Nurobod sanoatlashgan hududga aylanadimi?

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand viloyatidagi hududi jihatidan eng katta tuman — Nurobod haqida soʻz yuritilsa, bahorgi yomgʻirlar tufayli yashillikka burkangan qir-adirlar koʻz oldimizga keladi. Ochigʻini aytganda, qishloq xoʻjaligi, chorvachilik bilan bir tumanni rivojlantirib boʻlmaydi. Buning ustiga, yetishtirilgan mahsulotlar qayta ishlanmasa, xomashyo tayyorlash orqali katta daromad olish juda mushkul. Shu kabi jihatlar eʼtiborga olinib, Nurobodda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining filiali, qoʻshma korxonalar tashkil etilmoqda.
Quyida bunga bir necha misollarni keltirib oʻtamiz: Rossiya Federatsiyasining toʻgʻridan-toʻgʻri 30 million dollar sarmoyasi asosida “Щёлково агрохим — Oʻzbekiston” MCHJ qoʻshma korxonasi ishga tushirildi. Avstriyaning “Lasselsberger” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Semix” MCHJ tomonidan 100 million dollar xorijiy investitsiyasi hisobidan 40 gektar maydonda qurilish materiallari, emulsion boʻyoqlar, dekorativ va keramogranit plitkalar ishlab chiqarish loyihalari doirasida 500 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratildi.
Saudiya Arabistoni Xalqaro tuyachilik tashkilotining (ICO) toʻgʻridan-toʻgʻri 15 million dollar grant mablagʻlari hisobidan 520 gektar maydonda tuyachilik kooperatsiyasi tashkil etildi. Nurobod tumanidagi 34 ta sihatgoh va aholiga shifobaxsh tuya suti yetkazib berish yoʻlga qoʻyildi.
Xalqaro taraqqiyot uyushmasi hamda Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida “Chorvachilik sohasini rivojlantirish 2-bosqich” loyihasi doirasida 12,5 million dollar grant mablagʻi hisobidan chorvachilik sohasida xizmatlarni rivojlantirish dasturi amalga oshirildi. Yiliga 207 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish quvvatlari yaratildi.
— 2023-yilda Nurobod tumanidan 9,7 million dollarlik maishiy texnika, plastmassa eshik-romlar va boshqa sanoat mahsulotlari eksport qilindi, — deydi tuman hokimi oʻrinbosari Gʻolib Neʼmatov. — Bundan tashqari, Hindiston va Xitoyga oziq-ovqat mahsulotlariga qoʻshimcha sifatida ishlatiladigan 0,3 million dollarlik kovrak shirasi sotildi. Joriy yilning birinchi yarmida tumanda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 0,24 trillion soʻmni tashkil qilib, oʻtgan yilga nisbatan ikki foiz oʻsishga erishildi. Import oʻrnini bosuvchi, eksportbop sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.
Misol uchun, “Central Asia Company” MCHJ negizida kafel mahsulotlari xomashyosini ishlab chiqarish uchun 4,5 million dollar, “Zhongguo Daohu Qiche Zhizao” MCHJ xususiy korxonasi tomonidan yuk mashinalari uchun tirkama ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasiga 3 million dollar xorijiy investitsiya oʻzlashtirildi.
— Tumanning 2023-2024-yillarga moʻljallangan rivojlanish dasturiga asosan qiymati 172,5 million dollarga teng boʻlgan 79 ta loyihani ishga tushirish va 1253 ta ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan, — deydi Nurobod tumani hokimi Sirojiddin Berdiqulov. — Joriy yilda qiymati 113,7 million dollarlik 5 ta loyiha amalga oshirildi. Oʻtgan yil 6 turdagi yangi mahsulotni ishlab chiqarish oʻzlashtirilib, sanoat mahsulotlari hajmi 579,4 milliard soʻmga yetkazildi.
Maʼlumotlarga koʻra, tumanda mavjud imkoniyat va zaxiralarni ishga solish orqali hozirda boʻsh turgan 14 ta bino-inshootga tadbirkorlarni jalb qilib, kamida 15,6 milliard soʻmlik investitsiya kiritish hisobiga 114 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Past quvvatda ishlayotgan 2 ta korxona toʻliq quvvatga oʻtkazilib, yil yakuniga qadar qoʻshimcha 61,6 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqariladi.
Hozirgi kunda jahonda turizm davlatlarning asosiy daromad yoʻnalishiga aylanib borayotgani hech kimga sir emas. Buni respublikamiz, xususan, Samarqandga kelayotgan sayyohlar oqimining koʻpayganidan ham bilish mumkin. Shu bois Nurobod tumanida turizmni rivojlantirish, yangi maskanlar qurish, sayyohlarni jalb qilish rejalari ishlab chiqilgan. Buning uchun Oqsoy mahallasida, Hazrati Dovud qadamjosi atrofida Shveysariya davlatining “Bartholet” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Samarqand kanat yoʻllari” MCHJ tomonidan 13,5 million dollar (12 million dollar xorijiy bank krediti, 1,5 million dollar oʻz mablagʻi) investitsiya mablagʻi hisobiga “sayyohlarga xizmat koʻrsatish markazi” tashkil etiladi.
Shuningdek, turizm salohiyati yuqori boʻlgan Arabota, Oqsoy va Qoʻrgʻoncha mahallalarida yoʻl infratuzilmasini yaxshilash orqali yiliga qoʻshimcha 45 ming nafar turistni jalb qilish imkoniyati bor.
Tuman rahbarlari va tadbirkorlarning 2023-yil dekabr va joriy yil yanvar oylarida Xitoyga safari davomida yuk mashinalari uchun tirkamalar ishlab chiqarish va yigʻishni tashkil etish, kafel mahsulotlari xomashyosini ishlab chiqarish uchun ohak va kvarsni qayta ishlash loyihalarini amalga oshirishga kelishib olindi.
Shuningdek, elektromobillar ehtiyot qismlari va zaryadlash stansiyalarini ishlab chiqarish, chorva mollari yetishtirish hamda naslchilikni rivojlantirish, veterinariya dori vositalari ishlab chiqarish uchun dorivor oʻsimliklar, dukkakli va chorva ozuqa ekinlari yetishtirish boʻyicha muzokaralar olib borildi. Sabzavotni konservalash, mayda shoxli chorvachilik xoʻjaligini tashkil etish, polietilen quvurlar, qishloq xoʻjalik texnikalari ishlab chiqarish, soya va makkajoʻxori yetishtirish, un va un mahsulotlari, kungaboqar yetishtirishni tashkil etish borasida kelishuvlarga erishildi.
Joriy yilning 9-10-iyun kunlari Rossiya Federatsiyasining Penza viloyatiga safarda esa ishbilarmonlar bilan 40 million dollarlik shartnomalar tuzildi. Hozirda bu kelishuvlarni amalga oshirishga kirishilgan.
Xulosa oʻrnida aytganda, hududning katta-kichikligi emas, undagi qulaylik va yaratilgan shart-sharoit muhim. Istiqbolli loyihalar tufayli Nurobod sanoatlashgan tumanga aylanadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring