Shavkat Mirziyoyev AQSh Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi
Foto: Prezident matbuot xizmati
23-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.
Davlatimiz rahbari suhbat avvalida AQSH Prezidentini yaqinlashib kelayotgan yangi yil bayramlari bilan tabriklab, doʻst Amerika xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.
Donald Tramp, oʻz navbatida, Oʻzbekiston yetakchisi va xalqiga oʻzining hamda AQSh xalqining samimiy salomi hamda tabriklarini yoʻllab, yangi yilda baxt-saodat, muvaffaqiyatlar va yangi zafarlar tiladi.
Prezidentlar oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosining borishini, shuningdek, Oʻzbekiston – AQSh strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish istiqbollarini batafsil koʻrib chiqdilar.
Davlatimiz rahbari Prezident Donald Trampning joriy yilda ichki va tashqi siyosatda erishgan muvaffaqiyatlariga yuksak baho berib, uning oʻtkir xalqaro inqirozlar va mojarolarni hal etish borasidagi samarali saʼy-harakatlarini alohida taʼkidladi.
Ikki tomonlama siyosiy muloqot va almashinuvlar, ayniqsa, yetakchilar darajasida faollashib, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab bergani va uni aniq mazmun bilan boyitgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Fuqaro aviatsiyasi, avtosanoat, togʻ-kon sanoati, qishloq xoʻjaligi, infratuzilma, energetika va kimyo, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va boshqa sohalarda oʻnlab milliard dollarlik qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Amaldagi loyiha va dasturlarni samarali ilgari surish hamda yangilarini ishlab chiqish maqsadida Amerika – Oʻzbekiston ishbilarmonlar va investitsiyalar kengashi tashkil etildi. Qoʻshma Investitsiya fondini taʼsis etish boʻyicha faol ish olib borilmoqda.
Hududlar oʻrtasidagi hamkorlikning yangi mexanizmi ishga tushirildi. Oʻzbekistonning uchta viloyati delegatsiyalari Amerika shtatlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun ushbu mamlakatda boʻldi.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalarga alohida eʼtibor qaratildi. Shu maʼnoda, koʻp tomonlama hamkorlik, jumladan, “С5+1” formatining ahamiyati taʼkidlandi.
Suhbat yakunida tomonlar oliy darajadagi faol muloqotlarni davom ettirish niyatini tasdiqladilar hamda amaliy hamkorlik boʻyicha qoʻshma tashabbus va dasturlarni ilgari surishga kelishib oldilar.
Oʻzbekiston Prezidenti Amerika yetakchisini oʻzi uchun qulay muddatda mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sogʻliqni saqlash vazirligi “Elektron retsept” tizimi boʻyicha rasmiy bayonot berdi
- Oʻzbekistonda naqd pulga uy-joy va mashina oldi-sotdisi bekor qilinadi
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Avstraliyada 16 yoshgacha boʻlgan oʻsmirlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlandi
- Uchinchi Renessansga eltuvchi maʼrifat koʻprigi: Oʻzbekiston—Pokiston hamkorligining yangi bosqichi
- Muhammad Saloh faoliyatini Saudiyada davom ettirishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring