Matonat malikalari

15:58 03 Mart 2021 Madaniyat
3106 0

Mulohaza

Hech oʻylab koʻrganmisiz, nega bahor faslini ayollarga qiyoslashadi?

Maftunkorligu goʻzallikni oʻzida jamlagani uchunmi?

Shu faslning ob-havosidek oʻzgaruvchan atvorga egaligi boisdir balki?

Ayollar bayrami bahorning ilk tarovatli kunlarida nishonlangani uchundir?

Ne boʻlganda ham ayol husnu latofatini bahor gullariga, feʼl-atvorini esa ob-havosiga qiyos etish mumkin. Shu oʻrinda bir savol paydo boʻldi. Ayolning egilsa-da, bukilsa-da sinmas irodasi, metin matonatini nimaga mengzasak boʻladi?

Keling, shu savolga birga javob izlaymiz. Tasavvur qiling, koʻmir konida paydo boʻlib qoldingiz va koʻmirlar orasida bazoʻr koʻrinayotgan narsaga koʻzingiz tushdi. To uni qoʻlga olib, artib, tozalab koʻrmaguningizcha ularning oppoq durlar ekanligiga ishona olmaysiz. Ularning nima uchun dengiz tubida emas, koʻmirlar orasida qorayib yotganiga hayron boʻlasiz.

Xuddi shunga oʻxshash holatga real hayotda ham duch kelish mumkin, desak, ishonasizmi?

Yaqinda poytxtimizdagi “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi hududida joylashgan “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyiga qilgan sayohatimizda shunga guvoh boʻldik. Muzeyni tomosha qilar ekanmiz, tarixning eng kir sahifalariga yozilgan ruslashtirish, dinsizlashtirish, tilsizlashtirish siyosati haqidagi dahshatlarni oʻqib tugatmayoq, tizimning iflosliklarini toʻla his etib ulgurdik.

Xuddi qishning avji boʻron chogʻida, isyon bilan bahorni daraklab bosh koʻtargan boychechak misoli, bunday adolatsiz tuzumga qarshi chiqqan millat fidoyilariga nisbatan eʼlon qilingan qatagʻon siyosati adolatsizliklarning ayni avj nuqtasiga yetgan yillari sifatida nafaqat tarix kitoblariga, balki xotiramizga ham muhrlandi.

Muzeyning bir chetida turgan moʻjazgina eksponat qarshisida turib qoldik. Rus, oʻzbek, qozoq, tojik millatlariga mansub 15 nafar ayolning surati terib chiqilgan eksponat nima sababdan bu muzeydan oʻrin olganiga hayron boʻlamiz. Ammo fotokamera obektiviga yoki boshqa bir nomaʼlum nuqataga mamnun, quvnoq, jiddiy, xiyol magʻzun boqib turgan nurli siymolar surati ostidagi satrlarni oʻqidigu bariga tushundik. Iqtisodchi... gazeta muharriri... qishloq xoʻjalik boʻlimi mudiri, tibbiyot bilim yurti talabasi... yoshlar tashkilot rahbari... Turli lavozimlarda faoliyat yuritgan ayollar, hatto hech qayerda oʻqimay va ishlamay, farzand tarbiyasi bilan shugʻullangan uy bekalari... Chirkin siyosatning avj nuqtasiga yetgan yillarda aksinqilobiy tashkilot aʼzosi sifatida hibsga olingan. Ularning ayrimlarini qamoqqa olish uchun, adolatning koʻchasidan ham oʻtmagan siyosatga birgina sabab yetarli edi — u “xalq dushmaning xotini”. Qarang-a, bir oilani otasidan judo qilganlari yetmagandek, onalariga ham chang solingan ekan.

Tarixga eʼtibor beradigan boʻlsak, har bir buyuk shaxs ortida ayol siymosi turganini koʻramiz. Chunki butun bir millatni ayol dunyoga keltiradi, ayol tarbiyalaydi.

U shunday ulugʻ va mashaqqatli vazifani nozik yelkasida koʻtarib turgan bir vaqtda qamoqqa olish, muzlagan oʻlkaning sovuq lageriga surgun qilish, hatto shafqatsizlarcha qatlga hukm qilish borib turgan zolimlik emasmi?!

Ularning gunohi nima edi? “Xalq dushmani” degan lanati tamgʻa bilan ayblangan, aslida esa xalqni astoydil sevganidan, ayanchli ahvoliga astoydil achinib, gʻaflat uyqusidan uygʻotishga harakat qilib, bu yoʻlda jonidan kechgan millat qahramoniga turmushga chiqqanimi?! Xayrli va ayni damda hatarli yoʻldan ketayotgan yoʻlovchining hayot yoʻllarida yoʻldosh boʻlganimi?!

Shunday “aybsiz aybdor” ayollardan biri sifatida Hikmat Fitratovani misol qilish mumkin. Oʻzbek ayollarigagina xos iffatga qorishgan goʻzallik suratidan ham yaqqol sezilib turgan bu ayol — isteʼdodli shoir, faol siyosiy arbob, millat jonkuyari hisoblanmish jadidchi Abdurauf Fitratning rafiqasi.

Umr yoʻldoshi qoʻlga olingan 1937-yilning 17-sentyabrida Hikmat ham hibs etiladi. Sabab oʻsha-oʻsha — “xalq dushmaning xotini”. U oradan 3 yil oʻtgach (bu yillar davomida masuma ayolning boshiga qanday ogʻir kunlarni solishdi ekan?) yaʼni 1939-yilda ozod qilinadi.

Tarixning oʻsha jirkanch sahifalarini majbur varaqlaymiz, chunki bunday ayollarni eslamaslikning, xotirasini eʼzozlamaslikning iloji yoʻq.

Yana bir ayanchli taqdir bilan tanishamiz. Barchamizga Botu tahallusi bilan tanish shoir Mahmud Xodiyev 1930-yilda, oradan 10 yil oʻtgach esa (yaʼni 1941-yilda) rafiqasi Valentina Vasilyeva ham qamoqqa olingan. Oʻsha vaqtdagi Oʻrta Osiyo davlat universitetida oʻzbek talabalariga rus tilidan dars berib kelayotgan ayol oʻqituvchilik lavozimidan haydalib, “xalq dushmani” degan tamgʻa bilan 10 yil muddatga qamoqqa hukm qilingan. Nihoyat, 1950-yilga kelib qamoqdan ozod etilgan ayol umrining soʻnggi kunlarigacha turmush oʻrtogʻining oqlanishi va asarlarining nashr etilishiga intilib yashadi.

Yana bir oʻxshash qismat sohibasi Zinaida Rasulovaning turmush oʻrtogʻi Ali Rasulov “Oʻzzagotxloptrest”da iqtisodchi lavozimida faoliyat yuritgan. Umr yoʻldoshi qamoqqa olingach, u ham 1937-yilning 24-oktyabrida ozodlikdan maxrum etilgan va qariyb 3 yil davomida qamoqda kun kechirgan. 1939-yilda ozodlikka chiqqan ayolning keyingi hayoti haqida hech qayerda maʼlumot uchramasa ham u umrining oxirigacha koʻp jabru sitamlarga duchor boʻlgani haqiqatga yaqin.

Matonatli bu ayollar orasida uzoq umr koʻrib, qiyinchiliklar oldida qaddini bukmay mardona kurashganlar va alaloqibat yorugʻ kunlarga yetib kelganlar ham bor.

Rahbar Shermuhammedova shunday mardonalar orasida eng koʻzga koʻringani. Markazkom qishloq xoʻjalik boʻlim mudiri M. Shermuhammedov bilan 1928-yilda oila qurgan ayol turmush oʻrtogʻi qamoqqa olingan yil “xalq dushmaning xotini” degan boʻhton bilan 1939-yilgacha qamoqda saqlandi. Qariyb bir asr umr koʻrgan ayol 2001-yil vafot etdi.

Agar eʼtibor bersak, ayollarning koʻpchiligi asosli ayblovlarsiz qamoqxonalarning sovuq hujralarida saqlangan.

Haqiqat egilar, balki bukilar ham, ammo aslo sinmaydi.

Yolgʻonlar, tuhmatlar bilan qamoqqa olingan ayollar oqlanib, ozod etilgach, el-yurt orasida yana hurmat-eʼtibor topdi.

Shunday haqiqat dilbandlaridan biri Tojixon Shodiyeva “xalq dushmanlari bila aloqada boʻlgan”likda ayblanib, 10 yilga qamoq jazosiga hukm etiladi.

“Xalqlar otasi” Stalin vafot etganidan soʻng u vataniga qaytib, Margʻilondagi uzumchilik savxozida direktor boʻlib ishlagan boʻlsa, sakkiz yillik qamoq jazosini oʻtab, eson-omon lagerdan qaytgan Rahima Islomova 30 yil davomida Kattaqoʻrgʻon tumanidagi kolxozda raislik lavozimida faoliyat yuritib, yurt ravnaqiga oʻz hissasini qoʻsha oldi.

Muzeydan joy olgan birgina eksponatni kuzata turib, qisqa soniyalarda oʻzbekistonlik ayollarning boshidan oʻtgan ogʻir damlarning bir qatrasini his etdik.

Bahorning iliq nafasi sezila boshlagan kunlarda ayollar bayramini nishonlaymiz. Uning bunchalar eʼzozlanishiga sabab ham uning goʻzalligi, nafosati, oqilaligiyu ibo-hayosi boʻlish bilan birga, matonati hamdir.

Shunday matonat sohibalarining porloq xotirasini faqat qatagʻon qurbonlari xotirasi kuni oldidan emas, balki har bir shodiyona va shukrona kunlar arafasida yod etishimiz lozim.

Inson — aziz, uning xotirasi ham oʻzi kabi muqaddas!

Bugun arzimagan qiyinchiligu muammolar qarshisida oʻzini yoʻqotib, hayot sinovlariga taslim boʻlayotgan yosh avlod qizlari shunday ayollardan oʻrnak olishi kerak. Ular qanchalar zulm oʻtkazilmasin, umr yoʻldoshidan, eʼtiqodidan kechishni xayol ham qilmagan (Shu oʻrinda bu qismatga duchor boʻlgan Saida Zununovani ham yodga olib oʻtishimiz shart). Barcha jafolarni sabr bilan, bardosh bilan yengib oʻtgan...

Muzeyni tark etar ekanmiz, moʻjazgina eksponatdan joy olgan 15 nafar ayolning, xalq qahramonlarining nurli siymosi bilan xayolan xayrlashamiz.

Ularni oradan qancha vaqtlar oqib oʻtmasin, doimo esda saqlaymiz. Pul ilinjida dilbandini sotayotgan “onalar”ni, vatanidagi tinch kunlarning qadriga yetmay, turli mintaqalardagi jangari toʻdalarga borib qoʻshilayotgan, ming pushaymon ila kafansiz koʻmilayotgan ayollarni, oʻz yurti rivojiga hissa qoʻshish, xalq xizmatida boʻlishdan koʻra nafsi, hoyu havaslari yoʻlida qulga aylanib qolayotgan baxtiqora qizlarni koʻrganimizda Sizlarni, albatta, yodga olamiz.

Matonat malikalari!

Ziyoda RAHIMBOYEVA,

Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер