Navoiyda Xitoyning Nanʼan shahri bilan hamkorlikka doir muzokaralar oʻtkazildi

09:29 10 Dekabr 2025 Jamiyat
176 0

Nanʼan Xitoy Xalq Respublikasining ikki yarim ming yillik tarixga ega koʻhna shaharlaridan biri boʻlib, azaldan metallga ishlov berish va hunarmandchilik markazi sifatida tanilgan. Tabiiyki, boy tarixga ega boʻlgani bois, u mamlakatning sayyohlik jozibador hududlari qatorida oʻrin tutadi.

Navoiy viloyati bilan Nanʼan oʻrtasida oʻxshash jihatlar koʻp. Masalan, Uchtut qishlogʻidagi chaqmoqtosh konlari ushbu hududda metall ishlov berishning uch ming yillik tarixiga doir maʼlumot beradi. “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ va uning tarkibiga kiruvchi korxonalar esa metall qazib olish va unga dastlabki ishlov berishda dunyoning yetakchi sanoat ishlab chiqaruvchilaridan biri hisoblanadi. Kashtachilik, sangtaroshlik kabi hunarmandchilik sohalari ham viloyatning qadim anʼanalari sirasiga kiradi. Shundan kelib chiqib, ikki hudud oʻrtasidagi doʻstlik rishtalari va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish ularning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirishi tabiiy.

Shu nuqtayi nazardan, Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunovning Xitoyning Nanʼan shahri delegatsiyasi bilan oʻtkazgan muzokaralari keng qamrovli hamkorlikka yangi sahifa ochishi bilan ahamiyatlidir.

— Bugungi uchrashuv faqat ikki hudud oʻrtasidagi muloqot emas, balki Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish va amaliy mazmunda rivojlantirish yoʻlidagi muhim qadamdir, — dedi N. Tursunov. — Ikki mamlakat oʻrtasidagi iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy-gumanitar aloqalar tarixi Buyuk Ipak yoʻli davrlariga borib taqaladi. Ayniqsa, soʻnggi yillarda hamkorlik yangi bosqichga koʻtarilib, investitsiya, savdo, sanoat va kadrlar almashinuvi kabi yoʻnalishlarda sezilarli natijalarga erishilmoqda. Buni Navoiy viloyatiga kiritilayotgan investitsiyalar hajmining 79 foizi Xitoy ulushiga toʻgʻri kelayotgani, shuningdek, 7 mingdan ortiq oʻzbekistonlik yoshlarning Xitoy OTMlarida tahsil olayotgani ham tasdiqlaydi.

Uchrashuvda Nanʼan shahrining asosiy sanoat tarmoqlari — qurilish materiallari, texnika va stanoksozlik, toʻqimachilik, elektrotexnika, mebelsozlik va maishiy texnika ishlab chiqarish boʻyicha taqdimot oʻtkazildi. Tomonlar hududlararo savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, oʻzaro investitsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash katta imkoniyatlar yaratishini taʼkidladilar.

Muzokaralarda shuningdek, Oʻzbekistonda ishbilarmonlar huquqlari himoyasi kuchaytirilgani, chet ellik investorlar uchun koʻchmas mulk xarid qilish, mamlakatga kelib-ketish va yashash tartiblari soddalashtirilgani, soliq va boshqa imtiyozlar joriy etilgani haqida ham maʼlumot berildi.

Suhbat davomida Navoiy viloyatining iqtisodiy salohiyati — togʻ-kon va metallurgiya, kimyo sanoati, qurilish materiallari, toʻqimachilik va mashinasozlik tarmoqlaridagi imkoniyatlar haqida atroflicha fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar bir qator qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash va xalqaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga kelishib oldilar.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?