Mujmal qoidalardan butkul voz kechilmoqda — Qonun loyihasi

15:18 10 Dekabr 2021 Jamiyat
1368 0

Bugun, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari toʻgʻrisida” Qonun loyihasi birinchi oʻqishda muhokama qilindi.

Muhokamada adliya vaziri R. Davletov soʻzga chiqib, qonun loyihasi boʻyicha kiritilayotgan muhim oʻzgartirishlar haqida maʼlumot berdi.

Taʼkidlanishicha, qonun loyihasi yer uchastkalari egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirishga yoʻnaltirilgan boʻlib, jamoat ehtiyojlari uchun kompensatsiya evaziga yer uchastkalarini olib qoʻyish masalalari boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladigan yaxlit qonun boʻladi.

Qonun loyihasida faqat “jamoat ehtiyojlari” iborasi qoʻllanilib, “davlat va jamoat ehtiyojlari” tushunchasidan voz kechilmoqda.

Yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi mumkin boʻlgan aniq holatlarning tugal roʻyxati keltirilib, “boshqa holatlar” kabi mujmal qoidalardan butkul voz kechilmoqda.

Shuningdek, qonun loyihasi qabul qilingan taqdirda quyidagi masalalar aniq yechimini topadi:

- kompensatsiya berilishining aniq qoidalari oʻrnatiladi;

- kompensatsiya sifatida boshqa turar joy berilganda ijtimoiy normani hisoblash qoidalari belgilanadi;

- bitta mahalla yoki koʻchada yashovchi huquq egalari va ularning oila aʼzolariga qulay shart-sharoitlar yaratish va madaniy qadriyatlarini saqlab qolish maqsadida, huquq egalarining xohishiga koʻra bitta mahalla yoki koʻchada joylashgan yangi uylar (bitta koʻp qavatli uydagi kvartiralar) berilishi mumkinligi nazarda tutiladi;

- kompensatsiya oʻz vaqtida va toʻliq berilishining doimiy monitoringi Koʻchmas mulk obyektlari Davlat reyestri yagona elektron axborot tizimi orqali amalga oshirilishi koʻzda tutiladi.

Bundan tashqari, Qonun loyihasi bilan koʻchmas mulkni buzib tashlash haqidagi qarorni qabul qilish tartibi oʻzgaryapti, unga koʻra bu kabi qaror hokimlar tomonidan emas Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan qabul qilinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер