Ohu+arava=teatr. Sharof Boshbekov bilan suhbat

11:25 13 Yanvar 2020 Madaniyat
3044 0

Dramaturg Sharof Boshbekov bilan suhbat

– Teatr – ibratxona. Ana shu adabxona oʻzining vazifasini qay darajada uddalayapti?

–Olamda teatr degan moʻjiza paydo boʻlgandan beri uning tomosha koʻrsatishdek yakkayu yagona vazifasi boʻlgan. Shuning uchun zalda oʻtirgan odamlarni tomoshabin deymiz. Tomoshabin teatrga mavzu yoki problema emas, tomosha koʻrgani keladi. Afsuski, biz teatrning ana shu azaliy va tabiiy vazifasini bir chetga surib, unga juda koʻp boshqa vazifalar yukladik. Bir tasavvur qiling: xushmanzara goʻshada nihoyatda goʻzal bir ohu yuribdi. Tabiat unga inson koʻzini quvontirishdek ezgu vazifa yuklagan. Biz uni bunday vazifadan ozod etib, boshqa vazifa yukladik, yaʼni… aravaga qoʻshdik! Oqibatda goʻzallik nobud boʻldi, aravadagi yuk ham joyida qolaverdi… Ayanchli hol, toʻgʻrimi? OHU+ARAVA=TEATR.

– Keling, “Aravadagi yuk”ning nimaligini koʻrib chiqaylik. Keyingi paytda “Teatr – minbar”i, yaʼni, sahna notiqlar minbariga, tomoshabinni leksiya tinglovchilariga aylantirib qoʻydik.

– “Teatr xalqdan oldinroqda yurishi kerak” deyildi. Oldinroq yurdik. Oradan bir oz vaqt oʻtib mundoq orqamizga qarasak, bizga hech kim ergashmayotgan ekan! Shaxdam qadamlar bilan olgʻa ketaveribmiz-u, bir martagina orqamizga qarab qoʻyish esimizga kelmabdi. Uzilish, orqadagi masofa ancha – qaytgimiz kelmadi. Shoʻrlik tomoshabinni madaniyatsizlikda, qoloqlikda, teatrdek nafis sanʼatni tushunmaslikda aybladik. Shu qadar ilgarilab ketdikki, endi bizni na “oldindagilar” tushunadi, na orqada qolib ketganlar! Zoʻr berib vaziyatdan chiqishning yoʻlini qidirdik. Topdik ham: tomoshabinni teatrga majburlab olib keldik. Hamma chiptalar sotilgani holda zalda oʻtirgan yakkam-dukkam tomoshabin oldida xijolat ham boʻlmadik. Uyalishga vaqt yoʻq – “aravadagi yuk” ogʻir edi. “Biz xalqni madaniyatli qilyapmiz!” deb oʻzimizni ovutdik. Oʻzimizni maqtashga oʻtdik. Matbuot, radio-televideniye, turli katta-kichik minbarlar xizmatimizda boʻldi. Bora-bora maqtash va maqtanish qon-qonimizga singib ketdi. Ishimizni xolis, haqqoniy baholashga, kamchilik va xatolarimizni mardona tan olishga vujudimizdagi har bir hujayra qarshilik koʻrsatadigan boʻlib qoldi. Qanchalik maqtanmaylik, bizga baribir ishonishmadi – chipta sotuvchilarimiz zerikib qolaverdi… Bunga teatr dramaturgni aybladi, dramaturg tanqidchini, teatr direktori bosh rejissyorni, rejissyor rejissyorni, aktyor aktyorni. Lekin hali ham “ohu aravaga qoʻshilgani”cha turibdi.

– Balki teatrga kerakli asarlar yetkazib berilganda, “ohuni aravaga qoʻshish”ga hojat qolmasdi.

– Yaqin-yaqinlarda ham “Zamon koʻtarsa-ku, ne-ne asarlarni yozib tashlardim” degan gaplarni koʻp eshitardim. Mana, “koʻtaradigan” zamonlar keldi, lekin qani, oʻsha asarlar? Yuragida dardi bor ijodkor oʻsha vaqtlarda ham aytadigan gapini aytgan, hozir ham aytyapti. Ch. Aytmatov, R. Hamzatov, I. Drutse va boshqalar bunga yaqqol misol. “Ura-uravozlik” ruhida yozganlar hozir ham oʻshanaqa asarlar bitishyapti. XVI plenumdan keyin talay adiblarimiz minbarga chiqib, “Koʻr ekanmiz, endi koʻzimiz ochildi” deyish-di. Bir oz vaqtdan keyin yana vaziyat oʻzgardi, minbarda yana oʻsha gap: “Koʻr ekanmiz, koʻzimiz ochildi”! Bugun vaziyat tagʻin oʻzgardi, tagʻin oʻsha gap! Hadeb tovlanavermaslikning bitta yoʻli bor: shunday yashash va shunday yozish kerakki, “Endi koʻzimiz ochildi” deb yurishga hojat qolmasin!

Masalan, “asar teatrda asar boʻladi” degan gap bor. Qiziq, axir shuncha yillardan beri “asar teatrda asar boʻlib” kelyapti-yu, lekin negadir ishimizda siljish yoʻq. Bu shior oʻzini oqlaganda, allaqachon hamma masala hal boʻlib, teatr sanʼati kosmik tezlikda rivojlanib ketardi. Vaholanki, teatr shunday moʻjizakor kuchga ega ekan, nega endi duch kelgan yomon pyesani olib, bir-biridan zoʻr spektakllar yaratmayapti? Boʻsh va oʻrtamiyona asarlar tiqilib yotibdi. Qarang, muallif teatrga pyesasini olib keladi, rejissyor “u yerini undoq qilish kerak, bu yerini bundoq qilish kerak” dermishda, u shekspirona asarga aylanarmish! Nega endi avtorning oʻzi bir yoʻla “u yerini undoq, bu yerini bundoq” qilib kela qolmaydi? Yo pyesa yozishni bilmaydimi? Demak, rejissyordan qarzga aql olmay turib, hech kim pyesa yozolmas ekan-da? Bu qandoq mushkul ishki, hech kimning qoʻlidan kelmasa?! Menimcha, har kim oʻz ishini bilib, halol bajargani maʼqul. Yaʼni predmetni dramaturg, uni ifoda etadigan vositalarni teatr yaratsa, “ohuning aravasidagi yuk” ancha yengillashadi.

– Nega “yarq” etgan isteʼdodlar koʻrinmayapti?
– Kadrlar masalasini hal qilmay turib, teatrni yuksaltirish haqida gap boʻlishi mumkin emas. Yaqin yillarda teatrga kirib kelayotgan yosh aktyorlarning ishini kuzatib, ushbu dargohdagi oʻquv-tarbiya ishlarini zudlik bilan tubdan yangilash kerak, degan fikrga keldim. Avvalo, talabalarning savodsizligi odamni lol qoldiradigan darajada ayanchli. Bir varaq tarjimayi hol yozsa, kamida oʻn-oʻn beshta imlo xato boʻladi. “Mutaassib” nima degani? “Taxlid” bilan “taqlid” bitta soʻzmi” degan savollarni eshitib, ular uchun ham siz uyalib ketasiz. Xoʻp, maktab yaxshi bilim bermagan ekan, institut-chi?

Koʻpincha yosh dramaturglar ijodiy seminarlariga taklif etishadi. Oʻndan ortiq dramaturglarning asarlari oʻqildi, qizgʻin muhokamalar boʻldi, dramaturgiyamiz masalalari, mahorat muammolari, pyesalarning sahnaga chiqishidagi ayrim toʻsiqlar haqida fikr almashildi. Gap oshkoralik va teatrni yangilash haqida kelganda, bir gʻalati faktga duch kelaman. Pyesalarning janri rang-barang, mualliflarning qiziqish doirasi keng va badiiyat sirlarini oʻrganishga intilish kuchli. Lekin ijtimoiy jasorat va alohida jurʼatni talab qiladigan bitta ham asarni topilishi mushkul. Bu ham yetmagandek, “Manavi masala haqida yozsak boʻladimi?”, “Anavi gap qaltis chiqib qolmadimikan?” qabilidagi gaplarni eshitib, gʻalati ahvolga tushaman. Bunday ehtiyotkorlik, toʻgʻrirogʻi, qoʻrqoqlik yosh dramaturglarimizda qayoqdan paydo boʻldi? Oʻttizinchi yillarning jabrini tortmagan, “turgʻunlik yillari”da jiddiyroq zarba yemagan oʻttiz-oʻttiz besh yoshli pyesanavislarimizning nega bunchalik tizzasi qaltiraydi? Bu bizning “tarbiyamiz”ning mevasi emasmikan?

Talabalarning zamonaviy oʻzbek prozasi, sheʼriyati va dramaturgiyasi bilan tanishuvi ham tasodifiy xarakterga ega: doʻkonda koʻzi tushsa oladi, boʻlmasa – yoʻq. Aktyor tilning nozik jihatlarini yaxshi tushunadigan, his qiladigan ziyoli boʻlishi kerak emasmi? Xalq uni soʻz ustasi sifatida biladi, eʼzozlaydi. Oʻzingiz oʻylang, shu savod bilan qanaqa “usta” boʻlishi mumkin?Institut pedagoglari orasida: “Aktyor klassik asarda oʻsadi” degan gap yuradi. Yoʻq, aktyor klassik asarda oʻladi! Chunki klassik asar deganda soʻzsiz Yevropa yoki rus klassikasini nazarda tutish rasm boʻlib qolgan. Shuning uchun diplom spektakllariga koʻproq tarjima asarlar tanlanadi. Sahnada hali suyagi qotmagan, tajribasiz aktyorlar urf-odatlari, maʼnaviyati, psixologiyasi, ruhiyati mutlaqo begona “hayot” girdobiga tashlanadi. Natijada, ular xuddi qorongʻida paypaslanib yurganday taxminiy fikrlaydilar, kino yoki teatrda koʻrgan xatti-harakatiga koʻr-koʻrona taqlid qilishga majbur boʻladilar. Masalan, eshikdan kirib kelgan janob nega avval qoʻlqopini yechib shlyapasiga tashlaydi-da, keyin xizmatkorga uzatadi? Duelga chaqirish uchun nega raqibining yuziga qoʻlqop bilan urishi kerak? Nega hassa yoki stul bilan emas? Javob doim deyarli, bir xil boʻladi: “Ularda shunday qabul qilingan”.

- Demak, Yevropaga oid bor bilim bitta “shlyapaga joy boʻlib ketyapti” ekan-da... 

– Afsuski, shunday. Sof rus tilida gapiroladiganlarning koʻpchiligi oʻz tarixi, madaniyati, urf-odati eng achinarlisi, tilini yaxshi bilmaydi. Bu masalalar bevosita dramaturgiyamizga ham tegishli. Pyesalarimizda yaqqol koʻzga tashlanadigan yana bir qusur – savodsizlikdir. Sintaktik, morfologik, orfografik, punktuatsion xatolar gʻij-gʻij. Bu masala bilan uzoq va jiddiy shugʻullandim. Avvaliga repertuar-tahrir hayʼati kollegiyasida asarlar tahrir qilinsa bu illatdan qutilish mumkin, deb oʻyladim. Soʻng hamma ayb maorifda, degan oʻyga bordim. Keyin bilsam, masalaning ildizi juda chuqur va butunlay boshqa yoqda ekan. Keksa pyesanavislarimizni-ku tushunsa boʻladi – avval arab alifbosida oʻqigan, keyin lotin va nihoyat, kirillda yozishga majbur boʻlgan. Lekin, yoshlarimiz-chi? Televideniyeda, ayniqsa, “Axborot” programmasida intervyu olinadigan odamga oldindan matn yozib berishadi. U ham robotga oʻxshab oʻsha gaplarni qaytaradi. (Baʼzida shuni ham eplasholmay-di!) Sababini soʻrasam, televideniyeda ishlaydigan bir doʻstim “Yozib bermasang gapirolmaydi” deydi. Nahotki, oʻzbek ishchisi yoki oʻzbek dehqoni oʻzbek tilida gapirolmasa? Bunday oʻylab koʻradigan boʻlsak, biz oʻzimiz toʻgʻri gapira olayapmizmi? Rus jurnalistlariga havasim keladi: duch kelgan kolxozchini magnitofonga gapirtirib, shu holicha mashinkada koʻchirib qoʻya qoladi. Bizning gapimizni shunday qilib koʻring-chi!.. Asosiy gap shunda-ki, matbuot, radio, televideniye va hatto, adabiyot ham xalq tilidan ajralib qolgan. Bu ajralishning koʻlami yildan-yilga kengayib bormoqda.

Baʼzan televizordan shunday spektakllarga koʻzim tushadiki, aktyorlarning bir xil ohang (intonatsiya)da gapirayotganini koʻrib, bu odamlar qaysi sayyoradan kelib qolibdi ekan, deya yoqa ushlashdan boshqa chora topolmayman! Axir odam bolasi bunaqa tilda, bunaqa ohangda gapirmaydi-ku! Oʻzbek ham, rus ham, farang ham! Tarjima asarlarida tarbiyalangan yosh aktyor teatrga kelib joʻngina oʻzbekcha gapni ham soxta, gʻaliz ohanglarda gapiradigan boʻlib qolyapti. Chuqur, qamrovli, boʻliq milliy xarakterlar yaratishni-ku, qoʻyavering. Yevropa va jahon klassikasiga aktyorlik sanʼatini chuqur egallab, katta tajriba toʻplab, oʻsha xalqning madaniyati, tarixi, milliy psixologiyasini oʻrganib, keyin qoʻl urgan maʼqul. Bu gaplarni koʻplab yosh aktyorlarimizning teatrga professional jihatdan “invalid” boʻlib kelayotganidan tashvishlanib gapiryapman.

– Ijobiy qahramon haqida gapirsak, pyesalarimiz gʻoyaviy, ularda katta-katta muammolar koʻtarilgan, ijobiy qahramon bor, lekin... sanʼat yoʻq. Bugun teatrlarimizga tomoshabin kelib nimani koʻradi? Mavzunimi, ijobiy qahramonnimi?

– Ijobiy qahramonlarimiz allaqachon “qarib qolgan” boʻlsa ham oʻjarlik bilan ularni ushlab turibmiz va yangi-yangi nusxalarini yaratayotirmiz. Ular biron-bir ijtimoiy foydali ish qilayotganlari yoʻq. Aksincha, yo nasihatvozlik, yo balandparvoz gaplar bilan tomoshabinni teatrdan sovitmoqda. Suv qogʻozga oʻralgan bu qahramonlardan bir ogʻiz yangi gap eshitmaysiz. Hatto, aktyorlar ham ijobiy rollarni oʻlganining kunidan oʻynaydi, koʻproq salbiy yoki boshqa xarakterdagi rollarni talashishadi. Ahvol shu darajaga yetdiki, “ijobiy qahramon” bilan “yomon asar” degan tushunchalarning oʻrtasiga hech tortinmay tenglik alomatini qoʻysa boʻlaveradigan boʻlib qoldi.

– “Gʻoyasizlik nazariyasi”dan kim, qachon va nima maqsadda foydalanganini tarixdan yaxshi bilamiz. Nahotki, shundan keyin ham kerakli xulosa chiqarolmasak?

– Voqealigimiz maqtalgan asarlar “gʻoyaviy”, tanqid qilingani “gʻoyasiz” hisoblanishining oʻzi bemaʼni “gʻoya” ekanini bugun ham birov tushundi, birov – yoʻq. Gapimning magʻzi shuki, “tema”, “gʻoya”, “problema”, “aktuallik”, “ijtimoiylik” va shunga oʻxshash juda koʻp tushunchalar teatrdan sanʼatni siqib chiqardi.

Yuqoridagi termin va men nomini ham bilmaydigan boshqa atamalarning tomoshabinga sira-sira keragi yoʻq. Xoʻsh, bu iboralar menga kerak boʻlmasa, tomoshabinga kerak boʻlmasa, unda kimga kerak? Avvalo adabiyot va sanʼat nazorat qiluvchi rahbar tashkilotlarga kerak. Ular uchun mazkur terminlar badiiy asar haqida “fikr bildirish” huquqini saqlab qoladi. Keyin noshud pyesanavisga kerak, asarlarni badiiy tahlil qilishga qurbi yetmaydigan teatrshunoslarga kerak, “falon asarni sahnalashtirganman” deb tarjimayi holini “boyitayotgan” oʻrtamiyona rejissyorga kerak. Bu terminlar ularni badiiy asar, sanʼat yaratishdek xayrli, lekin sermashaqqat ishdan xalos qiladi. Shunga koʻra mazkur terminlar nihoyatda yashovchan, “oʻtda kuymas, suvda choʻkmas”dir. Ayrim terminparastlar himoya tariqasida klassiklarimiz asarlaridan koʻchirmalar keltirishi mumkin. Ulardan iltimos, keltirilayotgan sitatalar qaysi tarixiy davrda, qanday adabiy muhit hukm surayotgan zamonda va qanday siyosiy zarurat tufayli paydo boʻlganiga ham jinday eʼtibor bersalar.

– Teatr tanqidchiligi “oʻldi”mi?.. Mutaxassislarimiz maqolalarida oʻrgangulik gap yoʻq, hammasi maʼlum fikrlar.

– Koʻpincha taqrizlar asar syujetining qisqacha bayoni va munaqqidning “unisi yaxshi, bunisi yomon” bayonotidangina iborat boʻlishiga oʻrganib qolganmiz. Bu yetmaganday, koʻpchilik tanqidchilarimiz xalq nomidan, tomoshabin nomidan gapirishni odat qilib olgan. “Buni tomoshabin koʻrmaydi”, “Bu yerida zerikadi, anovi joyi chalgʻitadi”! Tomosha zaliga kirib qarasangiz, ahvol butunlay boshqacha: koʻrishyapti, zerkishmayapti, hech kim chalgʻiyotgani ham yoʻq.

Masalan, pyesa yoki spektakllarni baholashda qanday oʻlchovlar bilan yondoshamiz, hech eʼtibor berganmisiz? Muhokama qilinayotgan asar yomon boʻlsa, odatda biz uning mavzusi muhimligini, dolzarb muammolar koʻtarilganini gapiramiz-da, keyin kamchiliklariga oʻtamiz: til chatoq deymiz, xarakterlar yoʻq, konflikt sust deymiz, kompozitsion tarqoqlik va siyqa syujet asarning badiiy qimmatini tushirib yuborgan, deymiz. Bu, axir, asar yoʻq degan gap-ku! Qarang, mavzu bor, muammo bor, lekin asar yoʻq!

Bu ham yetmaganday, bemazadan-bemaza pyesa haqida “qayta qurish ruhidagi asar boʻpti” degan maqtovlarni eshitamiz. Vaholanki, bunday pyesalarning qayta qurishga mutlaqo aloqasi yoʻq, personajlar sahnaga chiqib olib, “demokratiya”, “oshkoralik” degan terminlarni gapiradi, xolos! Shu sababdan dramaturgiyamizda (oʻz navbatida, teatrlarimizda ham) mavzu chayqovchiligi chidab boʻlmas darajada avj olib ketdi. Aksariyati “nihoyatda muhim problema koʻtarilibdi” degan baho olib, sahna yuzini ham koʻryapti. Shu paytga qadar “yopiq” sanalgan mavzular: giyohvandlik, fohishavozlik, Afgʻoniston masalasi, SPID haqida badiiyatdan mahrum, quruq faktlar qalashtirilgan “asarlar”ga keng yoʻl ochilishi juda tashvishli hol. Xalq teatrga mavzu yoki problema uchun emas, tomosha koʻrgani kelishini anglab yetish nahotki, shu qadar mushkul boʻlsa?! Umuman, asarlarga baho berishda dramaturglar emas, teatrshunoslarimiz xato qilishmoqda. Ular maqtagan spektaklga tomoshabin kam tushadi, tanqid qilinganiga bilet topolmaysiz. Tomoshabinimiz ham shu ruhda tarbiyalangan – nimani koʻrishni yaxshi bilishadi.

Adiba UMIROVA, (“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер