Ommaviy qabul: aholining tibbiyot sohasidagi murojaatlari hal etildi

Davlatimiz rahbarining topshirigʻiga binoan Xalq qabulxonalari poytaxtimizda sogʻliqni saqlash va ijtimoiy himoya yoʻnalishlari boʻyicha ommaviy qabul tashkil etdi.
Mutasaddi vazirlik va idoralar, yigirmaga yaqin tibbiyot, dalolash-reabilitatsiya markazlari, tibbiyot birlashmalari bilan aholisi oʻrtasida kechgan ochiq muloqotlar natijasida fuqarolarni oʻylantirib kelayotgan koʻplab masalalarga yechim topishga erishildi.
Qibraylik Rahimbergan Masharipov 2-guruh nogironi, boz ustiga, katarakta kasalligi bilan xastalangan. Ammo jarrohlik amaliyoti uchun qoʻli kaltalik qilayotgan ekan. Sogʻliqni saqlash vazirligi mutasaddilari bilan suhbat asnosida masala atroflicha koʻrib chiqilib, otaxonda bepul yoʻllanma asosida Respublika koʻz kasalliklar mikroxirurgiyasi shifoxonasida jarrohlik amaliyoti oʻtkaziladigan boʻldi.
Yashnobodlik Dilbar Begmatova farzandlarini yolgʻiz oʻzi katta qilmoqda. Ustiga-ustak 4 yoshli oʻgʻliga tugʻma miopatiya tashxisi qoʻyilgan, jarrohlik amaliyotini oʻtkazish zarur. Tashkil etilgan jonli muloqot uni qiynab kelayotgan masala yechimida yaxshi imkoniyat boʻldi. Murojaati sinchiklab oʻrganilgach, uning oʻgʻlida bepul jarrohlik amaliyoti oʻtkazilishi, dori-darmonlari uchun homiylik hisobidan qoʻshimcha 8 million soʻm ajratilishi belgilab olindi.
Poytaxtimizning Yashnobod tumanida yashovchi Gulnoza Jalolova bir oʻzi 3 nafar farzandni voyaga yetkazmoqda. Sogʻligʻi yoʻl qoʻymagani tufayli hozir ishsiz boʻlib, roʻzgʻor tebratishda qiynalib qolgan. Shu bois Toshkent pediatriya tibbiyot institutida tahsil olayotgan qizi uchun nafaqa ajratishda yordam soʻrab moliya vazirligi huzuridagi byujetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi masʼullariga murojaat qildi. Gulnoza Jalolovaning mazukr murojaati amaldagi qonunchilik talablariga toʻla mos kelganligi sababli mutasaddilar tez kunlarda uni hal qilib beradigan boʻldi.
48 yil oʻqituvchilik qilgan Shahribonu Hayitova taqdir ekan nogironlik aravachasiga mixlanib qolgan. Vaqt oʻtib aravacha nosoz holga kelib qolgan, yangisiga ehtiyoj tugʻilgan. Masʼullar bilan muloqot yakuni boʻyicha faxriy pedagogga zamonaviy elektr yuritmali aravacha topshirildi. Umuman, ommaviy qabul jarayonida tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tomonidan 10 dan ortiq ehtiyojmand fuqarolarga ana shunday aravachalar topshirildi.
Eʼtiborli jihati, ommaviy qabul jarayonida ayon boʻlgan maʼlumotlar asosida respublika tibbiyot markazlarining yuqori malakali mutaxassislari bevosita xonadonlarga borib, bemorlarni chuqurlashtirilgan tekshiruvlardan oʻtkazdi.
Yunusobod tumanining Zarbuloq mahallasida yashovchi Maxsuma va Abdurahmon Toʻlaganovlar yurtimizda inson omiliga berilayotgan eʼtibordan mamnun. Onaxon bundan avval toʻrtinchi darajali boʻksa artrozi tashxisi bilan Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ajarrohlik amaliyoti oʻtkazish orqali bepul davolangan boʻlsa, uning turmush oʻrtogʻi koʻp yillar qandli diabet bilan ogʻrigan. Onaxon shifokorlar eʼtibori, malakali tibbiy muolajalar tufayli qisqa vaqtda oyoqqa turib, oʻzi harakatlanayotgani haqida aytadi. Bu galgi koʻzdan kechiruv yakunida shifokorlar otaxonga nogironlik belgilanishi hamda tez orada oyoqqa protez oʻrnatilishini bayon qilishdi.
Sirojiddin Mirzayev Yunusobod tumanidagi Xalq qabulxonasiga murojaatidan keyin otaxonda koʻz kasalligini davolash boʻyicha jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi, qoʻshimcha muolajalar olib borilmoqda. Bu gal shifokorlar tuzalish jarayoni qanday ketayotganini tekshirib, kerakli maslahat va yoʻl-yoʻriqlarni berdi.
Mirzo Ulugʻbek tumanida yashovchi Umid Eshimov navqiron yoshida taqdirning ogʻir zarbasiga uchraydi. Naqd 18 yoshida baxtsiz hodisa tufayli nogironlik aravasiga mixlanib qoladi. Mana shundan beri 30 yildan oshiq vaqt oʻtibdiki, shifokorlar nazoratida. Aslida bir ogʻiz shirin soʻz, ozgina eʼtibor Umid aka singari insonlar hayot sifatini yaxshilashda dori-darmondan kam ahamiyat kasb etmasligini shifokorlar yaxshi biladi. Shu bois ham qabul doirasida uning xonadonida ham boʻlib, Umid Eshimov nazoratdan oʻtkazib, unga reabilitatsiya markazida davolanishi uchun yoʻllanma va zamonaviy aravacha ajratiladigan boʻldi.
Poytaxtimizning “Turon” mahallasida yashovchi Ollomurod Isaqulov va Nasiba Isaqulovalar qandli diabet bilan ogʻrib keladi. Tibbiyot xodimlari ularning xonadonida ham boʻlib, koʻrikdan oʻtkazishdi. Endokrinologiya markazida davolanishlarini aytishdi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tibbiyot oliy oʻquv yurtlari bitiruvchi kurslar talabalari darsdan boʻsh vaqtida ishlashi uchun keng imkoniyat yaratib berilgani koʻpchilikka yaxshi maʼlum. Shundan kelib chiqib, ommaviy qabul jarayonida mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Toshkent shahridagi tuman tibbiyot birlashmalari 470 ta boʻsh ish oʻrinlarini taklif etdi. Yarmarkada 48 nafar fuqaro ishga qabul qilindi.
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti magistraturasining 3-kursida taʼlim olayotgan Surayyo Mehmonova oʻqish bilan birga ishlash istagi borligini ham maʼlum qilib, maʼsullarga murojaat qildi. Murojaati koʻrib chiqilib, Mirzo Ulugʻbek tumani tibbiyot birlashmasiga ishga joylashtirish uchun mehnat shartnomasi tuzildi.
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti kelgusi yilda tamomlaydigan 223 nafar bakalavriat, 29 nafar magistratura talabalari, 44 nafar ordinatura talabalari bilan toʻrt tamonlama shartnomalar rasmiylashtirildi. Shuni hisobidan Toshkent shahridagi muassasalarda mavjud boʻlgan 344 ta vakant oʻrinlar toʻldirilishi reja qilib olindi.
Ommaviy muloqotlar davomida aholi uchun sayyor tibbiy koʻriklar ham tashkil etilib, mutaxassislar tomonidan besh yuzga yaqin fuqaro tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Aniqlangan kasalliklar boʻyicha tegishli tavsiyalar berildi. Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boʻlimlari xodimlari ham yolgʻiz qariyalar holidan xabar olib, zarur tibbiy tekshiruvlar oʻtkazilishini tashkil qildi.
Umuman olganda, ommaviy qabulda 328 nafar fuqarodan sogʻliqni saqlash, pensiya, bandlik kabi masalalar boʻyicha 331 ta murojaat kelib tushdi. Murojaatlarning 157 tasi joyida hal etilgan boʻlsa, 41 tasi boʻyicha huquqiy axborot va maslahat, 17 tasi boʻyicha tushuntirish berildi, 116 ta murojaatni oʻrganish uchun qoʻshimcha vaqt talab etilgani sababli nazoratga olindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring