“Ombudsman maktabi” loyihasiga start berildi

01:30 01 Iyun 2022 Jamiyat
1477 0

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) tomonidan “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida Buxoro viloyatining Vobkent tumanida fuqarolar uchun tadbir tashkil etildi.

Qayd etish lozimki, Ombudsmanga yuborilayotgan fuqarolar murojaatlari tahlili aholining mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, ayollar, yoshlar, keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslarga belgilangan huquq va imtiyozlardan bexabar ekanliklarini koʻrsatdi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Ombudsman instituti tomonidan murojaatlar hududlar kesimida tahlil qilindi va aholining huquqiy xabardorligini oshirishga zarurat boʻlgan sohalar tanlab olindi.

“Ombudsman maktabi” loyihasini amalga oshirishdan maqsad –aholini mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi tub oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi xabardorligini oshirishdan iborat.

Aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan ilk tadbir sogʻliqni saqlash sohasiga bagʻishlandi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Elmira Basitxanova fuqarolarga sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilgan islohotlar, aholiga yaratilgan qulayliklar va imtiyozlar, fuqarolarning kafolatlangan tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi hamda sohada qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmuni haqida maʼlumot berdi.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilari Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Nodira Egamberdiyevaning “Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirishda gender tenglik va oila masalalarining ahamiyati: yaratilayotgan sharoitlar, imkoniyatlar va imtiyozlar” mavzusidagi chiqishi orqali foydali maʼlumotlarga ega boʻlishdi.

Shundan soʻng, Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili Abira Xuseynova fuqarolarga murojaatlar bilan ishlash va yopiq muassasalarga amalga oshirayotgan monitoring tashriflari haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, Ombudsman mintaqaviy vakiliga murojaat qilish usullariga ham toʻxtaldi.

Oʻzaro savol javob va erkin muloqot ruhida oʻtgan tadbirda navbatdagi Ombudsman maktablarida koʻtarilishi zarur boʻlgan sohalar boʻyicha ham takliflar olindi.

Shu kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) va uning Buxorodagi mintaqaviy vakili ishtirokida fuqarolar qabuli ham tashkil etildi.

Tadbirda soʻz olgan mahalla raislari ham inson huquqlarini taʼminlashda aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarning muhimligiga eʼtibor qaratdi. Shuningdek, bu kabi tadbirlarni oʻtkazishda Ombudsman instituti bilan hamkorlikda ishlashga tayyor ekanligini bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер