Prezident 2026-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qoʻshimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini koʻchirish toʻgʻrisidagi Farmonni imzoladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
Fuqarolarning rasmiy sanalarni nishonlash davrida toʻliq dam olishi uchun shart-sharoitlar yaratish, “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” ichki turizmni rivojlantirish dasturi doirasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish uchun dam olish va bayram kunlaridan samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
1. Quyidagi qoʻshimcha dam olish kunlari belgilansin:
(a) 2025-yilda barcha xodimlar uchun (ish haftasining turidan qatʼi nazar) 31-dekabr – chorshanba;
(b) 2026-yilda:
(i) barcha xodimlar uchun (ish haftasining turidan qatʼi nazar): 2-yanvar – juma, 28-may – payshanba, 29-may – juma, 31-avgust – dushanba;
(ii) olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun: 3-yanvar – shanba, 30-may – shanba, 31-dekabr – payshanba.
2. Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq:
(a) ishlanmaydigan bayram kunlari hisoblanuvchi 8-mart – Xotin-qizlar kuni bayrami 2026-yilda yakshanba – dam olish kuniga va 21-mart – Navroʻz bayrami hamda 9-may – Xotira va qadrlash kuni bayramlari besh kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun shanba – dam olish kuniga toʻgʻri kelishi munosabati bilan ushbu dam olish kunlari mos ravishda 2026-yil 9-mart, 23-mart va 11-may – dushanba kunlariga koʻchirilishi;
(b) ishlab chiqarish-texnik va tashkiliy sharoitlar (mavjud uzluksiz ishlab chiqarish, aholiga har kuni xizmat koʻrsatish, navbatchilik asosida ishlash va boshqalar) tufayli ishlanmaydigan bayram kunlari toʻxtatib qoʻyish mumkin boʻlmagan ishlarni bajarishda dam olish kunlari koʻchirilmasligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Besh kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun dam olish kuni 2026-yilda 12-dekabr – shanba kunidan 31-dekabr – payshanba kuniga koʻchirilsin.
4. Bayram (ishlanmaydigan) kunlarining uzaytirilishini hisobga olgan holda respublika aholisining maroqli dam olishi uchun:
(a) Turizm qoʻmitasi va Madaniy meros agentligi turizm namoyishi obyektlari (madaniy meros obyektlari, muzeylar) va mehmonxona xizmatlari uchun chegirmalar berilishi hamda aksiyalar oʻtkazilishini tashkil etsin;
(b) Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasiga Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda sanatoriylar va sogʻlomlashtirish muassasalari uchun chegirmalar berish hamda aksiyalar oʻtkazish tavsiya etilsin;
(v) “Uzbekistan Airways” AJ va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJga ichki transport qatnovlari uchun chegirmalar berish va aksiyalar oʻtkazish tavsiya etilsin.
5. Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasiga:
(a) mehnat jamoalari oʻrtasida ushbu Farmonning maqsadi, mazmun-mohiyati toʻgʻrisida tushuntirish ishlarini tashkil etish;
(b) uzaytirilgan bayram kunlarida xodimlar va ularning oila aʼzolari maroqli dam olishini taʼminlash yuzasidan kasaba uyushmalari tashkilotlarining ishini faollashtirish tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda bayram kunlari oʻtkaziladigan tadbirlar toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmogʻi orqali aholining keng xabardor qilinishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi “Yangi yil bayramini nishonlash davrida qoʻshimcha ishlanmaydigan kunni belgilash va dam olish kunini koʻchirish toʻgʻrisida”gi PQ–452-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Belgilansinki, ushbu Farmon 2027-yil 1-yanvardan eʼtiboran oʻz kuchini yoʻqotadi.
9. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh. Mirziyoyev
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sogʻliqni saqlash vazirligi “Elektron retsept” tizimi boʻyicha rasmiy bayonot berdi
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Uchinchi Renessansga eltuvchi maʼrifat koʻprigi: Oʻzbekiston—Pokiston hamkorligining yangi bosqichi
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- “Insoniyat sivilizatsiyasiga asos boʻlgan yutuqlar shu zamindan kelib chiqqan” — Paragvay Prezidenti
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring