Onalar xiyonat qilmaydilar

Foto: Illustrativ foto
Bu voqeaga qariyb yarim asr boʻldi. Mahallaga mahalla, elga el, yerga yer qoʻshildi. Shovullab oqayotgan daryodek umrlar, avlodlar oʻtib bormoqda.
Beixtiyor oʻyga tolaman: oʻshanda onani shunday mashaqqatga undagan, togʻdek sabr bergan kuch nima edi?
Bu dunyodagi barcha onalarga xos ruhiy quvvat, mehr edi, albatta. Shundan kelib chiqib, bu momoni haqiqiy oʻzbek onasining timsoli edi, desak hech ham mubolagʻa boʻlmaydi.
Qishloqqa yoʻlim tushib, shu koʻchadan oʻtarkanman, oʻzidan-oʻzi oʻsha tanish hovliga qarayman. Munisa ayol goʻyoki qadoq qoʻllarini manglayiga tiragancha, uyi oldidagi eski xarsangtosh ustida oʻtirgandek tuyuladi. Nazarimda koʻzlari yoshlangan...
Mahalla etagida joylashgan hovuz roʻparasidagi hovlida keksa kampir turmushidan kuygan yolgʻiz oʻgʻli bilan umrguzaronlik qiladi. Yoz boʻyi hovuzda choʻmilishga odatlangan mahalla bolalariga shu shoʻrpeshona kampirning nurab yotgan uyi tomidagi chumchuq bolalaydigan keksa tut daraxti ham ermak boʻladi.
Choʻmilishdan zerikkan bolalar uy tomiga chiqishsa, eski tom belanchakdek tebranadi. Tut qoʻynida chumchuq bolalari bezovta chirqillaydi. Harsillab nafas olganicha shu tomonga yuguradigan kampir yolgʻondan bolalarga poʻpisa qiladi. Buni bilsalarda, shumtakalar ura solib qochish asnosida kampirning kun boʻyi gʻiyqillab ochiladigan koʻcha eshigi oldidagi xarsangtoshda oʻtiradigan ellik yoshli oʻgʻlini toshboʻron qilib qochishadi.
Bolalarning ortidan yugurgan kampir nafasi qaytib, yerga oʻtirib oladi. Ularning ortidan moʻltirab qaraganicha, gʻudranib yigʻlayotgan oʻgʻlining bosh-koʻzini silaydi, entikib-entikib yigʻlaydi.
Kampirning oʻgʻli uylanganidan soʻng hech qancha vaqt oʻtmay, suluvgina kelinchak boshqa bir erkak bilan qochib ketgach, qishloqning old yigiti boʻlgan yangi kuyov bola bir kechada telbaga aylandi. Bir kechada sochlari oppoq boʻlib oqarib ketdi... Yostiqdoshi urushdan qaytmay, bir oʻgʻli bilan beva qolgan maʼsuma ayol qolgan umrini shu oʻgʻliga bagʻishladi.
Tili gʻudranib, gapira olmay qolgan oʻgʻlini yuvib-taraydi, goʻdakdek begʻubor baxtsizining boshida tunlari gʻamgin qoʻshiqlar aytadi, erta tongda suyuklisini erkalab uygʻotgach, ona-bola moʻjazgina supachada nonushta qilishadi.
Mahalla-koʻy baraka topsin. Onaxonni yolgʻizlatib qoʻyishmaydi. Kimdir ikkita issiq non, bir kosa obiyovgʻon, shirinlik degandek, ona-bolaning kunlik rizqiga yetadiganini chiqarib turishadi.
Bola bola ekanda. Deyarli har kuni kechki ovqat ustida ota-onalaridan dakki eshitadigan jujuqlar ertasiga yana oʻz bilganlaridan qolishmaydi. Hovuzda choʻmilish, chumchuq bolasi, keksa kampirning yolgʻon poʻpisa bilan orqalaridan yugurishi... ularning koʻngil mayliga aylanib qolgandek edi.
— Shoʻrlik kampirning bolasiga koʻzi qiymaydi! — har oqshomda qoʻni-qoʻshnilar suhbati oʻz-oʻzidan ona-bola mavzusiga taqalaveradi. — Kampirshoning joni temirdan chogʻi, sochlari oqarib qoraydi, tishlari yangitdan chiqdi...
Baʼzan yosh-yalanglar mahalla oqsoqollaridan beva kampirning yoshini soʻra qolishadi.
— Bu onaxon asrni qaritgan,-javob ham gʻaribgina oilaning ruhiyati kabi vazmin, mujmal boʻladi.
Koʻrimsizgina kulba tomini odatdagidek birinchi boʻlib lolaqizgʻaldoqlar qoplagan erta koʻklam tongida bir umr azob-uqubatlar girdobida yashagan ona “voy bolamlab...” yigʻi chiqardi. Oradan bir hafta oʻtib esa, munisa ona ham omonatini topshirdi. Mahalladoshlar yetti kun ichida bir hovlidan ikkinchi tobutni yelkaladilar.
Keksa kampir va uning baxtiqaro oʻgʻli bu tiriklik dunyosida anchadan buyon yoʻq.
Ammo mahalladoshlar ularning hovlisini, daraxtlarini avaylab-asrashdi, parvarishlashdi. Shu bois endilikda bu goʻshada boshqa bir oila umrguzaronlik qilayotgan boʻlsa ham, ushbu hovlini “ona-bolaning uyi” deb ataydilar.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Tuman va shahar hokimi oʻrinbosarlari soni qisqartiriladi
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring