Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?

12:16 17 Sentyabr 2025 Jamiyat
424 0

Oʻqish, izlanishni kanda qilmagan kishi hayotda aslo kam boʻlmaydi. Buxoro davlat texnika universiteti jamoasi, talabalari, qolaversa, viloyat yoshlari Abubakir Atoyev misolida bunga yana bir karra ishonch hosil qildi. Mazkur universitet doktoranti sanalgan bu yigit Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan eʼlon qilingan “Eng yaxshi gʻoya” respublika tanlovida gʻolib chiqib, Prezident sovgʻasi — avtomobil bilan taqdirlandi.

— Abubakirning yutugʻi barchamizni behad quvontirdi, — deydi universitetning “Elektr va energetika muhandisligi” kafedrasi professori Nasullo Saʼdullayev. — Uning ilmiy izlanishlari innovatsion gʻoyalar bilan uygʻunligi, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish jarayonini rivojlantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Qolaversa, samarali faoliyati koʻplab talaba-yoshlarimizga ibrat vazifasini ham oʻtayapti.

A. Atoyev nufuzli tanlovda “Suv taqsimlash inshootlari uchun vertikal oʻqli mikroGESni ishlab chiqish” loyihasi bilan qatnashdi. Gʻoya mamlakatimiz ilm-fani va innovatsiyalar sohasida muhim ahamiyatga ega, deya eʼtirof etildi.

— Sir emas, energiya resurslaridan oqilona foydalanish masalasi dunyo miqyosida dolzarb muammolardan sanaladi, — deydi A. Atoyev. — Negaki, anʼanaviy energiya manbalari bitmas-tuganmas emas. Buning ustiga ular atrof-muhitning ifloslanishiga sabab boʻlyapti. Natijada hayot “yashil iqtisodiyot” konsepsiyasini kun tartibiga qoʻymoqda. Fikrimcha, bu masala yechimida qishloq xoʻjaligi suv taqsimlash inshootlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish juda qoʻl keladi. Negaki, yurtimizdagi koʻplab kanallarning past oqimli suvida potensial energiya yetarli darajada mavjud. Buni nafaqat nazariy, balki amaliy jihatdan ham isbotlashga erishdim. Binobarin, miniGESlar oʻrnatgan holda past oqimli suvdan ham elektr energiyasi olish mumkin. Ammo bu imkoniyatdan yetarli darajada foydalanilyapti, deya olmaymiz.

Yosh olim taklif etayotgan loyiha ushbu muammoni hal etishga xizmat qiladi. U innovatsion gʻoya boʻlishi bilan bir qatorda ham iqtisodiy, ham ekologik tomondan foydali. Aynan shu kabi jihatlar evaziga Abubakir Atoyev tanlov gʻolibligiga erishdi va Prezident sovgʻasi – avtomobil bilan taqdirlandi.

Istam IBROHIMOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер