Oliy harbiy ta’lim muassasalarida navbatdagi bitiruv marosimlari bo‘lib o‘tdi
Mudofaa vazirligi tasarrufidagi oliy harbiy taʼlim muassasalarida ofitser boʻlishni maqsad qilib, belgilangan muddat davomida tanlagan sohalari boʻyicha taʼlim-tarbiya olgan oʻgʻlonlarning navbatdagi bitiruv tantanalari boʻlib oʻtdi.
Mamlakatimizdagi eng nufuzli va tayanch oliy harbiy taʼlim muassasa sanalgan Qurolli Kuchlar akademiyasida oʻtkazilgan bitiruv tadbirida O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov ishtirok etib, yosh ofitserlarni samimiy qutlab, ularga taʼlim-tarbiya bergan ustoz-murabbiylar va ota-onalarning mehnatini eʼtirof etdi. Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ham bitiruvchilarga oʻzlarining samimiy tilaklarini bildirdilar.

Shuningdek, ota-onalar, yozuvchi va shoirlar hamda Qurolli Kuchlar faxriylari bitiruvchilarni qutlab, ularning kelgusi xizmat faoliyatlarida va shaxsiy hayotlarida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi. Bitiruv marosimi turli sahna chiqishlari va konsert dasturlari bilan davom etdi.
Mamlakatimizdagi yana bir nufuzli va tayanch oliy harbiy taʼlim muassasalaridan biri sanalgan Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida oʻtkazilgan bitiruv tadbirlari yuqori saviyada tashkil qilindi.

Bilim yurti bitiruvchilariga diplom va koʻkrak nishonlarini Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Shuhrat Xalmuxamedov, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzolari, Qurolli kuchlar faxriylari hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlaridan kelgan mehmonlar birgalikda tantanali topshirdilar.
Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasida ham yosh ofitserlarning navbatdagi bitiruviga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Marosimda so‘zga chiqqanlar yosh ofitserlarga yangi-yangi dovonlarni zabt etishlarida tolmas kuch-quvvat tilashdi. Leytenantlar ham zimmalaridagi ulkan masʼuliyatni his qilgan holda o‘zlariga bildirilgan yuksak ishonchni kelgusidagi munosib faoliyati bilan oqlashga vaʼda berdilar.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida o‘tkazilgan bitiruv marosimida belgilangan muddat davomida tanlagan sohalari boʻyicha taʼlim-tarbiya olgan kursantlar ham qo‘llariga diplom va koʻkrak nishonlarni olar ekan, muassasada yaratilgan shart-sharoitlar, berilgan bilim, tajriba va koʻnikmalar uchun minnatdorchilik bildirdi.

Aloqa harbiy instituti bitiruvchilariga diplom va koʻkrak nishonlarini mudofaa vaziri o‘rinbosari polkovnik Qodirjon Tursunov davlat va jamoat tashkilotlari vakillari bilan birgalikda tantanali topshirdi.
Mudofaa vazirligi tasarrufidagi barcha oliy harbiy ta’lim muassasalarida kursantlarning bitiruv marosimlari yuqori saviyada o‘tkazildi. Joylardagi bayramona tadbirlarda yosh leytenantlar tantanali marsh bilan saflarga kuzatildi.







Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- ICCI 2026: Yangi Oʻzbekistonning qurilish salohiyati – gʻoyalardan keng koʻlamli yechimlargacha
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring