Ovqatdan zaharlangan bolalarning necha nafari shifoxonada qolayotgani aytildi

14:18 29 Sentyabr 2025 Jamiyat
140 0

Illyustrativ foto

Toshkent viloyatining Piskent, Boʻka, Oqqoʻrgʻon va Quyi Chirchiq tumanlaridagi maktabgacha taʼlim tashkilotlarida ovqatdan zaharlanib, hozirda shifoxonada davolanayotgan bolalarning umumiy ahvoli haqida maʼlumot berildi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Nurmat Otabekovning aytishicha, bugun, 29-sentyabr soat 12:00 holatiga shifoxonalarda 38 nafar bola davolanmoqda.

“Ularning ahvoli barqaror, kasallik yengil shaklda kechmoqda. Ogʻir yoki asoratli holatlar qayd etilmagan. Barcha tarbiyalanuvchilar shifokorlarning doimiy nazoratida. Bolalarga zarur tibbiy yordam koʻrsatilmoqda. Davolash jarayoni respublika darajasidagi yetakchi mutaxassislar ishtirokida tashkil etilgan”, deydi Nurmat Otabekov.

Uning qoʻshimcha qilishicha, ota-onalarga bolalar salomatligi toʻgʻrisida muntazam ravishda axborot berib borilmoqda. Yaqin kunlarda qolgan bolalar ham sogʻlom holatda uylariga javob berilishi kutilyapti.

Taʼkidlanishicha, vaziyat toʻliq barqaror va sogʻayish jarayoni ijobiy dinamika bilan davom etmoqda. Davlat organlari va tibbiyot muassasalari ushbu holatni doimiy nazorat ostida ushlab turibdi.

Joriy yilning 24-sentyabr kuni Toshkent viloyatining Piskent, Boʻka, Bekobod, Quyichirchiq va Oqqoʻrgʻon tumanlarida maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchilarining zaharlanish holatlari aniqlandi.

Ushbu holat yuzasidan Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan bir nechta autsorsing xizmatini koʻrsatuvchi xususiy korxonalar masʼul shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tergov ishini sinchkovlik bilan, toʻla va sifatli oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida jinoyat ishi Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер