Onalar ona tabiatni asrashda ham oʻrnak

16:45 26 Mart 2025 Jamiyat
284 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Buxoroda Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi tashabbusi bilan “Onalar ona tabiatni asrash jarchisidir” deb nomlangan ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazildi. Bundan koʻzlangan maqsad “Atrof-muhitni asrash va «yashil” iqtisodiyot yili» davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashga qaratildi.

BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO), Buxoro viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda ziyolilar, xalqaro tashkilotlar vakillari, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi qoshidagi “Ayol maʼrifati” jamoatchilik kengashi hamda “Oqila ayollar” harakati aʼzolari, hamkor tashkilotlar masʼullari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimi oʻrinbosarlari, tuman, shahar oila va xotin-qizlar boʻlimlari boshliqlari ishtirok etdi.

“Bir million yashil oila” umummilliy harakati doirasidagi mazkur tadbirning Buxoro tumanidagi “VARNET” majmuasida oʻtkazilgan asosiy qismida viloyat hokimi B. Zaripov soʻz olib, ona tabiatni asrab-avaylash yurtimiz, xususan, vohaning murakkab iqlim sharoitida muhim ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladi.

Anjumanda davlatimiz rahbarining “Har bir xonadon, har bir oila, har bir korxona tabiatni asrashga hissa qoʻshishi kerak!” degan daʼvatidan kelib chiqqan holda qator dolzarb masalalar muhokama qilindi. Fuqarolarda ekologik madaniyatni yuqori pogʻonaga koʻtarish, yashil hududlar barpo etish, suvni tejash, yon-atrofni ozoda saqlash, tabiatni asrashga onalik hissi bilan qarash kabi vazifalar shular jumlasidandir.

Tadbir doirasida olima va ixtirochi xotin-qizlarning ilmiy ishlanmalari, tomorqadan daromad topayotgan ayollarning mahsulotlari koʻrgazmasi, gulchilik, koʻchat koʻpaytirish boʻyicha oʻquv mashgʻulotlari tashkil qilindi.

BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sh. Umarov hamda soha olim va mutaxassislarining chiqishlari asosida taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi tashabbusi bilan 25-martdan 25-aprelga qadar “Yaqin qoʻshnimga, yaqin oʻrtogʻimga 5 tup koʻchat, 5 tup gul va kitoblar sovgʻa qilaman!” deb nomlangan bir oylik loyiha oʻzaro hamkorlikda hayotga tatbiq etiladigan boʻldi.

Tadbirning amaliy qismi Buxoro tumanidagi “Istiqbol” mahallasida 1 gektar maydonda “Oila bogʻi” barpo etish bilan davom etdi. Mahallada tashkil etilgan tomorqa mahsulotlari koʻrgazmasi, sabzavot va gul savdo-yarmarkasi, folklor ansambli chiqishlari, mushoira, kitobxonlik targʻiboti (kitob sovgʻa qilish), “Qizlar sayli”, “Sumalak sayli”, “Asal koʻrgazmasi” kabi tadbirlar ishtirokchilarda iliq taassurot qoldirdi.

— Ona tabiatni asrab-avaylashda xotin-qizlarning alohida oʻrni bor, —deydi anjuman qatnashchisi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi boshligʻi Marhabo Pardayeva. — Deylik, onalarimiz koʻchat oʻtqazish, bogʻ barpo etish orqali farzandlariga oʻrnak boʻladi. Natijada oʻgʻil-qizlar yuragida tabiatga nisbatan mehr-u muhabbat tuygʻulari ildiz otadi. Shu nuqtayi nazardan ham ushbu ilmiy-amaliy anjuman foydali kechdi.

Tadbir doirasida Buxoro shahridagi 5-maktabgacha taʼlim muassasasida “Men ekologik faol boʻlaman” mavzusida maʼrifiy kecha, Buxoro davlat texnika universitetida esa “Yashil tarbiyadan yashil ixtirolargacha, yashil taraqqiyotda ayollarning oʻrni” deb nomlangan ilmiy-amaliy seminar ham boʻlib oʻtdi. Shuningdek, hovlisida issiqxona barpo etib, roʻzgʻorini but, bozorni toʻkin etayotgan oilalar tajribasi oʻrganildi.

Anjumanda Bosh vazir oʻrinbosari – Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Zulayho Mahkamova ishtirok etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?