Moʻynoqdagi kondan ham gaz sizib chiqa boshladi

11:32 27 Iyul 2025 Jamiyat
269 0

Videodan kadr

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumanida joylashgan quduqdan gaz sizib chiqmoqda. Energetika vazirligi hodisa yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

2025-yil 26-iyul kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumani “Uchsoy” OFY hududida joylashgan “Muynoq” konida olib borilayotgan burgʻilash ishlari davomida 5000 metr chuqurlikka moʻljallangan 1-sonli quduqda 4707 metr chuqurlikdan gaz chiqishi kuzatilgan.

Gaz bosimi kutilgan darajadan yuqori boʻlganligi sababli, barcha xavfsizlik qoidalariga amal qilgan holda quduqni likvidatsiya qilish va bosimni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.

Voqea sodir boʻlgan paytdan boshlab barcha tegishli tashkilotlar — “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi boshchiligidagi Jamiyatga qarashli “Ochiq neft va gaz favvoralarini oldini olish va bartaraf etish boʻyicha Oʻzbekiston harbiylashtirilgan qismining Markaziy harbiylashtirilgan nazorat otryadi”, Favqulodda vaziyatlar vaziri, “Oʻzbekgeofizika” AJ hamda mahalliy hokimiyat mutasaddilari voqea joyida boʻlib turibdi.

Eng asosiysi, ushbu quduq aholi yashash joyidan uzoqda va gaz tarkibida oltingugurt yoʻq boʻlgan toza metan hisoblanadi. Qayd etish joizki, Ustyurt hududidagi barcha konlardan olinadigan tabiiy gaz tarkibida oltingugurt uchramaydi.

Maʼlumot uchun, ayni damda holatni bartaraf etish uchun xizmat qilayotgan ishchi xodimlar sogʻligʻini saqlash, shuningdek, atrof-muhit va hayvonot olamiga zarar yetishining oldini olish maqsadida gaz nazorat ostida yoqib qoʻyildi.

“Hech kim tan jarohati olmagan. Shu sababli odamlardan vahimaga tushmasliklarini soʻraymiz. Holat yuzasidan qoʻshimcha axborot beriladi”, deyilgan bayonotda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?