“Osiyo futbolining darajasini ortiqcha baholamaslik kerak” — Qozogʻiston bosh murabbiyi Oʻzbekistonning Jahon chempionatiga chiqishga yaqinligi haqida gapirdi

Qozogʻiston terma jamoasi bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi Ali Aliyev Oʻzbekiston terma jamoasining Jahon chempionati yoʻllanmasiga yaqinlashgani borasida oʻz fikrlarini bildirdi. U sportnews.kzga bergan intervyusida Markaziy Osiyo terma jamoalari saralashdagi ishtirokiga toʻxtalib oʻtdi.
Aliyev Lixtenshteyn ustidan 2:0 hisobidagi gʻalabadan soʻng matbuot anjumanida qatnashib, mintaqadagi jamoalarning uslubi va natijalari haqida gapirar ekan Markaziy Osiyo davlatlarining mundialga boʻlgan yoʻliga toʻxtaldi.
Mutaxassis oʻz nutqida Qirgʻizistonning Qatarga qarshi gʻalabasi va Oʻzbekistonning mundial yoʻllanmasini deyarli qoʻlga kiritganini ijobiy baholadi. Unga koʻra, Qirgʻiziston ham, Oʻzbekiston ham uch markaziy himoyachi bilan oʻynash orqali yaxshi natijalarga erishmoqda.
Aliyev, agar Qozogʻiston terma jamoasi ham Osiyo saralash bosqichida qatnashganida, Jahon chempionatiga chiqishi shubhasiz boʻlardi, degan fikrni bildirdi. Shu bilan birga, u Osiyo futbolining darajasini ortiqcha baholamaslik kerakligini ham qoʻshimcha qildi.
“Ha, biz oʻzimizni qoʻshnilar bilan solishtirishni yaxshi koʻramiz: Qirgʻiziston Qatarni magʻlub etdi, Oʻzbekiston esa deyarli Jahon chempionatining final bosqichiga yoʻllanma oldi. Agar biz ham Osiyo qitʼasi saralash bosqichida qatnashsak, shubhasiz, mundialga chiqamiz. Lekin Osiyo futboli darajasini ortiqcha baholamaslik kerak”, dedi mutaxassis.
Qozogʻiston Yevropa futbol uyushmasi – UEFAga aʼzo boʻlgani sababli Yevropa qitʼasi saralashida ishtirok etadi. Hozirda ular Belgiya, Uels, Shimoliy Makedoniya va Lixtenshteyn kabi jamoalar bilan bir guruhda joylashgan. Saralashning dastlabki ikki turidan soʻng Qozogʻiston 3 ochko toʻplagan va 3-oʻrinni egallab turibdi.
Aliyevning ushbu fikrlari Oʻzbekiston terma jamoasining saralashdagi muvaffaqiyatlari va Markaziy Osiyo futbolining oʻsib borayotgan salohiyati fonida yangramoqda. Shu bilan birga, murabbiy Yevropa saralashining murakkabligini ham inobatga olib, oʻz jamoasining imkoniyatlarini boshqa mintaqa bilan solishtirib baholadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
- Oʻzbekiston tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi — Fotoreportaj
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
- “Air India” fojiasidagi tirik qolgan yagona yoʻlovchi hikoyasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring