Nukusda yogʻayotgan qor — yerga baraka, dehqonga umid bagʻishlamoqda

20:49 27 Yanvar 2026 Jamiyat
332 0

Bugun Nukus shahrida koʻpdan kutilgan qor yogʻmoqda. Qishning bu neʼmati shahar koʻchalariga oʻziga xos goʻzallik baxsh etib, qishning soʻlim manzaralarini yaratmoqda. Qorli kun, shuningdek, avtomobillar yonilgʻisi — “metan” taʼminotidagi uzilishlar sabab mashinasini qoʻyib, ishga piyoda chiqqan yurtdoshlarimizning ham kayfiyatini koʻtarmoqda.

Koʻchada harakatlanayotgan bolalardan tortib katta yoshdagilargacha qor yogʻayotganidan zavq olayotgani yuz-koʻzlaridan yaqqol bilinib turibdi. Qor nafaqat shaharga oqlik va poklik olib kirdi, balki odamlar qalbiga ham iliqlik ulashmoqda.

Darvoqe, xalqimiz orasida qor yogʻishi qadimdan suvning koʻpayishi, yerning toʻyishi va rizq-roʻzning moʻl boʻlishining alomati sifatida qabul qilingan. “Qor yogʻsa — yer toʻydi”, “Qor suvi — yerning joni”, degan naqllar bejiz aytilmagan.

Ayniqsa, qor suvining dehqonchilikdagi ahamiyati beqiyos. Yogʻgan qor yerga sekin-asta singib, namlik zaxirasini toʻldiradi, yerning qotib qolishining oldini oladi va bahorgi ekinlar uchun tabiiy ozuqa vazifasini oʻtaydi. Bu esa yerlarni samarali sugʻorish va kelgusi hosil uchun mustahkam zamin yaratadi.

Mutaxassislar ham qor qoplamining saqlanib turishi yer unumdorligini oshirib, bahor faslida suv tanqisligini yumshatishda muhim omil ekanini taʼkidlaydilar.

Nukus shahrida yogʻgan bugungi qor ham dehqonlar uchun umid, yer uchun baraka, xalqimiz uchun esa tabiatning navbatdagi ehsoni sifatida qabul qilinmoqda. Qor bilan birga kelgan oqlik va sokinlik har bir xonadonga farovonlik va toʻkinlik tilagini olib kirmoqda.

Gʻayrat OTAJONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?