Osmonga qaragan odamlar... Ular nega rizq-nasibani yerdan kutishmaydi?
Foto: “Xalq soʻzi”
Sarlavhani oʻqib, ajablanyapsiz, axir shunday zamondayam odam rizqni osmondan kutadimi, “Bersang yeyman, ursang oʻlaman” deb osmonga qarab yotish kimga naf beribdi, deysiz, toʻgʻrimi? Unda nega Chiroqchidagi Gʻallakor qishlogʻi odamlari osmonga koʻz tikishadi, osmondan bermasa, yerda hech narsa unmaydi, deyishadi?..
Bu savolga javobni “Gʻallakor” MFY hududidagi qishloqlarga borganimizda, tumandagi eng chekka va olis hudud odamlari bilan yuzma-yuz gaplashganimizda javob topgandek boʻldik.
Ularning kuyunib aytishicha, har bir xonadon ixtiyorida 60 sotixdan 1,5 gektargacha tomorqa mavjud. Oqar suv yoʻqligi tufayli yerlarning aksariyat qismi boʻsh turibdi. Toʻgʻri, aholining bir qismi lalmi gʻalla, mosh yoki noʻxat ekadi, ammo osmondan bermasa, qilgan xarajatiga
kuyib qoladida...
Koʻkatu sabzi, sholgʻomdan kartoshkagacha bozordan sotib olishadi
Unumdor yerini oʻz holiga tashlab yoki yaxshigina daromad olishi mumkin boʻlgan tomorqasini joʻxorizorga aylantirib qoʻygan yurtdoshimizga nima degan boʻlardingiz? Yoxud ixtiyoridagi hayhotday tomorqasining qurib-qaqshab yotishiga befarq qarab yashayotganlargachi?..
Oʻrganishlarimiz natijasida Chiroqchi tumanidagi “Gʻallakor” MFY qishloqlarida tomorqasidan unumli foydalanish u yoqda tursin, umuman, qarovsiz qoldirgan xonadonlar koʻplab uchradi.
Gʻallakor qishlogʻi odamlari roʻzgʻorga ishlatiladigan hamma narsani bozordan sotib oladi. Kartoshka, sabzi-sholgʻom deysizmi, hatto koʻkatdan tortib, pomidor-bodringgacha “Payshanba” bozoridan xarid qilishadi.
— Shuncha yer boʻsh turibdi, gilamning oʻrnicha joyga koʻkat ekib qoʻyilsa, bir oilani taʼminlaydiku, — deb soʻraymiz aholi vakillaridan.
— Gapingiz toʻgʻrikuya, lekin xalqimiz shunga odatlanmaganda, yaʼni tomorqani daromad manbai, deb bilmaydi, sababi yerimiz lalmi, faqat bahor seryogʻin kelsa, baʼzi kishilar tomorqasida gʻalla ekadi, oʻshandayam hamma ekmaydi, qurgʻoqchilik boʻlsa, puliga kuyib qolishidan qoʻrqadi, — deydi 162-umumtaʼlim maktabi direktori Adolat Diyorova. — Odamlarni ham tomorqadan daromad olishga undash kerak, kuchi yetmaydigan oilalarni urugʻlik bilan taʼminlash zarur, artezian quduq kavlashga koʻmaklashish kerak. Bunday ishni amalga oshiruvchi tashkilotning oʻzi yoʻq. Agar boʻlsa ham, ularni biz koʻrganimizcha yoʻq.
Bu qishloqda 170 — 180 metr chuqurlikdan chuchuk suv chiqadi. Ana shunday masofadan suv tortadigan artezian quduq uchun esa kamida 20 million soʻm mablagʻ talab etiladi. Bunga esa hammaning ham imkoni yoʻq.
Ammo shunday boʻlsada, qishloqda artezian quduq kavlagan oilalar bor. Chamasi 50 ga yaqin xonadonlarda artezian quduq mavjud. Lekin bu quduqlar bugungi kun talabiga javob bermaydi. Ayniqsa, yozda, suvga ehtiyoj ortgan pallada yer osti suvi pasayib ketadi. Buyam mayli, ayni ekin-tikinga qoʻl urilgan paytda elektr toki muammo boʻladi. Chunki bu hududga yondosh qishloqlarda artezian quduq qurgan kishilar koʻp va shu bois elektr energiyasi taqchilligi yuzaga keladi.
“Chiroqchi boʻyicha 20 ta artezian quduq kavladik...”
Gap shundaki, bu qishloq odamlari oʻzi bilganicha chala-chulpa, davlat standartlari talabiga javob bermaydigan, elektrni tejash uskunalari oʻrnatilmagan “qoʻlbola” artezianlar qurib olishgan va undan samarali foydalana olishmayapti. Standart talabiga mos artezian quduq qurib beradigan tashkilotlarning esa bu qishloqqa negadir qadami yetgani yoʻq.
— Oʻtgan yili Chiroqchi tumani boʻyicha 20 ta artezian quduq qazib berdik, Gʻallakor qishlogʻida bu ish amalga oshirilgani yoʻq, — deydi Chiroqchi tumani fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining tomorqachilik boʻyicha mutaxassisi Muhriddin Mahammadiyev. — Toʻgʻrisi, biz faqat qishloqlardagi ahvolni fuqarolar yigʻini mutaxassisi bergan «svodka» orqali monitoring qilamiz. Undayam joyiga bormaymiz, aholi tomorqasiga ekin ektirish bizning vazifamizga kirmaydi.
— Aholi elektr quvvati juda past, artezian quduqqa oʻrnatilgan suv nasosi kuyib qolyapti, kuchi yetmayapti, deb shikoyat qilmoqda, bu masalalarni ham oʻrganasizmi? — soʻraymiz M. Mahammadiyevdan.
— Chiroqchi tumanining hududi juda katta, men bir oʻzim hamma tomorqachilarni oʻrganib chiqishim uchun uch oy vaqt kerak boʻladi. Men faqat ariza tushsa borib tekshiraman, yoʻqsa, bora olmayman, — deydi u.
Demak, mahalladagi haqiqiy ahvolni masʼul shaxs oʻz koʻzi bilan koʻrgani yoʻq. Shuning uchun ham Gʻallakor qishlogʻida ahvol achinarli, tomorqalarda deyarli ekin ekilmaydi, ularga urugʻlik yoki koʻchat berilmaydi. Tomorqalarning qarovsiz yoki boʻsh turganiga nafaqat xonadon egasi, mahalla faollari, keng jamoatchilik, mahalliy hokimliklar masʼul ekanini esa hech kim his qilmayotgandek goʻyo.
Agar shunday boʻlmaganida, gʻallakorliklar ham olmayu kartoshkalari, sabzi-sholgʻomlari yoki anorlari bilan mashhur boʻlmasmidi?..
Ishga yaroqli aholining 90 foizi xorijga chiqib ketgan
Qishloqda, bor-yoʻgʻi, bittagina savdo doʻkoni bor. Uni ham zamonaviy va koʻrkam savdo doʻkoni deb boʻlmaydi. Chunki u eski bir maʼmuriy binoda joylashgan. Sartaroshxona, poyabzal tuzatish ustaxonasi, “Goʻzallik saloni” va boshqa qulayliklar haqida gapirmasa ham boʻladi. Yanada achinarlisi, qishloqda bolalar bogʻchasi yoʻq. Olti kilometr uzoqlikdagi bogʻchaga hech kim farzandini qoʻyishni istamaydi.
Aslida, bugun qaysi hududda yashashidan qatʼi nazar, har bir fuqaro qulayliklardan foydalanishi kerak emasmi? Qishloqda oilaviy poliklinika ham yoʻq. Bori — eski, almisoqdan qolgan binoda aholining kasallik varaqalari chang bosib yotibdi. Ish oʻrni yoʻqligi bois qishloqning 2 mingdan ziyod yigitlari xorijga ishlash uchun chiqib ketgan.
Bu xususda “Gʻallakor” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Suyun Roʻziyevning fikrlari bilan qiziqdik.
— Hududimizda 4 ming 897 gektar yer maydoni mavjud, 29 ta fermer xoʻjaligi lalmi yerlarda gʻalla va dukkakli ekinlar ekadi, — deydi mahalla raisi. — 900 dan oshiq aholi qoʻlida 500 gektarga yaqin tomorqa yerlari mavjud boʻlib, yer lalmi boʻlgani uchun ular faqat bugʻdoy, noʻxat, mosh ekadi, xolos. Toʻgʻri, 3-4 xonadon tarvuz-qovun ekadi, 9-10 xonadon esa mosh, loviya, noʻxat parvarishlaydi.
— 900 xonadonning taxminan 10 yoki 20 tasi ekin ekkanda ham qolgan xonadonlar tomorqasining aksariyati boʻsh turibdiku! Eʼtibor qildim, artezian qudugʻi bor xonadonlar yerlariga ham deyarli qoʻl urilmagan, — deb soʻraymiz raisdan.
— Toʻgʻri, artezian quduq qazish juda qimmat turadi, shunday boʻlsada, oʻziga toʻq odamlar qurishdi, lekin elektr masalasi bizda juda ogʻir. Yozda elektr quvvati pasayib ketadi. Yana bir masala: bizda dehqonchilik madaniyati rivojlanmagan, odamlar tomorqadan daromad olishga ishonishmaydi, yerlarimiz lalmi, oqar suv yoʻq, yogʻingarchilik moʻl boʻlgan yillarda faqat gʻalla ekiladi.
— Gʻallakor qishlogʻi sharoitida tomorqani daromad manbaiga aylantirsa boʻladimi?
— Albatta, boʻladi, buni oʻzimning 60 sotix tomorqam misolida aytadigan boʻlsam, bundan bir-ikki yil oldin 15 sotixiga kartoshka ekib, ancha-muncha hosil olgandim, — deydi rais. — Keyinchalik mahalla ishlaridan ortmaganim bois tomorqaga qaray olmayapman...
Izlagan imkon topadi: 5 sotix issiqxonadan 45 million soʻm sof daromad
Ayonki, oila daromadi va farovonligida ishbilarmonlikning alohida oʻrni bor. Shu qishloq fuqarosi, “Sirojiddin Ahmedov” fermer xoʻjaligi rahbari Roʻzman Ahmedov gaplariga koʻra, ushbu qishloq sharoitida ham tomorqani daromad manbaiga aylantirsa boʻladi.
— 70 sotix tomorqamiz bor, — deydi R. Ahmedov. — Bilasiz, bizda elektr toki barqaror berilmaydi, gaz, suv yoʻq. Lekin shunga qaramasdan tomorqamizda 5 sotix yerda issiqxona qurdim. Yaʼni oʻsha 5 sotix yerni 1,5 metr chuqurlikda kavlab, ustini “termos” usulda plyonka bilan yopib, limon ekkandim. Mana, oʻtgan yili 3 tonnaga yaqin hosil koʻtardik, 45 million soʻm daromad keldi. Fermer xoʻjaligimizga 400 gektar lalmi yer ajratilgan. Har yili 200 gektarida lalmi gʻalla yetishtiramiz. Hovlimizda issiqxonada tarvuz va qovun koʻchatlarini tayyorlab, dalaga olib chiqib ekamiz. Oʻtgan yili 3 gektar yerda plyonka ostida tarvuz parvarishlab, 80 million soʻmdan ziyod daromad qildik. Daromadimiz hisobidan yangi yuk mashinasi xarid qildik. Tomorqadan olinayotgan daromad nafaqat oilamizning kundalik ehtiyoji uchun, balki toʻy qilish, imoratlar qurishga ham ishlatiladi. Uch oʻgʻlim va oʻzimda yengil avtomobil bor. Buning hammasi tomorqadan unumli foydalanganimiz va fermer xoʻjaligimiz daromadidan...
— Roʻzman aka, sizku, yoʻlini topibsiz, hamqishloqlarchi, nega ularning tomorqasi boʻsh turibdi, shuncha yerdan xuddi sizdek foydalanishsa, bilasizmi, qishloq odamlari qoʻlidagi 500 gektar atrofidagi tomorqadan qancha foyda keladi?
— Mayli, men kabi 45 million soʻm daromad olmasin, hozircha har bir xonadon 10 million soʻmdan daromad qilganida ham 900 xonadon 9 milliard soʻm mablagʻ egasi boʻlar edi, — deydi R. Ahmedov. — Kimgadir bu choʻpchakka oʻxshab tuyulishi mumkin, kimdir bunday daromad qilib boʻlmaydi, deb miyigʻida kulishi ham tayin. Bir qaraganda, ularning gapida ham jon borday. Odamlar bilan gaplashib koʻring, hammasi “qaniydi, tomorqamdan hech boʻlmasa, 10 — 15 million soʻm daromad olsam. Koshkiydi, biz ham yashnab turgan hovlimizdan yangi pomidor uzsak, bozorga bodring, kartoshka chiqarsak” deyishadi. Uni amalga oshirish uchun esa artezian quduqlar kavlash kerak, elektr taʼminoti meʼyorida berilishini taʼminlash zarur.
— Aytishlaricha, bir paytlar qishloqqa oqar suv kelgan ekan, shu rostmi?
— Ha, ariq qazilib, oqar suv kelgan, — deydi R. Ahmedov. — Ariq oʻrni hozir ham turibdi. Sobiq sovet davrida kanal qazish uchun loyiha qilingan, suv ham keltirilgan, lekin bu ish oxiriga yetkazilmagan. Hozir ham Chiyal kanalidan 6 kilometr ariq qazilsa, bemalol suv keladi. Bu ishning boshida turadigan odam yoʻq. Loyiha qilib, tasdiqlatish lozim, rahbarlarning qosh-qovogʻiga qarash kerak. Toʻgʻrisi, bu ishga hech kim jazm etmayapti. Agar oqar suv kelsa, qishloq yashnaydi, oʻsha aytganim, tomorqalardan yaxshigina daromad olsa boʻladi.
Harakatsiz boy boʻlgan davlat ham, xonadon ham yoʻq
Achchiq haqiqat shuki, suv taʼminoti ogʻir bu qishloqni obod va koʻrkam goʻshaga aylantirish, tomorqachilik madaniyatini yuksaltirish, aholining oʻzini oʻzi band qilish masalalari koʻp jihatdan “Gʻallakor” MFY raisi Suyun Roʻziyevning ishbilarmonligiga ham bogʻliq. U aholi va mahalliy hokimlik oʻrtasida koʻprik vazifasini oʻtashi, hokim va sektor rahbarlari eʼtiborini shu qishloqqa qaratishga erishishi lozim, deb hisoblaymiz.
Bilasiz, suv bilan taʼminlash ogʻir boʻlgan hududlarda dehqon xoʻjaliklari, tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha 2021-yil 16-dekabrda “Tomorqadan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Shu qaror hayotga keng tatbiq etilsa, nazarimizda, mazkur qishloqdagi suv muammolari barham topar edi.
Qarorda tomorqada mahsulot yetishtirishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hisobidan 100 million AQSH dollari ekvivalenti miqdoridagi qarz mablagʻlari Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga milliy valyutada 4 yillik imtiyozli davr bilan 9 yil muddatga yillik 2 foiz stavkada yoʻnaltirilishi belgilangan va suv taʼminoti ogʻir tomorqa yerlari va foydalanishdan chiqqan maydonlarni sugʻorish uchun vertikal sugʻorish quduqlarini burgʻilash, daryolar, kanallar va boshqa suv obyektlaridan suv chiqarish vositalarini sotib olish va oʻrnatish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun 2026-yil 1-yanvarga qadar har yili Davlat byudjetidan jamgʻarmaga mablagʻ ajratilishi qayd etilgan.
Fuqarolar yigʻini raisi Suyun Roʻziyevdan qaror ijrosi boʻyicha qanday chora-tadbirlar belgilanganini soʻrasam, “Daraxt ekyapmiz, gʻalla ekyapmiz” deb mujmalgina javob qildi. Vaholanki, daraxt ekkan bilan suv boʻlmasa, yozda nihol qurib qoladiku!
Sirasini aytganda, bugun “olma pish, ogʻzimga tush” qabilida kun kechiradigan payt emas. Kaftdek yer boʻlsa, undan unumli foydalanish, koʻproq foyda keltiradigan, moʻl va xaridorgir hosil beradigan ekin ekish zarur. Buning uchun esa yuqorida qayd etilgan Prezident qarori asosida qishloqqa Chiyal kanalidan suv olib kelish chora-tadbirlari koʻrilsa, birov urishadimi?..
Yoʻq narsani bashorat qilishdan kimga foyda?
Chiroqchi tumani hokimligi tomonidan berilgan maʼlumotlarda “bu mahalla fuqarolar yigʻinida buncha, unisida uncha mahsulot yetishtiriladi va shunchasi eksport qilinadi”, kabi bashorat (prognoz) juda koʻp. Lekin bashorat qilish bilan ish bitarmikin?!
Mana, masalan, Chiroqchi tumanining 2021-yilda dehqon xoʻjaliklarida va tomorqa yer uchastkalarida bahorgi (ertagi) ekinlardan yetishtiriladigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining prognoz koʻrsatkichlarida “Gʻallakor” MFYda jami yetishtiriladigan yalpi hosil 2 ming 470 tonna koʻrsatilgan. Pomidor, bodring, piyoz, sarimsoqpiyoz, sabzi, karam, lavlagi, rediska, qalampir kabi mahsulotlar turi belgilangan.
Eʼtibor bering, hayratlanarlisi, qishloq tomorqalarida 29 tonna koʻkat va 17 tonna rediska yetishtirilishi prognoz qilingan! Bu hujjatni Chiroqchi tumani hokimi Xurram Joʻrayev tasdiqlab, imzo chekkan.
Tuman rahbari imzo chekkan yana bir hujjatda “Gʻallakor” MFYda 645 tonna mahsulot eksportga chiqarilishi “prognoz” qilingan!
Savol tugʻiladi: “Gʻallakor” MFY raisi Suyun Roʻziyev yuqorida 5 ta yoki 10 ta, boringki, 20 ta xonadon ekin ekadi, qolgan yerlar boʻsh turibdi, dedi. Shunday ekan, Gʻallakordagi dehqon xoʻjaliklari va tomorqalarda 2 ming 470 tonna mahsulot yetishtirilishi qaysi manbaga asoslanib bashorat qilingan?
Oʻzi, bunday oshirib-toshirib bashorat qilishdan kimga foyda?!
Xullas, maqolaga nuqta qoʻyishdan oldin aytar gapimiz shuki, bu yerda bir qishloq muammosi koʻtarilgan boʻlsada, tahlillarimiz bittagina hudud yoki bir tuman rahbarlarigagina tegishli emas. Ehtimol, boshqa bir mahalla yoki ovul vakillari shu achchiq, ammo ochiq gaplarni oʻqib, oʻzini, oʻz mahallasidagi muammolarni koʻrganday boʻlar. “Xuddi bizning qishlogʻimiz haqida yozilgandek” deb koʻnglidan kechar...
Ammo nima boʻlganda ham olib chiqayotgan mazkur mavzu 2022-yil — Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yilida har bir rahbarni, mutasaddini chekka va olis hududlarga teranroq nazar tashlashga turtki boʻlar degan, ilinjimiz bor. Toki, bu kabi saʼy-harakatlar tom maʼnoda, aholi bandligini taʼminlash, oilalar daromadini oshirish kabi ezgu maqsadlarga xizmat qilsin.
Faxriddin BOZOROV (“Xalq soʻzi”).
Ushbu maqolani atroflicha oʻrganib, Qashqadaryo viloyati rahbariyati va Chiroqchi tuman hokimligi koʻrgan chora-tadbirlari va munosabatini kutib qolamiz. “Xalq soʻzi” bu mavzuga yana qaytadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring