Oʻttiz yettinchi yil turnalari

Har yili 31-avgust — Qatagʻon qurbonlarini yod etish kuni sifatida nishonlanishi, ajdodlarimiz xotirlanishi, Qurʼon tilovat etilib, ular haqiga duo qilinishida chuqur maʼno bor. Mustabid tuzum davrida yurtimizda ming-minglab odamlar qatagʻonga uchragan. Oilalari xonavayron boʻlib, bolalari yetim qolgan.
Mustaqillik davrida 1920 — 1930-yillarda NKVD jazo organining qatlgohi boʻlgan — Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi Boʻzsuv boʻyida qarovsiz, fayzsiz boʻlib yotgan joylar “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi, deb atalgan muqaddas bir ziyoratgohga aylandi. Bu maskan oʻzining alohida, mudhish voqealardan darak beruvchi tarixiga ega. 1937-1938-yillardagi “katta qirgʻin”da aynan shu joylarda 6 mingdan ziyod millatimiz oydinlari “xalq dushmani” tamgʻasi bilan otib tashlangan.
Aksilinqilobiy faoliyatga qarshi targʻibotda ayblangan tinch aholini otish boʻyicha maxfiy operatsiyalar Toshkentdagi uchta maxsus obyekt hududida amalga oshirilgan. Birinchisi Yunusobod tumanida, hozirgi “Toshkent” teleminorasiga yaqin joyda boʻlgan. Ikkinchi obyekt — hozirgi Abraziv zavodi oʻrnida. Uchinchi maxsus obyekt xalq ichida “Alvasti koʻprik” deb atalgan koʻprik atrofidagi pastqam joylarda boʻlgan. Shu yerda keyinchalik “Shahidlar xotirasi” memorial majmuasi qurilgan.
1950-yillar boshlarida Toshkentning Yunusobod tumani hududida qurilish ishlari boshlangan. Oʻshanda otib tashlangan kishilarning jasadlari topilgan. Ular atrofdagi mahallalarning bir necha faollari tomonidan yuk mashinasiga ortilib, tun qorongʻisida yashirincha yaqindagi Oqilota qabristoniga dafn qilingan. Qabriston goʻrkovi Ahmad Yusupov oilasi xavfsizligini oʻylab hayotligida qoʻrqqanidan bu voqeani hech kimga aytib bermagan. Aynan shuning uchun jasadlar koʻmilgan aniq joy nomaʼlumligicha qolgan. Qabristonga kiraverishda ular uchun ramziy qabr toshi oʻrnatilgan. Oʻzbekistondagi “katta qirgʻin”ning eng dahshatli sanasi boʻlgan 4-oktyabrda muzeyimiz jamoasi qabristondagi mazkur ramziy qabr ziyoratida boʻlib, xotira tadbirini oʻtkazish anʼanaga aylangan.
1938-yilning mashʼum kuzida millatimizning Fitrat, Choʻlpon, Abdulla Qodiriydek eng sara ziyolilari, Gʻozi Olim Yunusov, Qayum Ramazon, Otajon Hoshimov, Majid Qodirov, Ziyo Saidov kabi adabiyotshunos olimlar, birinchi oʻzbek kinorejissyori va fotografi Xudoybergan Devonov, Sattor Jabbor, Sulton Matqul, Bahovuddin Amin kabi Germaniya oliy maktablarini bitirib Vatanga Yevropaning ilm-fan, texnika yutuqlarini joriy etishga bel bogʻlagan yigitlar, Turgʻunpoʻlot Qirgʻizov, Mirkomil Mirsharapov kabi oʻzbek milliy armiyasining ilk zobitlari, umuman, fan, adabiyot, sanʼat dargʻalari, hukumat va jamoat arboblari boʻlgan minglab qahramonlarimiz mahv etilgan. Ular 1938-yilning 4-oktyabrida shoshilinch qatl qilingan. Voqeaning eng dahshatli jihati, bu jabrdiydalarga hukm 5-oktyabr sanasi bilan chiqarilgan.
Istiqlol tufayli qatagʻon qurbonlarini nomma-nom aniqlash, Vatan, el-yurt, avlodlari oldida ularni oqlash va xotirasini abadiylashtirish maqsadida Respublika komissiyasi tuzildi. “Shahidlar xotirasi” jamoat fondi tashkil etildi. Koʻplab nodir hujjatlar, tarixiy manbalar toʻplanib, Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi yaratildi. Dastlab komissiya aʼzolariga arxivlar ustida ishlash oson boʻlmadi. Bir kun ishlab, ikkinchi kun tergov matnlarida ular aʼzosi boʻlmagan aksilinqilobiy tashkilotlarga aʼzo boʻlgansan, deb siquvga olganlari, xunrezlik bilan qoʻl qoʻydirganda koʻz yoshlarining dogʻlari qolib ketgan hujjatlar ustida koʻngli boʻshab, ishlolmasdan uzr soʻrab ketgan ziyolilar ham koʻp. Muzey va “Shahidlar xotirasi” jamoat fondi ilmiy xodimlari uchungina respublika arxivlarida, xususan, DXX arxivida izlanishlar olib borish vakolati saqlanib qoldi. Davlat muzeyi Vazirlar Mahkamasi tasarrufiga oʻtkazilgach, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi 13 ta oliy taʼlim muassasasi tuzilmasida Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeylari tashkil etildi.
Davlat rahbarining 2024-yil 19-iyuldagi “Siyosiy qatagʻon qurboni boʻlgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini oʻrganish, targʻib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan hududlarda tegishli mutaxassislardan iborat ilmiy-ishchi guruhlar tuzildi. Ularga maxsus arxivlarda ishlash uchun ruxsatnomalar berildi. Respublika boʻyicha yana 11230 nafar qatagʻon qurbonining nomi aniqlandi. Bu insonlar orasida surgun qilingan oʻzbek ziyolilarining ayollari ham boʻlib, ular hech qanday dalil-isbotsiz qamoqqa olinib, Qaragʻandadagi (Shimoliy Qozogʻiston) “ALJIR” (Акмолинский лагерь жён изменников родины) lageriga yuborilgan. Masalan, qatagʻon qurboni Gʻani Isʼhoqovning rafiqasi Maqsuda Isʼhoqova, iqtisodchi Nasritdin Sherahmedovning ayoli Mahfuza Sherahmedova, Oʻzbekistonning Moskvadagi vakolatli vakili Muhiddin Tursunxoʻjayevning turmush oʻrtogʻi Zuhra Tursunxoʻjayeva kabi millatimiz ayollari ana shunday azob-uqubatlarga giriftor qilingan. Ularning gunohi qatagʻon qurboni boʻlgan turmush oʻrtoqlari “aybini tegishli tashkilotlardan yashirganligi” edi.
U davrda oʻzbek qizlari boshqa davlat tugul, qoʻshni mahallalarga ham deyarli bormagan. Shunday davrda Germaniyaga oʻqishga yuborilgan 70 nafar talaba orasida ikki nafar oʻzbek qizi: Maryam Sultonmurodova va Xayriniso Majidxonova ham ilm olib, Vatanida oʻzgarishlar qilish niyatida Yevropaga oʻqishga yoʻl oladi. Xayriniso Toshkentda ziyolilar koʻchasida yashagan. Uning otasi ziyoli boʻlgani sabab Munavvar qori Abdurashidxonov ochgan jadid maktabida savodi chiqadi. U Germaniyada dastlab texnikumda, keyin universitetda tibbiyot va bolalar pedagogikasi yoʻnalishlarida tahsil oladi. Uning otasi: “Ezilgan millatlar, qorongʻilikda qolgan yurtini kelgusida chin bilim bilan yoritmoq uchun bu yil xorijga ketgan talabalar orasida qizim Xayriniso ham bor edi. Bilim uchun uzoq ellarga birinchi oʻzbek qizini yuborish sharafi, shukrlar boʻlsunkim, menga nasib boʻlmish”, deb xursand boʻlgan edi. Endigina Yevropada oʻqib qaytgan Xayriniso Majidxonova 1937-yil 13-sentyabrda NKVD tomonidan qamoqqa olinadi. Germaniyadan olib kelgan hamma materiallari yoqib yuboriladi. Yondirilgan kitoblar orasida tibbiyotga oid qoʻlyozmalar bilan birga Gyote, Shillerning nemis tilidagi kitoblari ham boʻlgan. Tergov bir yildan ortiq davom etib, 1938-yil 9-oktyabrda Xayriniso Majidxonova oliy jazo — otuvga hukm qilingan.
Xorazmlik Maryam Sultonmurodova oliy maʼlumotli oʻqituvchi boʻlgan. Maʼrifatparvar Mulla Jumaniyoz oilasida dunyoga kelgan. NKVD xodimlari tomonidan 1937-yil 15-sentyabrda hibsga olingan. Oʻzi buni shunday izohlagan: “1937-yilgi tergovdagi koʻrsatmalarni tasdiqlamayman. Shaxsan oʻzim bunday koʻrsatma bermaganman. Meni tergov qilgan chogʻlarida qaydnomaga imzo chekishga majbur qildilar. Lekin unda nima yozilganligini oʻqimaganman, oʻqishga berishmagan ham. Bu hujjatlarning mazmuni bilan tanishishga ixtiyor bildirganimda, “bolangni olib qoʻyamiz”, deb qoʻrqitishdi...”
1939-yilda Maryam Sultonmurodovaga oʻn yillik qamoq jazosi tayinlanadi. Jazoni avvaliga Toshkent, keyin Qozon va Moskva yaqinidagi Suzdal turmalarida oʻtagan. Undan soʻng Uzoq Sharqqa yuborilib, qurilishda ishlatilgan. Maryam Sultonmurodova qamoqni tugatib chiqqach ham 1949-yilda yana qamoqqa olinadi. Bu safar u Berlindaligi vaqtida u yerdagi qandaydir guruhlar bilan aloqada boʻlgani, dugonasi Xayriniso Majidxonova bilan Parijga borganida Mustafo Choʻqayev bilan uchrashgani, Toshkentda ishlaganida matbuotda millatchilik Qoyalarini targʻib qilgani, germaniyalik professor Englyand bilan josuslik maqsadida aloqa oʻrnatgani kabi “ayblar” yuzasidan soʻroq qilinadi.
Maryam Sultonmurodova shubha va gumonlardan tamomila qutula olmagani haqida shikoyat yozgan: “1937-yilda NKVD tomonidan hibsga olindim. Vatan xoini sifatida aybdor deb topildim. 10-yilgacha ozodlikdan mahrum etildim. 5-yil muddatga huquqlardan mahrum qilindim. 1947-yilda jazo muddatini oʻtab, uyga qaytdim. 1949-yilda yana shu ish boʻyicha hibsga olindim. Krasnoyarsk oʻlkasiga surgun qilindim. Men vijdonimda aksilinqilobiy harakatga ega boʻlmaganim uchun oʻzimni yaratilgan sharoitlarning qurboni deb bilaman...”
Nihoyat 1957-yil 2-avgustda boʻlib oʻtgan sudda uning harakatida jinoyat yoʻqligi isbotlanadi. Maryam bu ajrim bilan ikki oydan keyingina, 1957-yil 14-oktyabrda tanishtiriladi.
Oʻsha davrdagi qatagʻonchilik siyosatidan xalqimizning biror qatlami omon qolmagan. Qatagʻon qurbonlari xotirasini abadiylashtirish va nomini oqlash maqsadida turli vazirlik, idora hamda tashkilotlar bilan hamkorlik qilib kelmoqdamiz. Oʻtgan yilda Bosh prokuratura bilan imzolangan memorandum doirasida qatagʻonga uchragan prokuratura xodimlariga bagʻishlangan “Tarixiy xotira beqiyos” nomli kitobning 1 va 2-jildlari, “Muhammadjon Moʻminov — oʻzbek zamonaviy huquqshunosligining asoschisi” nomli kitob tayyorlandi va nashr etildi. Ichki ishlar vazirligi bilan birga qatagʻonga uchragan soha xodimlariga bagʻishlangan “Tarix: xotira, xulosa va saboqlar” kitobi, Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda “Harbiy jadidlar xotirasi barhayot” kitobi, shuningdek, respublika Oliy sudi taklifiga binoan “Oʻzbekiston Oliy sudi” nomli kitoblar nashr etildi. Shu orqali mazkur idoralarda ham vijdonli, vatanparvar, haqiqat yoʻlini tutgan, halol va jasur xodimlar boʻlgani, oxir-oqibat ular ham qatagʻon qurboniga aylanganliklari jamoatchilikka isbotlab berildi.
Muzey mutasaddilari tomonidan Bosh prokuratura va Oliy sudga yozilgan arizalar natijasida Oliy sud tomonidan 2021-yildan buyon 1220 nafar qatagʻon qurbonining nomi oqlandi. Ular orasida oʻzbeklardan tashqari tojik, qirgʻiz, tatar, fors, turkman, qoraqalpoq, qozoq, rus va boshqa millat vakillari bor. Oqlanganlarning aksariyati jadidchilik harakati namoyandalari ekani bejiz emas. Oʻsha davrda aynan maʼrifatparvar, taraqqiyparvar, ziyoli insonlar qatagʻon qilingan. Ularning avlodlari topilishida davlat muzeyi hamda hududiy Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeylari tomonidan oʻtkazilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy, targʻibot-tashviqot tadbirlari, ilmiy anjumanlar, xotira kechalari, ilmiy jamoatchiligimiz tomonidan eʼlon qilinayotgan maqolalar, nashr etilayotgan kitoblar alohida ahamiyatga ega.
Tarixiy xotirasi boʻlmagan, tarixni unutgan, oʻz ajdodlarining qadriga yetmaydigan millatning istiqboli yoʻq. Muzey hamda hududiy muzeylarning asosiy vazifasi tashrifchilarni tarix bilan tanishtirish, qatagʻon qurbonlarini yod olish, yoshlarni Vatanga muhabbat, mustaqillik Qoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashdir. Yurtimizda tinchlik va osoyishtalik barobarida xalqimizning asriy orzusi roʻyobga chiqib, inson xotirasi va qadrining shunday yuksak darajada ulugʻlanayotgani farzandlarimiz uchun tengsiz saboqdir.
Albatta, qirgʻin-qatagʻonlar, aldov-boʻhtonlar, qamoq va zulmlarga giriftor boʻlgan 1937-yil turnalari oʻzining katta talafoti, qurbonlari bilan yodimizda qoldi. Oʻz yurtidan erta ketgan turnalar qaytmaydi, ammo ularning jasorati qalbimizda abadiy yashaydi. Ularga oʻrnatilgan ramziy yodgorliklar tinch, osuda hayot qadriga yetishga, Vatanni sevishga, tinchligini asrashga chorlab turadi.
Baxtiyor HASANOV,
Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Tuman va shahar hokimi oʻrinbosarlari soni qisqartiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring