Odil Ahmedov beshinchi, Eldor Shomurodov esa ikkinchi oʻrinda

10:00 16 Oktyabr 2025 Sport
220 0

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda har sohada boʻlgani kabi futbol agentliklarida ham katta oʻsish koʻzga tashlanmoqda. Ushbu holat fonida qator futbolchilarimiz Osiyo va Yevropa mamlakatlari klublariga katta summaga transfer qilinishi odat tusiga aylanmoqda.

Bugun biz Oʻzbekiston futboli tarixida amalga oshgan eng qimmat transferlar haqida maʼlumot beramiz.

10-oʻrin. Server Jeparov

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi safida eng koʻp oʻyin oʻtkazgan futbolchi — Server Jeparov ushbu roʻyxatni boshlab beradi.

2008 va 2011-yillarda Osiyoning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan Serverga 2011-yilgi Osiyo kubogidan keyin qator grand klublardan jiddiy takliflar boʻladi. Oʻsha kezlari Janubiy Koreyaning “Seul” klubi sharafini himoya qilgan terma jamoaning sobiq sardori yakunda Saudiya Arabistonining “Al-Shabab” klubiga transfer qilinadi.

Ushbu transferdan “Seul” klubi 1 million 600 ming yevro ishlab oladi.

9-oʻrin. Odil Ahmedov

Oʻzbekiston milliy terma jamoasining yana bir sobiq sardori Odil Ahmedovning xizmatlariga ham 2011-yilgi Osiyo kubogidan soʻng qator klublardan takliflar boʻladi.

“Paxtakor” klubi Ahmedovning transferi boʻyicha Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari klublari bilan muzokaralar olib boradi. Yakunda futbolchi Maxachqalʼaning “Anji” klubiga transfer qilinadi.

Ushbu transfer “Paxtakor” jamoasiga 1 million 700 ming yevro mablagʻ olib keladi.

8-oʻrin. Sardor Rashidov

2009-yildan “Bunyodkor” klubi sharafini himoya qilib kelgan Sardor Rashidov 2013-yildan “qaldirgʻochlar”ning asosiy futbolchisiga aylanadi. 2014-yilgi mavsum Sardor nafaqat Oʻzbekiston chempionatida, balki Osiyo chempionlar ligasi va Oʻzbekiston milliy terma jamoasida ham ishonchli oʻyinlar koʻrsatadi.

2015-yilgi Osiyo kubogi, ayniqsa guruh bosqichining soʻnggi turida Saudiya Arabistoniga qarshi kechgan bahs Sardor Rashidovni butun qitʼaga tanitadi.

Ushbu musobaqadan soʻng Osiyo mamlakatlaridan tortib Fransiya chempionatigacha boʻlgan jamoalar Sardorning xizmatlariga qiziqish bildirishadi. Yakunda futbolchi Qatarning “Al-Jaysh” klubiga sotiladi.

Ushbu transferdan “Bunyodkor” jamoasi 2 million yevro ishlab oladi.

7-oʻrin. Eldor Shomurodov

2025-yilgi mavsum oldidan “Roma” klubida jiddiy oʻzgarishlar roʻy berdi. Ushbu oʻzgarishlar fonida Oʻzbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov ham klubni tark etdi.

Turkiyaning “Istanbul Bashaqshehir” klubi Shomurodovni ijara asosida jamoaga qoʻshib oldi. Ushbu transfer ijarasidan “Roma” klubi 3 million yevro ishlab oldi.

6-oʻrin. Odil Ahmedov

Odil Ahmedov “Anji” klubiga oʻtganidan soʻng jamoa bilan Rossiya chempionatida sovrindor boʻldi. Yevropa ligasi musobaqasida qator grand klublarga qarshi oʻyinlar oʻtkazdi.

Natijada uning xizmatlariga Rossiya grandlaridan tortib, Angliyaning “Arsenal” klubi ham qiziqish bildirdi.

Lekin yakunda Odil Rossiya Premyer-ligasida qoldi. 2014-yil iyul oyida futbolchi “Krasnodar” klubiga koʻchib oʻtadi.

Ushbu transferdan Maxachqalʼaning “Anji” klubi 4 million yevro ishlab oldi.

5-oʻrin. Odil Ahmedov

5-oʻrin ham Odil Ahmedovga tegishli. “Anji”dan “Krasnodar”ga koʻchib oʻtgandan soʻng, Odil ushbu jamoada jami 67 ta oʻyinda maydonga tushadi va 5 ta gol urishga muvaffaq boʻladi.

2016-yil yakunida Ahmedovning xizmatlariga Rossiya va Osiyoning qator jamoalaridan jiddiy qiziqishlar boʻladi. Yakunda futbolchi oʻz chempionatiga jahon futboli yulduzlarini jamlayotgan Xitoy mamlakatiga yoʻl oladi.

“Shanxay SPIG” jamoasi Odilning transferi uchun “Krasnodar”ga 7 million yevro toʻlaydi.

4-oʻrin. Abbosbek Fayzullayev

Oʻzbek futbolidagi yorqin yulduzlardan biri Abbosbek Fayzullayev 2023-yil iyul oyida Rossiyaning SSKA klubiga koʻchib oʻtadi.

Ikki yillik faoliyati davomida Abbosbek “armiyachilar” safida 72 ta oʻyinda maydonga tushib, 8 ta gol uradi va 22 ta golli uzatma amalga oshiradi. Shu bilan birga Oʻzbekiston milliy terma jamoasining Jahon chempionatiga chiqishida muhim rol oʻynaydi.

Ushbu voqealar fonida Fayzullayevning xizmatlariga Yevropaning qator klublaridan jiddiy takliflar boʻladi. Yakunda futbolchi 2025-yilning yozida Turkiyaning “Istanbul Bashakshehir“ klubiga koʻchib oʻtadi.

Ushbu transferdan Moskvaning SSKA klubi 7,5 million yevro ishlab topadi.

3-oʻrin. Eldor Shomurodov

2017-yilning iyun oyida Rossiyaning “Rostov“ klubiga koʻchib oʻtgan Eldor dastlabki 2 mavsum jamoasining zaxira futbolchisiga aylanib qoladi. Bosh murabbiy Valeriy Karpin uni asosan ikkinchi boʻlimning soʻnggi 20 daqiqasi uchun maydonga tushirardi.

Ammo, 2019-yilgi Osiyo kubogidan keyin Eldorning oʻyini jiddiy ravishda ijobiy tomonga oʻzgaradi. Osiyo kubogida Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun 4 ta gol urib bergan Eldor tez orada “Rostov“ning asosiy hujumchisiga aylanib oladi.

2019-yilgi mavsum Rossiya Premyer-ligasida Eldor Shomurodov “Rostov“ uchun oʻndan ortiq gollar urib beradi. Natijada futbolchining xizmatlariga Germaniya va Italiyaning qator klublaridan qiziqishlar boʻladi. Yakunda futbolchi Italiyaning “Jenoa“ klubiga oʻtadi.

Ushbu transferdan “Rostov“ klubi 9,5 million yevro ishlab oladi.

2-oʻrin. Eldor Shomurodov

Ikkinchi oʻrinda yana Eldor Shomurodov. Oʻzbekiston milliy terma jamoasi sardorining A Seriyadagi debyut mavsumi omadli oʻtadi. Futbolchi birinchi mavsumning oʻzida Italiya chempionatida 8 ta gol urishga muvaffaq boʻladi.

Natijada “Latsio“, “Roma“, “Yuventus“, “Inter“ kabi Italiya klublari Eldor Shomurodovning xizmatlariga qiziqish bildiradilar. Yakunda “Jenoa“ klubi Shomurodovning transferi boʻyicha “Roma“ klubi bilan kelishuvga erishadi. Ushbu transferdan “Jenoa“ klubi 19,5 million yevro ishlab oladi.

1-oʻrin. Abduqodir Husanov

Belorussiyaning “Energetik“ jamoasidan Fransiyaning “Lans“ klubiga koʻchib oʻtgan Abduqodir Husanov qisqa fursat ichida jamoaning asosiy himoyachisiga aylanadi. Oʻziga xos oʻyin uslubi bilan ajralib turadigan Oʻzbekiston terma jamoasi futbolchisining oʻyini tez orada butun Yevropada muhokama qilina boshlaydi.

2024-yil soʻngida futbolchining xizmatlariga “Manchester Siti“, “Real Madrid“, PSJ kabi klublardan qiziqishlar boʻladi. Yakunda futbolchi 2025-yilning yanvar oyida “Manchester Siti“ bilan shartnoma imzolaydi.

Ushbu transferdan “Lans“ jamoasi 40 million yevro ishlab oladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?