Navoiyda «Toʻsiqsiz sanʼat» xalqaro festivaliga start berildi

16:49 17 Aprel 2024 Jamiyat
216 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Temur ESHBOYEV/«Xalq soʻzi». Tasviriy sanʼat taʼlimi haqida soʻz ketsa, koʻpchilik borliqni fotografiya yangligʻ aks ettirish tushunishadi. Boisi, hatto yaqin-yaqinlarda ham bu sanʼatda rassom mahoratiga «asliga oʻxshatish»iga qarab baho berilardi. Umumtaʼlim (asosan qishloq) maktablarida esa tasviriy sanʼat ustozlari qoʻngʻir (keyinchalik yashil) doskaga oq boʻr bilan nimaningdir rasmini chizar, uyga vazifa ham shunga oʻxshash boʻlardi. Ranglar xarakteri, ifoda qudrati haqida deyarli soʻz yuritilmasdi.

Bir soʻz bilan aytganda tasviriy sanʼatda uzoq yillar shunga oʻxshash «oʻxshatish» tendensiyasi hukm surib, ushbu sanʼat durdonalari ohanrabosi orbitasidan olis boʻlganligimiz bor gap.

Bugunning esa yoʻrigʻi boshqacha – sanʼatning ushbu yoʻnalishidagi boy madaniy merosimizga munosib baho berilib, umuminsoniy qadriyatlar oʻrganilmoqda. Tasviriy sanʼat taʼlimida talab oshib, ustozning oʻzi puxta nazariy bilim bilan birga avvalo rassomchilikda ham muayyan darajadagi iqtidorga ega boʻlishi lozimligi ustuvor tutilmoqda.

Shu jihatdan Oʻzbekiston badiiy ijodkorlar uyushmasi Navoiy viloyati boʻlimi, viloyati Madaniyat boshqarmasi hamda Navoiy davlat pedagogika instituti (NDPI) hamkorligida «Toʻsiqsiz sanʼat» nomli rasmlar koʻrgazmasini oʻziga xos sinov maydoniga qiyoslash mumkin.

— Besh kun davom etadigan ushbu festivalda NDPI Sanʼatshunoslik fakulteti talaba va oʻqituvchilari, ixtisoslashgan sanʼat maktablarining pedagoglari hamda tasviriy sanʼat havaskorlarining asarlari namoyish etiladi, — deydi Oʻzbekiston badiiy ijodkorlar uyushmasi Navoiy viloyati boʻlimi raisi Suhrob Qodirov. — Shuningdek, festival doirasida mahorat darslari va treninglar oʻtkaziladi. Maqsad sanʼatning toʻsiqsizligini, uning chegara bilmasligi, yosh tanlamasligini taʼminlashdan iboratdir.

Festivalning dastlabki kunida Oʻzbekiston badiiy ijodkorlar uyushmasi aʼzolari Sherzod Choriyev, Furqat Aslonov, Obid Qodirov hamda dastgohli rang-tasvir yoʻnalishining 3-bosqich talabalari tomonidan yaratilgan sanʼat asarlari namoyish etildi. Festival doirasida liboslar koʻrgazmasi ham namoyish etilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?