Olis hududlarga borib shifokorlik qilish qahramonlikdir

09:55 09 Noyabr 2020 Jamiyat
1283 0

Butun dunyoda davom etayotgan pandemiya tibbiyot tizimini tubdan qayta koʻrib chiqish zaruratini yuzaga keltirdi. Chunki sifatli tibbiy xizmatga ehtiyoj ortdi, ushbu sohada boʻgʻinlararo hamkorlikni izchil yoʻlga qoʻyish zarurati kuchaydi.

Joriy yilning 6-noyabr kuni Prezidentimiz boshchiligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida keltirilgan tahliliy raqamlar, tanqidiy fikr-mulohazalar, eng muhimi, belgilab berilgan aniq va qatʼiy vazifalar mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimini zamon talablari darajasiga olib chiqishga xizmat qiladi.

Bir narsani alohida taʼkidlash kerakki, har bir sohani isloh qilish, tubdan oʻzgartirish borasidagi islohotlar shoshmasdan, puxta rejalashtirib, amaliy tajriba asosida amalga oshirilayotgani davlatimiz rahbarining strategik yondashuvi keng qamrovli ekanini isbotlamoqda.

Sogʻliqni saqlash tizimiga yangi mexanizmlarni joriy etishda ham “tajriba”, “sinov” masalalariga jiddiy eʼtibor qaratilishi zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Xususan, Sirdaryo viloyati misolida tibbiyotning har bir boʻgʻini vazifalarini aniq-aniq belgilash, ular boʻyicha davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketlarini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Kafolatlangan paketlar doirasida aholini bepul tibbiy xizmat bilan taʼminlash uchun “qishloq vrachlik punkti – poliklinika – markaziy koʻp tarmoqli poliklinika – shifoxona” ketma-ketligida yoʻnaltirish tartibi joriy qilinishi belgilandi.

Albatta, har qanday yangilik iqtisodiy asoslari barqaror boʻlgandagina odamlarga foyda bera oladi. Shuning uchun kafolatlangan tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketlarini moliyalashtirish maqsadida davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etish, alohida Jamgʻarma tashkil qilish vazifasi qayd etildi.

Bu vazifani toʻgʻri amalga oshirish, davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etishda barcha masalalarni ikir-chikirgacha nazarda tutish va albatta aholi, ayniqsa, bemorli oilalar qiyinchiliklarga duchor boʻlmasligini hisobga olish zarur.

Kafolatlangan paketlarda qishloq vrachlik punkti va oilaviy poliklinikalar qaysi tibbiy xizmatlarni koʻrsatadi, markaziy poliklinika va shifoxonalar qaysi turdagi kasalliklarni davolashga masʼul ekani aniq belgilanishi zarurligi taʼkidlandi.

Mana shu masala ham mamlakatimizda juda muhim ahamiyatga ega, deb oʻylayman. Sababi, aholining katta qismi qanday shikoyatlar boʻyicha qaysi tibbiy muassasadan yordam, maslahat olish mumkinligini toʻliq bilmaydi. Bu esa koʻplab ovoragarchilik va sarsongarchiliklarga ham sabab boʻladi. Tibbiy yordamga ehtiyoj sezgan odam birinchi murojaat etgan muassasasidan yordam yoki savoliga aniq javob olmasa, u butun tizimdan norozi boʻlishni boshlaydi.

Qaysi muassasa qanday tibbiy xizmatlar koʻrsatishi haqidagi hamda boshqa zarur maʼlumotlar ochiq va shaffof boʻlishi, raqamlashtirish orqali inson omili istisno etilishi tezkorlik oshishi, ayni vaqtda, tushunmovchilik va norozichiliklar kamayishida prinsipial masala, deb oʻylayman.

Yigʻilishda yil yakuniga qadar xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda, “Guliston tibbiyot klasteri”ning loyihasini ishlab chiqib, ishni boshlash vazifasi yuklatildi. Guliston shahridagi oʻnga yaqin tibbiyot muassasasini Sirdaryo viloyat koʻp tarmoqli shifoxonasiga yagona boshqaruv asosida birlashtirib, “tibbiyot klasteri”ga aylantirish uchun barcha zaruriy infratuzilma mavjudligi koʻrsatib oʻtildi. Bu tajriba tibbiyot muassasalari oʻrtasida oʻzaro bogʻlikni kuchaytirishga xizmat qiladi. Natijada ish jarayonida yuzaga keladigan muammoli masalalarni qisqa fursatda va samarali hal etish imkoniyati oshadi.

Prezidentimiz birlamchi boʻgʻin tibbiyot xodimlarini ragʻbatlantirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Bu ushbu tizimda adolatni taʼminlashda, qiyin sharoitlarda koʻp aholiga xizmat koʻrsatadigan xodimlar mehnatiga munosib hurmat koʻrsatilishini anglatadi. Shuningdek, shifokorlarga munosib sharoitlar yaratish orqali ularni eng quyi boʻgʻin – qishloq vrachlik punkti va oilaviy poliklinikalarga jalb qilish yuzasidan “Qishloq shifokori” dasturini joriy etish topshirigʻi berildi. Unga muvofiq olis va chekka hududlardagi birlamchi boʻgʻin tizimiga ishga qabul qilingan tibbiyot xodimlariga 30 million soʻm miqdorida bir martalik pul mablagʻi beriladi, xizmat uy-joyi bilan taʼminlanadi yoki ijara toʻlovi kompensatsiya qilinadi.

Bunday tajriba dunyoning koʻplab davlatlarida keng qoʻllanilgan, keng samara bergan. Faqat buning uchun moddiy ragʻbat bilan birga, yoshlar oʻrtasida, jamiyat miqyosida targʻibot-tushuntirish ishlarini kuchaytirish kerak. Yosh kadrlarda maʼnaviy ragʻbat uygʻotib, olis va chekka hududlarga borib elga xizmat qilish jasorat, qahramonlik ekanini tushuntira olsak, dastur xalqimizga foyda beradi, bemorlar malakali yordam oladi, hududlarda tibbiy xabardorlik oʻsadi, turmush tarzi yuksaladi, deb oʻylayman.

Sherbek BOʻRONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari
qoʻmitasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер