Nodavlat oliy taʼlim muassasalari ustav fondini kamida 2 million AQSH dollari ekvivalentida shakllantirilishi shart – Vazirlar Mahkamasi qarori

Oʻzbekistonda nodavlat oliy taʼlim muassasalari faoliyatini litsenziyalash uchun yangi va qoʻshimcha shartlar belgilandi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining “Respublikada nodavlat taʼlim xizmatlari sifatini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 403-sonli qarorida bayon etilgan.
Qarorga koʻra, endilikda nodavlat oliy taʼlim muassasasini tashkil etish istagini bildirgan talabgor taʼlim tashkilotining toʻliq konsepsiyasini taqdim etishi shart boʻladi. Mazkur konsepsiyada oliy taʼlim tashkilotining nomi, maqomi, boshqaruv tizimi va kadrlar tarkibi, asosiy taʼlim va ilmiy faoliyat yoʻnalishlari, qabul parametrlari, taʼlim sifatini taʼminlash tizimi va vositalari, toʻlov-kontrakt miqdori hamda uning asoslantirilgan hisob-kitobi, shuningdek, 5-yillik strategik rivojlanish rejasi va boshqa muhim masalalar aniq koʻrsatilishi lozim.
Bundan tashqari, talabgor tomonidan tashkil etilayotgan nodavlat oliy taʼlim muassasasining taʼlim jarayoni bilan bevosita bogʻliq moddiy-texnik baza va dasturiy taʼminotni qamrab olgan dastlabki ustav fondi kamida 2 million AQSH dollari ekvivalentida shakllantirilishi shart. Talabalar soni ortib borgani sayin ustav fondining hajmi ham oshirib boriladi.
Shuningdek, har bir talabgor 350 ming AQSH dollari miqdoridagi mablagʻni tijorat bankidagi depozit hisob raqamiga zaxiraga joylashtirishi kerak boʻladi. Bu mablagʻ nodavlat taʼlim muassasasining moliyaviy barqarorligini taʼminlash uchun nazarda tutilgan.
Tashkil etilayotgan taʼlim muassasasining binolari va inshootlari umumiy maydoni kamida 5 ming kvadrat metr boʻlishi shart. Bino universitet mulki boʻlishi talab etilmaydi, ammo kamida 5-yillik ijara yoki tekin foydalanish shartnomasi asosida faoliyat boshlash mumkin.
Yana bir talabga koʻra, oliy taʼlim tashkiloti tashkil etilganidan keyingi dastlabki 5-yil davomida uning yillik sof foydasining kamida 80 foizi, keyingi yillarda esa kamida 50 foizi mazkur taʼlim muassasasining asosiy faoliyatini rivojlantirishga yoʻnaltirilishi lozim.
Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab uch oydan keyin kuchga kiradi. Shuningdek, yangi litsenziya talab va shartlari kuchga kirgunga qadar faoliyat yuritayotgan nodavlat oliy taʼlim muassasalari 2026-yil 1-yanvarga qadar oʻz faoliyatini yangilangan tartib asosida tashkil etishi shart etib belgilangan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring