Oqilona boshqaruv va yoshlarga yuksak eʼtibor namunasi

10:40 10 Oktyabr 2025 Jamiyat
98 0

Maʼlumki, sentyabr oyi yakunida davlatimiz rahbari AQSHga tashrif buyurib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi tadbirlarida ishtirok etdi hamda qator xorijiy mamlakatlar yetakchilari, xalqaro tashkilotlar va moliyaviy tuzilmalar rahbarlari bilan muzokaralar oʻtkazdi.

Ahamiyatli jihati, Prezidentimiz BMTning yuksak minbariga soʻzga chiqib, bir qator muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surar ekan, yoshlar masalasiga ham alohida eʼtibor qaratdi. Ayniqsa, “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ni taʼsis etish va uning qarorgohini aynan Oʻzbekistonda joylashtirish taklifi yigʻilganlar hamda dunyo hamjamiyati tomonidan qizgʻin kutib olindi.

Quvonarlisi, mazkur tashabbus xorijiy oʻlkalarning yoshlar tashkilot va idoralari mutasaddilari qalbida keng aks sado berdi.

Ertangi kunimiz, dunyoning taqdiri va farovonligi oʻsib kelayotgan yosh avlod qoʻlida. Yoshlarimizning qalbi va ongiga tinchlik, gumanizm va doʻstlik, oʻzaro ishonch va hurmat kabi olijanob gʻoyalarni singdirish dolzarb vazifamizdir.

Taha AYHAN,

Islom Hamkorligi Yoshlar Forumi prezidenti:

— Navqiron avlod vakillari bilan ishlaydigan katta tashkilotning rahbari sifatida ulkan quvonch bilan aytishim joizki, jahon ahli eʼtibori bir joyga qaratilgan minbardan taklif etilgan, ertasi umidli boʻlgan “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ning tuzilishida ishtirok etish men uchun ulkan sharafdir.

Avvalo ushbu tashabbusni qatʼiyat bilan ilgari surgani uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy minnatdorligimni bildiraman. Ushbu taklif muhim maqsadlarni oʻzida jamlagan, shuningdek, yoshlar faqat dunyoning kelajakdagi tinchligini emas, balki bugungi totuvligining ham himoyachilari ekanining yorqin ifodasidir.

Ishonchimiz komil, mazkur harakat yoshlarning Islom Hamkorlik Tashkiloti (IHT) doirasida madaniy aloqalarini mustahkamlovchi koʻprik va samarali amaliy aloqalar yoʻlida zaruriy platforma oʻlaroq xizmat qiladi.

Biz yelkama-yelka turib uni hayotga tatbiq etishda tayyormiz. Yoshlarning ovozi baralla yangrashi, gʻoyalari siyosiy kun tartibini shakllantirishi va ularning quvvati chinakam taraqqiyotni harakatga keltirishi uchun astoydil kirishamiz. Bizning muvaffaqiyat mezonimiz oddiy, buning uchun qaror qabul qilish jarayonida yoshlarimiz faolroq boʻlishi zarur, pirovardida jahonda mojarolar kamroq, xalqlar oʻrtasida esa birdamlik mustahkam boʻladi.

Yuksak faxr bilan aytamanki, Islom Hamkorligi Yoshlar Forumi “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ni qoʻllab-quvvatlaydi va butun dunyo mamlakatlarini uni birgalikda roʻyobga chiqarishga chorlaydi.

Enes IMINOʻGʻLI,

Turkiya Ryespublikasining Sport va yoshlar masalalari vaziri oʻrinbosari:

— Hozirgi zamon yoshlari faqatgina kelajak bunyodkori emas, balki bugunning ham koʻzgusidir. Ular zulm va adolatsizlik qarshisida sukut saqlamaydi. Falastindagi bosqinchilik, Afrikadagi ekspluatatsiya, Osiyodagi irqiy, diniy kamsitishlarga qarshi chiqqan yoshlar oʻz vijdoni chaqirigʻiga quloq tutmoqda, desak, mubolagʻa emas.

Markaziy Osiyoning yuragida qad rostlagan Toshkent asrlar davomida turkiylar uchun qut-baraka, birodarlik shahri sifatida taraqqiy etib kelmoqda. Bosh kent koʻp yillik tarix davomida adolat, bagʻrikenglik va tinchlik markazi oʻlaroq turli madaniyatlarni birlashtirdi. Ming yillarki, Markaziy Osiyodan Onadoʻligacha choʻzilgan turkiylar doimo yovuzlikka qarshi, osoyishtalik va insonparvarlik tarafdori boʻlib kelgan.

Toshkent bugun ham yoshlarni tinchlik va adolat sari ilhomlantiruvchi makon. Bu ayni kunlarda, dunyoning turli mintaqalarida boʻlib oʻt ayotgan katta tadbirlarda ham oʻz ifodasini topmoqda. Turkiylar butun tarixi davomida faqat jang maydonlarida emas, insoniyat tamaddunida ham peshqadam boʻlgan. Endilikda ushbu boy tarixiy ildiz va XXI asr yoshlari salohiyati uygʻunlashgan holda jahonda yangi bir ovozga aylanadi. Yaʼni, Markaziy Osiyo kengliklaridan bugungi qadar yetib kelgan tinchlik gʻoyasi yoshlarning kuch-qudrati, irodasi va ishonchi orqali butun dunyoga yoyiladi. Axir biz kelajak avlodlarga qoldiradigan eng qimmatli meros urushsiz, adolatli va tinch dunyo boʻlishi darkor.

Shu maʼnoda, muhtaram Shavkat Mirziyoyevning “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ni tuzish va uning qarorgohini Toshkent shahrida joylashtirish tashabbusini toʻliq qoʻllab-quvvatlaymiz.

Saida Amna BATUL,

Pokiston Milliy assambleyasi aʼzosi, mamlakat bosh vazirining Yoshlar dasturi koordinatori:

— Bugun sayyoramizda yoshlar ulushi tarixdagi eng yirik raqamni tashkil etar ekan, ularning ovozi va quvvati tinchlik, bagʻrikenglik hamda barqaror taraqqiyotga asoslangan kelajakni qurishda muhim ahamiyatga egaligini ham urgʻulash lozim. Shu oʻrinda, yurtboshingizning uzoqni oʻylab, dunyo ahli tinchligi va baxtli ertasi yoʻlida bildirgan taklifini qoʻllab-quvvatlash men uchun katta iftixor bagʻishlaydi.

Maʼlumki, Pokiston va Oʻzbekiston mamlakatlari oʻrtasida taʼlim, koʻnikmalarni rivojlantirish, madaniyat, sport, tadbirkorlik sohalarida yoshlar hamkorligi boʻyicha anglashuv memorandumlari imzolandi. Bu bizning yoshlarga oʻqish, innovatsiyalar joriy etish hamda mintaqaviy taraqqiyot yoʻlida birgalikda ishlash imkoniyatlarini yaratishi bilan, ayniqsa, ahamiyatlidir.

Qayd etish joiz, Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan bildirilgan mazkur tashabbus yurtingizning madaniyatlar oʻrtasidagi koʻprik va hamkorlik tarafdori sifatidagi rolini ham aks ettiradi. Men yoshlarimizning ijodiy salohiyati, qatʼiyati va dunyoni umumiy orzu qilingan haqiqatga aylantirishdagi tasavvuriga qatʼiy ishonaman.

Ishonchim komilki, yosh liderlar mavqeyini mustahkamlash va birdamlikni rivojlantirish yoʻlida “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ni tuzish katta insonparvar kuchga aylanadi.

Asqar SHAYKIDINOV,

Qirgʻiziston Yoshlar harakatining Bosh kotibi, yoshlar siyosati boʻyicha milliy ekspert:

— Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida minbarga chiqib, bir qator dolzarb masalalar, qilinishni kerak boʻlgan ishlar borasida atroflicha soʻz yuritdi.

Ayniqsa, davlat rahbarining nutqdagi “Ertangi kunimiz, dunyoning taqdiri va farovonligi oʻsib kelayotgan yosh avlod qoʻlida. Yoshlarimizning qalbi va ongiga tinchlik, gumanizm va doʻstlik, oʻzaro ishonch va hurmat kabi olijanob gʻoyalarni singdirish dolzarb vazifamizdir”, degan soʻzlari barchamiz uchun katta daʼvat, desak, adashmaymiz.

Soʻz isboti bilan deganidek, yurtboshi quruq soʻz bilan chegaralanmadi. Uning “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ni taʼsis etish va qarorgohini Oʻzbekistonda joylashtirish taklifi soʻzimizni dalillaydi.

Bugun dunyo yangi chaqiriqlar bilan yuzlashayotgan bir paytda ayni formatdagi yoshlarning muloqoti oʻzaro tushunishni mustahkamlash, madaniy birdamlik va tinchlik gʻoyalarini targʻib etishda muhim rol oʻynaydi. Albatta, bunday harakat dunyo yoshlari uchun muhim platformaga aylanishi, ularning saʼy-harakatlari, ezgu gʻoyalari va salohiyatini birlashtiruvchi maydonga aylanishiga ishonaman.

Ushbu platforma yangidan yangi gʻoya, chaqiriq hamda loyihalarni muhokama qilish, shuningdek, dunyoda osoyishtalik va doʻstlikni mustahkamlash uchun muhim maydonga aylanishi uchun hissamizni qoʻshishga tayyormiz.

Rahmatjon BOBOJONOV

(“Xalq soʻzi”) yozib oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер