Nukusda 500 oʻrinli talabalar turarjoyi foydalanishga topshirildi

15:35 27 Avgust 2025 Jamiyat
99 0

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida davlat-xususiy sheriklik loyihalari asosida 500 oʻrinli talabalar turarjoyining foydalanishga topshirilishiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi. Unda mazkur oliy oʻquv yurti jamoasi, nuroniylar, professor-oʻqituvchilar, talaba-yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi qoʻmita raisi M.Atamuratov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri A.Ayapov, universitet rektori, akademik A.Reymov soʻzga chiqib, yigʻilganlarni mamlakatimiz mustaqilligining oʻttiz toʻrt yilligi bayrami hamda yangi talabalar turarjoylarining foydalanishga topshirilishi bilan muborakbod etdi.

Talabalar uyining qurilish ishlariga xususiy sherik tomonidan 15,804 mlrd. soʻm, davlat subsidiyasi hisobidan 12,0 mlrd.soʻm, jami 27,804 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilib, “ARGONIYA” masʼuliyati cheklangan jamiyatining tajribali quruvchilari tomonidan qisqa muddatda qurib bitkazilgan. Bundan tashqari, ushbu maskanda talabalar mebel jihozlari, zamonaviy elektr pechlari, muzlatgichlar, kir yuvish mashinalari, mikrotoʻlqinli pechlar, suv isitish uskunalari kabi maishiy texnikalar bilan taʼminlangan.

Tadbir davomida “ARGONIYA” MCHJ M.Xodjaniyazov tomonidan yangi qurilgan talabalar turarjoyining kaliti Qoraqalpoq davlat universiteti rektoriga tantanali ravishda topshirildi. Shundan soʻng tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar talabalar turarjoyining sharoitlari bilan tanishib, talaba-yoshlar bilan suhbatlashdi.

Gʻayrat OTAJONOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?