“Oson kelishuvdan umid qilmang”: Zelenskiy tinchlik boʻyicha muzokaralarda ishonchli xavfsizlik kafolatlari talab qildi

11:48 15 Dekabr 2025 Dunyo
225 0

Germaniya poytaxti Berlinda Ukraina-Rossiya urushini tugatish boʻyicha asosiy muzokaralar boshlandi. Bu haqida BILD nashri maʼlum qildi.

Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy Yevropa rahbarlari va AQSH vakillari ishtirokidagi sammitdan oldin Germaniya poytaxtiga kelgan va muzokaralarda oson kelishuvga erishib boʻlmasligini taʼkidlagan. Shuningdek, Zelenskiy jurnalistlarga bergan intervyusida Rossiya Ukraina hududidan qoʻshinlarni olib chiqishga rozi boʻlmaguncha Ukraina tinchlik muzokaralariga yon bermasligini maʼlum qilgan.

Taʼkidlanishicha, Kiyev muzokaralar davomida xavfsizlik kafolatlari talab qilgan va ishonchli kafolatlardan keyingina Ukraina vakillari “hududiy masalalarni” muhokama qilishga tayyorligi bildirilgan.

“Rossiya kuch ishlatishdan qochib, buning oʻrniga mamlakatimiz sharqini diplomatik va siyosiy yoʻllar bilan egallab olmoqchi. Qoʻshma Shtatlar taklif qilayotgan kelishuvda esa, Rossiya armiyasi sharqiy hududlarimizga bostirib kirmaydi va Ukraina qoʻshinlari chekinadi. Men buni adolatsiz deb bilaman”, — degan Zelenskiy.

Bundan tashqari, Zelenskiy tinchlik kelishuvining asosiy gʻoyasi qurolsizlanish ekani, Kiyev bunday taklifga xalqaro kafolatlar va nazorat evazigagina rozi boʻlishini bildirgan.

Kreml muzokarachisi Yuriy Ushakovning bayonotiga koʻra, Moskva bu jarayonni diqqat bilan kuzatib bormoqda. Ushakov 28 banddan iborat rejaga kiritilishi mumkin boʻlgan oʻzgarishlarni “mutlaqo qabul qilib boʻlmas” deb atagan va Rossiya Qoʻshma Shtatlardan uning pozitsiyasini qoʻllab-quvvatlashini kutishini maʼlum qilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?