Mutaxassisga murojaat: Kuzgi gʻallaning taqdiri qanday?

16:28 03 Dekabr 2025 Iqtisodiyot
250 0

Arxiv foto

Kuz tugab, qish boshlandi hamki, yogʻingarchilikdan darak yoʻq. Shunday kezlarda kelgusi yil hosilidan xavotirlar yanada oshmoqda. Gʻalla maydonlarni oralagan mirishkorning yuragi eziladi. Urugʻ unib, maysa hali yer bagʻrini qoplamagan, rivoji sust, suvga tashna. Sugʻorish ishlari esa hamma joyda ham bir xil ketayotgani yoʻq. Shundan ham davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, tomchilatib, yomgʻirlatib sugʻorishga oʻtish bugun har qachongidan dolzarb koʻrinmoqda. Qisqacha aytganda, “aqlli” qishloq xoʻjaligi tamoyilini qoʻllashni davrning oʻzi taqozo etayotir.

Xoʻsh, qishloq xoʻjaligi sohasidagi ilmiy muassasalar bunday muammolarga va kutilmagan ob-havo sharoitlariga qanday tayyorgarlik koʻrmoqda? Umuman tayyorgarlikning oʻzi bormi?

“Xalq soʻzi” muxbiri ana shunday savollar bilan Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti direktori, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, professor Ravshanbek SIDDIQOVga murojaat qildi.

— Keyingi yillarda suvsizlikka chidamli, oʻzgaruvchan iqlim sharoitiga moslashuvchan va donining sifat koʻrsatkichlari yaxshi yangi gʻalla navlari yaratish maqsadida Rossiya, Turkiya, Xitoy, Meksika davlatlaridagi ilmiy muassasalar va xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik aloqalari oʻrnatildi, — deydi R. Siddiqov. — Natijada gʻalla urugʻlarining dunyo genofondida saqlanayotgan 5 mingdan ziyod nav namunalari toʻplandi va ular har tomonlama baholanib, seleksiyada boshlangʻich material sifatida foydalanilmoqda.

Soʻnggi yangilik shuki, institutimizda may oyida pishib yetiladigan, resurstejamkor, 90-100 sentner hosil beradigan “Ultra”, “Grad”, “Hamkor”, “Asr chilgisi”, “Asr jilosi”, “Andijon-5”, “Vodiy gavhari” kabi navlar yaratildi. Ular 195-205 kunda pishib yetilib, suvni gektariga 750-800 m3 kam talab qiladi. Bu takroriy ekin hosili ham barakali boʻladi, deganidir. Kuzgi yumshoq bugʻdoyning yangi yaratilgan “Nodir”, “Qadr”, “Navbahor”, “Aziz”, “Oʻzbekiston-25”, “Oq-yor”, “Ravnaq”, “Qoradaryo”, “Andijon-3”, “Rizq” navlarining hosildorligi yanada yuqori boʻlib, gektar hisobiga 100-110 sentnerdan don beradi.

Yurtimizda gʻallaning “Chillaki”, “Andijan-1”, “Andijan-2”, “Andijan-4”, “Bobur”, “Mars-1”, “Asr”, “Davr”, “Yogʻdu”, “Davr”, “Durdona”, “Navbahor”, “Nodir”, “Qadr”, “Aziz”, “Oʻzbekiston-25”, “Kahrabo”, “Sadaf”, “Olmos” kabi oʻnlab mahalliy navlarimiz borki, ularning koʻrsatkichlari ham ancha yaxshi.

Seleksiyada katta yutuqlarga erishilganiga qaramay, yurtimizda bugʻdoy sifati va hosildorligiga tahdid solayotgan muammolar ham yoʻq emas. Asosiy xavotirlardan biri zararkunandalar va kasalliklar bosimi boʻlib, ayniqsa, bugʻdoy zang kasalliklari hosildorlik barqarorligi va don sifati uchun jiddiy xavf tugʻdiradi. Bu kasallik qulay sharoit tugʻilsa tez tarqalib, samarali kurash olib borilmasa, hosilning katta qismini nobud qiladi. Yangi va xavfli zang turlarining paydo boʻlayotgani esa xavfni yanada oshiradi. Bu, oʻz navbatida, uzluksiz seleksiya ishlari hamda kasallik monitoringi va kuzatuvlarini talab qiladi.

Iqlim oʻzgarishi taʼsiri yaqqol sezilayotgan hozirgi paytda gʻallachilikda tejamkor texnologiyalarni qoʻllashni taqozo qilmoqda. Tajribalarga qaraganda, ekinni yomgʻirlatib sugʻorish ham foydali, ham tejamlidir. Chunki bu usul qoʻllanilsa, suv sarfi 40 foiz, qoʻl mehnati 50 foiz, mineral oʻgʻitlar sarfi 35 foiz tejaladi va havo namligi 10-40 foiz oshadi. Shu tariqa oʻsimlikning normal rivojlanishi uchun qulay sharoit vujudga keladi. Sugʻorish suvi kislorod va boshqa gazlar bilan toʻyinib, tuproqni shu gazlar bilan boyitadi, barglardagi changni yuvib ketadi, tuproq shoʻrlanmaydi, botqoqlanmaydi, hosildorlik oshadi.

Abdunabi Aliqulov (“Xalq soʻzi”) yozib oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?