Mehnat muhofazasi boʻyicha seminar oʻtkazildi

13:05 29 Aprel 2025 Jamiyat
201 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Dunyoning koʻplab mamlakatlarida 22 yildan buyon har yili 28-aprel — Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni sifatida nishonlanadi. Shu sana munosabati bilan “Hududgaz Surxondaryo” gaz taʼminoti filialining “Sherobodtumangaz” boʻlimida oʻquv-amaliy seminar tashkil etildi.

Seminarda mehnat muhofazasi, sanoat xavfsizligi, favqulodda holatlarning oldini olish va ishlab chiqarish nazorati boʻlimi masʼul xodimlari hamda tizim jamoalarining mehnat muhofazasi boʻyicha vakillari ishtirok etdi.

Oʻquv-seminarda ishtirokchilar mehnat muhofazasi boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakalarini oshirish, oʻqitish, bilimlarini sinash tartiblari boʻyicha yangi qabul qilingan huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati haqida atroflicha maʼlumotga ega boʻldi.

Tadbirda ishchilar uchun sogʻlom va xavfsiz mehnat sharoitlari yaratish, mehnatni muhofaza qilish va qonun hujjatlariga rioya etishga oid jamoat nazorati takomillashtirilgani muhokama qilindi. Gaz toʻldirish inshootida xodimlar uchun qulay sharoitlar yaratilgani va favqulodda vaziyatlarda rahbariyat hamda ishchi-xodimlarning samarali harakat qilishi muvofiqlashtirilgani taʼkidlanib oʻtildi. Shuningdek, xodimlarga zarur birinchi tibbiy yordam koʻrsatish va moddiy boyliklarni asrash boʻyicha tajribalar mustahkamlangani hisobotda oʻrin oldi.

Seminar doirasida xodimlar oʻrtasida sportning shaxmat-shashka va stol tennisi turlari boʻyicha musobaqalar tashkil etildi.

“Sherobodtumangaz” boʻlimi mehnatni muhofaza qilish ishlarini namunali tashkil etgani uchun faxriy yorliq va sovgʻalar bilan taqdirlandi. Seminar yakunida sohada xizmat qilib, namuna boʻlayotgan mutaxassislar, sport musobaqasi gʻoliblari ragʻbatlantirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?