“Niqob taqqan tabiat”
Hozirda beparvolik natijasida tabiatga yetkazilayotgan zarar miqdori ortib bormoqda. Saralanmagan chiqindilar, zavod va fabrikalardan chiqadigan zaharli moddalar, qurilish sonining keskin oshib borishi... Havoda biror sogʻligimizga salbiy taʼsir oʻtkazadigan biror modda boʻlsa himoyalanish maqsadida niqob taqib olishimiz aniq. Lekin bugun tabiat insonlarning qilayotgan notoʻgʻri munosabatlarini koʻrib, niqobini taqqan boʻlsa, ne ajab...
Rivojlanayotgan davrda yashayotgan ekanmiz, oʻzgarishlar boʻlishi tabiiy va shu oʻzgarishlar orqali biz ekologiyamizni asta-sekinlik bilan yoʻqotmoqdamiz. Buning asosiy sabablaridan biri insoniyatdir. Oʻz qoʻli bilan ekkan, parvarishlagan yashillikni bugun yo osmonoʻpar binolarga almashtirmoqda.
Darhaqiqat, insonning tabiatga taʼsiri bugungi kunda dolzarb masalalardan biri boʻlib bormoqda. Atrof-muhitning ifloslanishi, tabiiy resurslarning kamayishi va iqlim oʻzgarishi global ekologik muammolarni keltirib chiqarayotgani ham ayni haqiqat. Hozirgi zamonda sanoatning rivojlanishi va aholi sonining koʻpayishi ham tabiatga katta zarar yetkazmoqda. Zavod va fabrikalardan chiqayotgan zararli gazlar esa atmosfera havosini ifloslantiryapti, shuningdek, transport vositalaridan chiqqan karbonat angidrid va boshqa zararli moddalar global isishga olib kelmoqda. Oʻrmonlar esa inson qoʻli bilan hech oʻylanmasdan vayron qilinmoqda. Shuni unutmasligimiz lozimki, yashilligimiz boʻlmasa, kislorod ishlab chiqarish kamayadi va bu iqlim oʻzgarishini tezlashtiradi. Bu juda ayanchli holat, desak mubolagʻa emas.
Tabiatni asrash insoniyat kelajagi uchun juda muhimdir. Agar biz ekologik muammolarni eʼtiborsiz qoldirsak, bu yer yuzidagi hayot sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Statistik maʼlumotlarga koʻra, 2023-yil noyabr oyida Toshkent shahri havo ifloslanishi boʻyicha dunyoda 7 oʻrinni egalladi. 2024-yil 22-oktyabrda esa poytaxtimiz dunyoning eng iflos havoga ega shaharlar reytingida oʻntalikka kirdi. Havodagi zararli PM2.5 zarralarining oʻrtacha miqdori Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining meʼyorlaridan 8,6 baravar yuqori ekani qayd etilgandi. Agar ekologiyaga munosabatimiz oʻzgarmasa yildan yilga bu koʻrsatkich oshaveradi. Xususan, ekologik ofatlar, iqlim oʻzgarishi, oziq-ovqat va suv tanqisligi kabi muammolar yanada keskinlashadi.
Har bir inson tabiatni himoya qilishga hissa qoʻshishi mumkin. Bu yerda kichik harakatlarning oʻzi ham katta oʻzgarishlarga sabab boʻlishi hech gap emas. Masalan, chiqindilarni qayta ishlashga eʼtibor berish, plastik, qogʻoz va shisha kabi materiallarni alohida ajratib, qayta ishlash, elektr qurilmalarini oʻchirib qoʻyish yoki suvni keraksiz sarflamaslik, yashil hududlarni kengaytirish va, albatta, ekologik taʼlim va targʻibotni kuchaytirish, maktablar, jamoatchilik orasida ekologiya mavzusida targʻibot ishlarini olib borish shular jumlasidan. Ana shundagina yosh avlod tabiatni sevishni va uni koʻz qorachigʻiday asrashni oʻrganadi.
Ha, ekologiyani, tabiatni, oʻz sogʻligimizni asrash faqat davlat tashkilotlari yoki ekologlarning emas, har birimizning asosiy vazifamiz boʻlmogʻi joiz. Kichik qadamlar bilan boshlangan harakat katta natijalar keltirishiga shubha yoʻq. Zero, biz bugundan ekologik masalalarga eʼtibor qaratsak, tabiatni himoya qilsak, kelajak avlod uchun toza va barqaror muhit yaratib bergan boʻlamiz.
Jasmina BAXTIYOROVA,
Ogahiy ijod maktabining 11-sinf oʻquvchisi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindorlari maʼlum boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring