“Oltin qalam” tanlovi nizomiga oʻzgartirishlar kiritildi
Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi “Oltin qalam” XV Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov tashkiliy qoʻmita va ishchi guruhlari, Uyushma boshqaruvi, uning huzuridagi kengashlar aʼzolari, tajribali ustoz va faol hamda internet jurnalistlari, shuningdek, jurnalist kadrlar yetishtiruvchi oliy taʼlim muassasalarining sohaga aloqador yetakchi xodim hamda tadqiqotchilarining taklif va tavsiyalari asosida “Oltin qalam” tanlovi nizomiga tegishli oʻzgartirishlar kiritilganini maʼlum qildi.
Unga koʻra, tanlovga taqdim etiladigan ijodiy ishlarni baholashda endilikda, tanlov hayʼati xulosasidan tashqari, Uyushmaning Journalist.uz veb-saytida ochilgan “Oltin qalam – 2021” boʻlimiga joylashtiriladigan materiallarga mamlakatimizda roʻyxatdan oʻtgan barcha ommaviy axborot vositalari, axborot xizmatlari hamda soha uchun kadrlar tayyorlovchi oliy oʻquv yurtlari jamoalari tomonidan besh balli tizim boʻyicha (ixtiyoriylik asosida) beriladigan baholarga ham tayaniladi. Boshqacha aytganda, ularning bahosi tanlov hayʼati tomonidan inobatga olinadi va shu asosda eng yuqori ball olgan gʻolib va sovrindorlar aniqlanadi.
“Oltin qalam” Milliy mukofoti tashkiliy qoʻmitasi xabariga koʻra, “Journalist.uz” veb-sayti orqali materiallarni baholash quyidagicha amalga oshiriladi.
«Maʼlumki, siz uyushma veb-sayti, telegram kanali, “Facebook” kabi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga “Oltin qalam – 2021” tanloviga rukni ostida joylashtirib boriladigan materiallarni batafsil oʻqib chiqish, eshitish va tomosha qilish chorasini koʻrishingiz bilan avtomatik ravishda uyushmaning Journalist.uz saytiga kiriladi. Saytga joylashtirilgan material bilan tanishib boʻlishingiz bilan “Baholang” soʻziga koʻzingiz tushadi. Ushbu soʻz ostida doira shakli ichiga yozilgan 1, 2, 3, 4, 5 raqamlari paydo boʻladi. Jamoadoshlaringiz bilan kelishgan holda istagan, masalan, 3, 4 yoki 5 raqami ustiga tugmani bosasiz. Keyin “OAV nomi va parolini kiriting!” degan yozuv chiqadi. Bu yerga siz oʻzingiz faoliyat olib borayotgan OAV nomini (Bu jarayonda OʻZMTRK, OʻzEOAVMA tarkibidagi va boshqa davlat va nodavlat (har bir, misol uchun, “Madaniyat va maʼrifat” telekanali) tele va radio kanallar, axborot xizmatlari, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti (har bir fakulteti alohida) hamda soha uchun mutaxassislar tayyorlovchi yurtimizdagi mahalliy va xorijiy oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari oʻz jamoasi nomidan materiallarni baholash huquqiga ega boʻladi) hamda ixtiyoriylik asosida OAV jamoasi va masʼullari bilan maslahatlashib tanlangan toʻrtta raqamdan iborat parolni kiritasiz. Soʻng “Yuborish” degan yozuv paydo boʻladi. Uni bosasiz. Keyin esa “Fikringiz uchun rahmat!” yozuvi chiqadi. Mazkur matn siz baholash jarayonini amalga oshirganingizni anglatadi. Ammo uning qabul qilinishi taʼminlanishi uchun ushbu tartibga qatʼiy amal qilish talab etiladi.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, OAVning parollari uyushma masʼul xodimi Zafar Nazarov (Ish telefoni (71) 244-62-93, qoʻl telefoni va telegram raqami (90) 045-54-88) tomonidan roʻyxatga olinadi. Misol uchun, Journalist.uz ga joylashtirilgan ilk materiallardan birini baholagan “Ishonch” gazetasining paroli “7777”. “Ishonch” jamoasi baholagan har bir materialga shu parol kiritilishi shart boʻladi. Ushbu parolning bitta raqami oʻzgarsa ham baho qabul qilinmaydi.
Eslatib oʻtamiz, “Oltin qalam –2021” tanloviga ijodiy ishlarni qabul qilish boʻyicha ishtirokchilarga imkoniyat yaratish maqsadida uyushmada haftaning shanba kunlari ham ertalab soat 09:00 dan kechki 18:00 gacha navbatchilik, materiallarni qabul qilish yoʻlga qoʻyilgan. Bogʻlanish uchun telefon (71) 244-37-87», deyiladi xabarda.
Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi barcha OAV rahbariyat va ijodiy xodimlarini “Oltin qalam – 2021” tanloviga taqdim etilgan materiallarni baholash jarayonida faol ishtirok etishga chaqiradi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Masharipov va Ashurmatov toʻp surayotgan jamoa bosh murabbiyi isteʼfoga chiqarildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring