taʼkidlanganidek, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi chegaraning katta qismi Fargʻona vodiysi orqali oʻtadi. Mintaqa nafaqat aholi soni va tarkibi, balki qishloq xoʻjaligining ishlab chiqarish quvvati jihatidan ham har ikki davlat iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan loyiha mahalliy savdo, iqlimga mos qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, innovatsion yondashuvlar, bandlik va iqtisodiyot sohasida transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan boʻlib, bu oʻz navbatida, tinchlik oʻrnatishda yanada barqaror natijalarga erishishga xizmat qiladi.

“Shunday tez oʻzgaruvchan zamonda biz ikki davlat hamkorligi va farovonligiga hissa qoʻshadigan, ularga barqarorlik, taraqqiyot va innovatsiyalar olib keladigan qoʻshma loyihani yoʻlga qoʻyayotganimizdan mamnunmiz. Barcha yangiliklarga ochiq, gʻayrat, yangi gʻoyalarga toʻla yoshlar va ayollarning salohiyati yuksak ekanligini koʻrib turibmiz”, deydi FAOning Markaziy Osiyo boʻyicha submintaqaviy koordinatori Viorel Gutu.

Tadbirda loyihani amalga oshirishda qishloq aholisi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarning tinchlik oʻrnatish jarayonlaridan manfaatdor asosiy harakatlantiruvchi kuch sifatida imkoniyatlarini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilishi taʼkidlandi.

“Ishonchim komilki, ushbu loyiha tinchlik, gender tengligi va xavfsizlikni taʼminlash maqsadida mahalliy hamjamiyatlar oʻrtasidagi muloqot va munosabatlarni yaxshilashga ulkan hissa qoʻshadi. Xotin-qizlar va yoshlar tinchlik oʻrnatish jarayonining tayanchi boʻlib, ularni eʼtiborsiz qoldirib boʻlmaydi. Biz bu jarayonda xotin-qizlarning ishtirokini faol qoʻllab-quvvatlaymiz. Qolaversa, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar ularning oʻz mahallalari va jamiyatlari tinchligini taʼminlashga hissa qoʻshish imkonini beradi. YUNFPA transchegaraviy tinchlik oʻrnatish jarayonida muhim rol oʻynaydigan jamoalarni qoʻllab-quvvatlaydi”, deydi YUNFPAning Oʻzbekistondagi vakili Yu Yu.

Kirish seminari davomida FAO Bosh qarorgohi Favqulodda vaziyatlar va chidamlilik boshqarmasining Favqulodda vaziyatlar va reabilitatsiya boʻyicha mutaxassisi Filipp Pristli loyihaning maqsad va vazifalari boʻyicha taqdimot oʻtkazdi hamda ishtirokchilar bilan nizolarga nisbatan sezgir strategiyalarni loyihani amalga oshirishga integratsiya qilish boʻyicha asosiy xulosalar va tavsiyalarni muhokama qildi. Tadbirda BMT Tinchlik qurish jamgʻarmasi faoliyati, tinchlikni mustahkamlash jarayonlarida yoshlarning oʻrni haqida taqdimotlar qilindi.

Soʻngra kirish seminari ishtirokchilari loyiha doirasidagi rejalashtirilgan tadbirlarni muhokama qildilar va shu orqali tinchlik va oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha kelgusida birgalikdagi saʼy-harakatlarni rejalashtirib oldilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер