Nepalda ommaviy tartibsizliklar: internet cheklovi ortidan “Z avlod inqilobi” boshlandi

Nepal hukumati 4-sentyabrdan mahalliy Axborot va aloqa texnologiyalari vazirligida roʻyxatdan oʻtmagan yirik ijtimoiy tarmoq va messenjerlarni blokladi. Taqiqqa Meta, YouTube, X (Twitter), Reddit, LinkedIn kabi platformalar tushdi.
Oppozitsiyadagi Nepal kommunistik partiyasi vakili Xit Radj Pandi bu qarorni keskin tanqid qilib, ijtimoiy tarmoqlarni yopish mamlakatda siyosiy xaosga olib kelishini oldindan aytdi.
Norozilik namoyishlari
8-sentyabrdan poytaxt Katmanduda yoshlar ishtirokida ommaviy namoyishlar boshlandi. OAV ularni “Z avlod inqilobi” deb atadi. Qoʻzgʻolon tezda yirik shaharlarga ham tarqaldi.
Talatoʻp va qurbonlar
“Himalayan Times” xabariga koʻra, Katmanduda 500 dan ortiq kishi jarohat olgan, 22 kishi halok boʻlgan. Ular orasida sobiq bosh vazir Jala Natx Xanalning rafiqasi ham bor. Uch nafar politsiyachi ham halok boʻlgan.
Norozilar prezident Ram Chandra Paudel rezidensiyasini, hukumatning Singxa Durbar saroyini, parlament va Oliy sud binolarini yoqib yubordi. Hokimiyat idoralari, prokuratura va sud binolaridan ish hujjatlari olib chiqilib yoʻq qilindi.
Moliya vaziri Bishnu Prasad Paudel namoyishchilar tomonidan kaltaklangan. Xususiy aviakompaniya Simrik Airlines ofisida ham yongʻin chiqarildi — bu aviakompaniya vertolyotlari mansabdorlarni evakuatsiya qilishda ishlatilgani aytiladi.
Katmandudagi Tribxuvan xalqaro aeroporti yopildi, shaharda armiya joylashtirildi. Bxayraxava aeroporti ham yoqib yuborildi. Lalitpurdagi qamoqxonadan 1,5 mingdan ziyod, Jaleshvarda esa 570 mahbus qochib ketdi.
Siyosiy oqibatlar
Kuchayib borayotgan noroziliklar tufayli hukumat 9-sentyabrdan ijtimoiy tarmoqlarga qoʻyilgan bloklash chorasini bekor qildi.
Prezident Ram Chandra Paudel bosh vazir Sharma Olining isteʼfosini qabul qildi. Ichki ishlar vaziri Ramesh Lekxak ham lavozimidan ketdi. Shuningdek, oppozitsiyadagi milliy-demokratik partiyaning 42 deputati oʻz vakolatlarini topshirdi.
Isteʼfoga chiqishidan avval Oli hukumat komissiyasiga 15 kun ichida voqealar sabablari va ularni takrorlanishini oldini olish choralari boʻyicha xulosa tayyorlashni topshirgan.
Komendantlik soati va tashqi reaksiya
Katmanduda komendantlik soati joriy etildi. Turistik hududlar nisbatan tinch boʻlib turibdi.
Xitoy fuqarolarini ehtiyot boʻlishga chaqirdi, Hindiston esa Nepal hukumati va namoyishchilarni sabr-toqatlilikka undadi. Rossiya elchixonasi hukumat bilan aloqada ekanini bildirdi.
Namoyishchilar mamlakat nazoratini qoʻlga olganini eʼlon qildi, muvaqqat bosh vazir sifatida Katmandu meri Balendra Shaxni tayinlash va yangidan saylovlar oʻtkazishni talab qilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring