Nobel mukofotining pulini kim nimaga sarflagan?
Mixail SHOLOXOV
Taniqli rus yozuvchisi Mixail Sholoxov 1965-yilda Nobel mukofotiga loyiq deb topilgan. Yozuvchi mukofot pulining koʻp miqdorini dunyo boʻylab sayru sayohat uchun sarflaydi.
“Otam 1941-yilda olgan Stalin mukofotining pulini Mudofaa fondiga oʻtkazgan boʻlsa, Lenin mukofotining pulini oʻzi oʻqigan maktabning taʼmiri uchun ishlatgan. Nobel mukofotining pulini esa oʻzi uchun sarf qildi. Otam oʻsha pulga bizga, oʻz bolalariga, Yevropa davlatlari va Yaponiyani koʻrsatdi. Biz ulovda Angliyani, Fransiyani, Italiyani boshdan-oyoq sayr qildik” – deya yozadi oʻz xotiralarida Sholoxovning qizi Svetlana.
Ivan BUNIN
Bu mukofotga 1933-yilda loyiq koʻrilgan rus yozuvchisi Ivan Bunin oilasining yaqin doʻsti Zinaida Shaxovskaya oʻz esdaliklarida shunday yozgan:
«Fransiyaga qaytgan Ivan Alekseyevich pulini dabdabali marosimlar oʻtkazish, muhojirlarga yoqish uchun bayramlar tashkillashtirish uchun sariq-chaqasigacha sarf qila boshlaydi. Nihoyat, eng soʻnggi mablagʻini ham “Xayrixoh odamlar”ning maslahati bilan “Foydali ish”ga tikadi va pullarning qolgani ham havoga sovuriladi.
Dario FO
1997-yilda Nobel mukofotiga loyiq deb topilgan italiyalik mashhur dramaturg Dario Fo olgan pul mukofotini qaysidir “biznes”ga tikadiyu, natijada pushaymondan boshqa narsa unga yordamga kelmaydi.
Rene Fransua Arman Sulli-Prudom
1901-yilda adabiyot yoʻnalishining ilk Nobel mukofotichisi, fransuz shoiri Sulli-Prudom oʻz pullariga nomini abadiylashtirmoq uchun «Sulli-Prudom sheʼriyat mukofoti»ni taʼsis qiladi.
Biroq mukofotning umri qisqa boʻlgan — bor-yoʻgʻi 6 yil. Shoir olamdan oʻtganidan soʻng esa fond butunlay yopib yuborilgan.
Gabriel Garsiya MARKES
Kolumbiya yozuvchisi Gabriel Garsiya Markes 1982-yilda olgan Nobel mukofoti puliga “Kolumbiya adabiyoti” nomi ostida jurnal tashkil etadi. Bu jurnal hozirda ham yozuvchining oʻz oʻlkasi va Meksikada nashr qilinmoqda.
Imre KARTES
2002-yilning Nobel mukofoti sohibi, mojar yozuvchisi Imre Kartes olgan mukofot haqqini umr yoʻldoshiga topshirgan.
«Ayolim men bilan yoʻqsil va nochor hayot kechirgan yillari uchun unga istagan narsasini sotib olishga ruxsat berdim. Istasa kiyim-kechak, istasa zeb-ziynat xarid qilsin» – degandi yozuvchi gazetaga bergan bir suhbatida.
Aleksandr SOLJENITSIN
1970-yilda Nobel mukofotiga loyiq koʻrilgan rus yozuvchisi Aleksandr Soljenitsin oʻz mukofot puliga AQSHning Vermont shtatidan katta hovli sotib olgan. Bu hovli ikki uydan iborat edi. Yozuvchi uylarning biridan ishxona sifatida foydalangan boʻlsa, yana birida turmush oʻrtogʻi, qaynonasi va uch oʻgʻli istiqomat qilardi.
Oʻrxon POMUQ
2006-yila Nobel mukofotiga sazovor boʻlgan Turkiyalik yozuvchi Oʻrxon Pomuq mukofot pulining bir qismini «Masʼumiyat muzeyi» romani asosida Istanbulda oʻzi tashkil qilgan ayni nomli muzey binosini sotib olish, muzey dizayni va eksponatlari uchun sarflagan.
Rus tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring