Men Yangi Oʻzbekiston talabasiman

21:33 25 Noyabr 2025 Jamiyat
504 0

Joriy yilning 25-noyabr kuni Olmaliq davlat texnika instituti tashkil etilganligi munosabati bilan keng jamoatchilik ishtirokida “Men Yangi Oʻzbekiston talabasiman” mavzusida ilk ilmiy-maʼrifiy anjuman tashkil etildi.

Tadbirda institut rahbariyati, professor-oʻqituvchilar, chet ellik mehmonlar, ota-onalar hamda talabalar ishtirok etdi. Anjumanda rektor chiqish soʻzida talaba yoshlarga sifatli taʼlim, ilmiy-amaliy faoliyat va innovatsion gʻoyalarni rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilayotganligini hamda institut rivojlanish Konsepsiyasining asosiy mazmuni haqida soʻzlab, talabalarga taʼlim olishlarida muvaffaqiyatlar tiladi. Talabalar oʻz navbatida Vatanga sadoqat, bilim olishda masʼuliyat va jamoat manfaatlariga xizmat qilish haqida tantanali qasamyod qabul qiladilar.

Tadbir doirasida ijodiy jamoalar ishtirokida maʼrifiy-madaniy dastur namoyish etildi, faol talabalar tomonidan ijodiy chiqishlar taqdim etildi. Iqtidorli talabalar institut rahbariyati tomonidan munosib taqdirlandilar. Marosimning asosiy maqsadi – yoshlarda vatanparvarlik, masʼuliyat, ilmga hurmat va fidoyilik hissini mustahkamlashdan iborat boʻldi.

Olmaliq davlat texnika instituti Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentyabrdagi PQ-279 son Qarori asosida tashkil etilgan boʻlib, maqsad Toshkent viloyati iqtisodiyot tarmoq va sohalarida, jumladan, muhandislik, metallurgiya, ishlab chiqarish, konchilik sohalarida zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan ehtiyojni taʼminlash etib belgilangan.

ODTIning tashkil etilganining dastlabki kunlaridanoq institut rivojlanish Konsepsiyasini ishlab chiqdi. Konsepsiyani amalga oshirish Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo iqtisodiyotini muhandislik, metallurgiya va togʻ-kon sohalarini yuqori malakali mutaxassislar bilan taʼminlovchi zamonaviy ilmiy-taʼlim markazini yaratish imkonini berish bilan birga mamlakat sanoat kompleksining barqaror texnologik rivojlanish vazifasini hal qiladi.

Hozirda Olmaliq davlat texnika instituti 6 mingga yaqin talaba 11 ta taʼlim yoʻnalishi boʻyicha faoliyat yuritayotgan 47,3% ilmiy salohiyatga ega oliy taʼlim muassasasidir. Bu yerdagi 165 nafar professor-oʻqituvchilardan 78 nafari ilmiy darajaga ega.

Bundan tashqari, Olmaliq davlat texnika instituti bugungi kunda taʼlim yoʻnalishlarini kengaytirib, soʻnggi 40-yilda ilk bor Bekobod tumanida yangi fakultet tashkil etilishiga erishdi.

ODTI bugungi kunda 15 ga yaqin xorijiy davlatlar – Xitoy, Yaponiya, Malayziya, Turkiya, Eron, Vengriya, Belorussiya kabi davlatlarning nufuzli oliygohlari va sanoat kompaniyalari bilan hamkorlik shartnomalarini imzolagan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?