Oʻquvchilarga daromad soligʻi va ijtimoiy soliq 1 foiz qilib belgilanadi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev viloyat, tuman hokimlariga yoz mavsumida maktab, texnikum, oliygoh, istirohat bogʻlarida mehnat yarmarkalarini oʻtkazishni topshirdi. Davlat rahbari bu orqali vakant oʻrinlarga kamida 150 ming yoshlarni ishga joylashtirish mumkinligini aytgan.
Yoz oylarida “qurilish otryadlari”ni tashkil etib, 100 ming yoshlarni oylik beradigan ishlarga jalb qilish muhimligi qayd etildi.
Tadbirkorlarning yoshlarni kasbga oʻqitish va ishga joylashtirish borasidagi tashabbuslari bundan buyon ham qoʻllab-quvvatlanishi taʼkidlangan.
Yigʻilishda qayd etilishicha, yangi oʻquv yilidan boshlab maktab, kollej, texnikum oʻquvchilarini kasbga oʻrgatib, ish berayotgan tadbirkorlarning bu xarajatlari soliq bazasidan chegirib tashlanadi. Oʻquvchilarga daromad soligʻi va ijtimoiy soliq 1 foiz qilib belgilanadi.
Bundan keyin ham qizlarning taʼlim olishi, daromad topishi, sharoitlarini yaxshilash borasidagi ishlar davom ettirilishi taʼkidlandi.
Jumladan, ogʻir sharoitga tushib qolgan uy-joyga muhtoj qizlar uchun 1 xonali ijtimoiy uylar quriladi. Ular ishga joylashib, oyoqqa turib olgunga qadar, ushbu uylarda 3-yil davomida bepul yashashi mumkin boʻladi. Hokimlarga ijtimoiy uylarning namunaviy loyihasini qilib, qurilishni boshlash topshirildi.
Sogʻligi tufayli ishga qatnay olmaydigan qizlarning yashab turgan xonadonida masofaviy ish bilan taʼminlash choralari koʻriladi. Bundan tashqari, uch yoshgacha farzandi bor talaba-qizlarga masofaviy taʼlim olish imkoniyati yaratiladi.
Soʻng davlatimiz rahbari yoshlar bilan muloqot qildi. Soʻzga chiqqan yigit-qizlar bir qator taklif va tashabbuslarini ilgari surdi.
Jumladan, mustaqil Oʻzbekiston temir yoʻllari tashkil topganining 30-yilligiga temir yoʻl sohasida xalqaro forum tashkil qilish, Markaziy Osiyo va Turkiy davlatlar yoshlari bilan ekologik masalalarni doimiy muhokama qilish maqsadida Xalqaro kengash tuzish taklif qilindi.
Yurtimizda organik mahsulot yetishtirishni qoʻllab-quvvatlash, “Iqtidorli yosh kadrlar” elektron platformasini ishga tushirish, “Kelajak kasblari loyihasi” doirasida til oʻrganish tartibini takomillashtirish yuzasidan fikrlar bildirildi.
Shuningdek, yoshlar koʻchma “Sheʼriyat teatri”ni tashkil etib, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, oʻzbek mumtoz va zamonaviy adabiyoti asarlarining tarjimalarini xalqaro ommaga yetkazish tashabbuslari ilgari surildi.
Top-100 talikka kirgan universitetlarga kirish tartiblari, grant yutish sirlari, bu oliygohlarda oʻqish uchun qanday strategiya tuzish boʻyicha yoshlarimizni oʻrgatish maqsadida oromgohlar tashkil etish va onlayn-platforma yaratish va boshqa takliflar ham bildirildi.
Prezidentimiz muloqot chogʻida bildirilgan fikr va takliflarni chuqur oʻrganib, amaliyotga joriy etish yuzasidan mutasaddilarga qator topshiriqlar berdi.
Yigʻilish yakunida Prezidentimiz yoshlarga koʻmaklashish, ularga toʻgʻri yoʻl koʻrsatish – eng xayrli ishligini taʼkidladi.
“Har biringiz hayotda munosib oʻrningizni topishingiz uchun, biz bundan keyin ham bor kuch va imkoniyatlarni toʻliq ishga solamiz”, dedi davlatimiz rahbari.
Mutasaddilarga “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da yoshlarning axloqiy, intellektual, ijodiy va jismoniy rivojlanishi uchun har bir loyiha va tashabbus soʻzsiz amalga oshirilishi muhimligi koʻrsatib oʻtildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring