Oʻlim lageridan omon qolgan asir

OʻLIM LAGERIDAN OMON QOLGAN ASIR
Hasrat bilan ochiq ketadi koʻzlar,
Oʻzga yurtda, tutqunlikda bersam jon.
Yoʻq, oʻlmayman! Dilda soʻngsiz orzular,
Bagʻringga qaytaman, Vatan – onajon.
Bu satrlar 1943-yil Berlin shahri shimolidagi “Vustrau“ nomli mahbuslar lagerida yozilgan. Sheʼr muallifi Habib Fayzullayev 1919-yilda Qarshi shahrida tugʻilgan. U endigina 4 yoshga toʻlganida otasi vafot etdi. Oʻttiz toʻrt yoshida beva qolgan mushtipar onasi tinim bilmay ishlab, toʻrt oʻgʻilni yolgʻiz oʻzi voyaga yetkazdi. Oʻgʻillarning kichigi Habib Fayzullayev – 1939-yilda harbiy xizmatga chaqirildi. Xizmatni yakunlab, uyga qaytish hayoli bilan yashayotgan kunlarining birida urush boshlanib qoldi. Minglab safdoshlari qatorida u ham birinchilardan boʻlib jangga kirdi.
Dahshatli janglarning birida oʻng oyogʻidan ogʻir yaralangan Habib Fayzullayev qurshovda qolib, fashistlar qoʻliga asir tushdi. Uni dastlab Ukrainaning Lvov shahridagi ismi jismiga mos “Oʻlim” deb ataluvchi lagerga keltirishdi. Keyinchalik Habib Fayzullayevning oʻz xotira bitiklarida yozishicha, u kelgan vaqtda lagerda 40 ming kishi boʻlgan. 36 ming kishi bu yerdagi dahshatli ochlik va azoblardan vafot etishgan. Qolgan 4 mingga yaqin asir Germaniyadagi “Vustrau“ lageriga koʻchirilgan.
Ushbu lagerda mashhur tatar shoiri Musa Jalil ham bor edi. Habib Fayzullayev tutqunlikning ilk kunlaridanoq u bilan qalin doʻstlashadi. Hatto u Habib Fayzullayevni inim deb chaqiradi. Havaskorlik bilan yozgan sheʼriy mashqlariga ustozlik qiladi. Habib Fayzullayev bu sheʼrni 1943-yil fevralida yozgan. U Musa Jalilga ham maʼqul tushgan edi:
Kulma, ey gʻanim,
Choʻzilmas uzoq
Sen boshimga solgan gʻam, kulfat.
Xaqiqat egilar, sinmaydi biroq,
Zulmatdan soʻng ziyo keladi, albat.
1943-yil fevralda Musa Jalilni konslagerdan olib ketishgach, Habib Fayzullayev yagona doʻsti va sirdoshi qogʻoz, qalamga suyanadi. Koʻpchilik mahbuslar lagerdagi ochlik va qiynoqlarga chiday olmay vafot etishdi. Nihoyat AQSH qurolli kuchlari omon qolgan mahbuslarni ozod qilishdi. Ammo bu ozodlikning badali yanada ogʻir boʻldi. 1945-yilning may oyida amerikaliklar Frankfurt shahrida tashkil etilgan punktda ularni saralab Smersh (smert shpionam) deb atalgan maxsus boʻlim xodimlariga topshirishdi. Smershchilar toʻrt mingdan oshiq mahbusni toʻplab qizil vagonlarga joylashtirishdi. Eshelonlar qariyb bir oy yoʻl yurib, Komi Respublikasining olis posyolkalaridan biriga yetib kelishdi. Yana tergov, asossiz tuhmat va qiynoqlar boshlandi.
Tergovchilar Habib Fayzullayevdan biror jinoyat alomatini topa olmadilar. Shunga qaramay, uch yillik tergovdan soʻng, yaʼni 1948-yilning 17-iyulida harbiy tribunal uni 25-yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqardi. Shundan keyin uch oy umumiy turmada saqlashdi. Soʻngra Inta shahridagi maxsus ogʻir rejimli lagerga yuborishdi. U yerda Habib Fayzullayevga oʻxshash 5 mingga yaqin mahbus bor edi.
Mahbuslarni 250 metr chuqurlikdagi koʻmir konida ishlatishdi. Mahbuslar uchun bu kunlar Vustraudagi fashistlar lageridagi azoblarning davomi edi. Habib Fayzullayevga oʻz yurtiga qaytish, jigarlari, onajonisi bilan diydorlashish umidi qiyinchiliklarni yengishga quvvat berdi. Koʻp oʻtmay koʻmir sifatini tekshiruv idorasiga smena boshligʻi etib tayinlandi. Bu vazifa ilgarigi ishlaridan ancha yengil edi, hattoki kitob, gazeta oʻqishga ham vaqti boʻlar, ammo bu lavozimga kon ishchilariga qaraganda kamroq pul toʻlanardi.
Habib Fayzullayev shu yerdan boʻlsa-da onasiga yordam berishni, biroz pul toʻplab yuborishni oʻylardi. Shu bois ertasi kuni kon boshligʻi oldiga borib, uni yerosti brigadasiga oʻtkazishini soʻradi. Kon boshligʻi uni bajonidil ishga qabul qiladi. Chunki 259 metr yer ostiga tushib ishlashga hech kim koʻngilli ravishda rozilik bildirmas edi. Balandligi atigi bir yarim metrlik shaxta. Hamma vaqt engashib ishlash kerak. Bel ogʻrigʻi va oʻpka nafasga toʻymasligi azob beradi. Nihoyat uch yarim oyda ishlab topgan uch ming soʻmga yaqin pulini mehribon onasiga yuboradi. Ming afsuski, Habib ogʻir mashaqqatlar bilan topgan pul yetib kelganida onaizorning azasi boʻlayotgan edi. Taqdirning beshafqat hukmi Habibni dogʻda qoldirdi. Koʻplab murojaatlari, 14-yillik ayriliq, azobu uqubatlardan soʻng 1955-yilning 30-iyunida Habib Fayzullayev uyga qaytdi. Ammo endi oʻzi yillar davomida mehriga intilgani, talpingani – onajoni yoʻq edi.
Habib Fayzullayev onasi kelin qilishni orzu qilgan qizga uylandi. Oʻzining bor kuch va shijoatini ishga bagʻishladi. Dastlab “Muborakgaz ishlab chiqarish” boshqarmasi ishchilar taʼminoti boʻlimi boshligʻi, soʻng Qarshi shahridagi yirik savdo markazlaridan birining direktori boʻlib faoliyat yuritdi. Koʻp yillar Qarshi shahridagi “Chaqar” mahallasi oqsoqoli boʻlib ishladi. Turmush oʻrtogʻi Muyassarxon aya bilan 9 nafar qizni tarbiyalab voyaga yetkazdi. Habib Fayzullayev 2007-yilda, 88 yoshida hayotdan koʻz yumdi.
Dilnavoz RAHMATOVA,
Falsafa fanlari boʻyicha falsafa doktori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Tuman va shahar hokimi oʻrinbosarlari soni qisqartiriladi
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring