Matbuot xuddi darslik kabidir
Prezidentimizning Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida qalbimizdagi ogʻriqli nuqtalardan biri, yaʼni bosma nashrlarga eʼtiborsizlik masalasiga ham alohida toʻxtalib oʻtdi.
Davlatimiz rahbari keyingi yillarda “majburiy obuna” bahonasida ixtiyoriy obunani ham yoʻq boʻlgani, buning natijasida maktab va oliygohlarning oʻqituvchilari oʻzlari uchun zarur boʻlgan gazeta va jurnallardan ajralib qolganini alohida taʼkidladi. Toʻgʻrisi, bu hayotiy haqiqat gaplardir.
Ilgari maktablarda dars boshlanishidan avval besh daqiqalik “siyosiy axborot”, yaʼni gazetalar sharhi oʻtkazilardi. Ota-onalarimiz ham ishdan uyga qaytishida qoʻllarida bir nechta gazeta bilan qaytar, kechki oqshom ota-onalarimiz bilan biz farzandlar ham talashib-tortishib gazetalarni oʻqish bilan mashgʻul boʻlar edik. Hozirgi kundagi katta avlodning siyosiy yetukligiga shu ham sabab boʻlgandir balki. Bugunga kelib esa koʻpchilik gazeta oʻqimay qoldi. Odamlar ishga ketishda yoki qandaydir yumushdan sal ortganda ijtimoiy tarmoqlar orqali yoʻl-yoʻlakay axborot olishga oʻrganib qoldi. Bu bilan kishining fikrlashi, dunyoqarashi kengayib qolmaydi axir. Biz buni toʻgʻri tushunishimiz kerak. Quruq axborot bilan ongni oʻstirib boʻlmaydi.
Aynan matbuot nafaqat bugungi kun panoramasini toʻliq koʻrish va kuzatish, balki kelgusidagi istiqbolni ham yaqqol tasavvur qilishga yordam beradi. Matbuot xuddi darslik singari barcha mavzularni, mamlakatning butun tarixiy yilnomasini qamrab oladi. Undagi maqola — ertagayoq esdan chiqib ketadigan uzuq-yuluq faktning oʻzigina emas, unda mulohaza bor, sharh bor. Maqolaga har doim qaytish mumkin.
Yana bir muhim jihati matbuotdagi materialda masʼuliyat boʻladi, javobgarlik boʻladi. Shoshma-shosharlik bilan material eʼlon qilib, yolgʻon fakt ketib qolsa, uni tezda oʻzgartirish yoki oʻchirib tashlash imkoni boʻlmaydi. Shuning uchun ham gazetaga material tayyorlashda koʻproq manbalarga murojaat qilinadi, koʻp oʻrganiladi. Bu oʻquvchi uchun ham foydali. Kerak boʻlganda, yana boshdan mulohaza qilasan, muhim joylarini belgilab, oʻqiganlarni keyinchalik foydalanish uchun saqlab qoʻyish va dars jarayonlarida foydalanish mumkin.
Yangidan qabul qilingan Taʼlim toʻgʻrisidagi qonun hamda kadrlar tayyorlash milliy dasturi oʻquv-tarbiya jarayonlarini jahon standartlari darajasiga koʻtarish, taʼlim, zamonaviy pedagogika va axborot texnologiyalari, bosma nashrlar yutuqlarini amalda uygʻun qoʻllashni taqozo etadi.
Prezidentimiz bugungi kunda bosma nashrlarni taʼlim muassasalariga, oʻqituvchi-professorlarga yetkazib berish ham jiddiy muammoga aylangan. Chunki bu borada matbuot tarqatish va pochta tizimining faoliyati mutlaqo talabga javob bermaydi, deya tanqidiy baho berdi. Bu albatta, matbuotni rivojlantirish bilan bogʻliq masala, bu gazetalarni oʻquvchilarga yetkazib berish tizimini isloh qilish zarur deganidir. Chunki chop etilayotgan matbuot nashrlari isteʼmolchiga oʻz vaqtida yetib bormasligi natijasida, maqolalarning dolzarbligi, vaqt nuqtayi nazaridan qiymati kamaymoqda.
Ayni kunlarda yurtimizda bosma nashrlar, gazeta va jurnallarga obuna boshlandi. Yangi yilning ilk kunidanoq ishonchli va qiziqarli yangiliklar bilan tanishish, ularni yoshlarimizga yetkazish uchun ham obuna jarayonlariga majburiy emas, ixtiyoriy ravishda yondashishimiz darkor. Zero, matbuot — hayot koʻzgusi. Yaʼni, u voqealar jarayonini avlodlardan avlodlarga yetkazuvchi manba. Matbuotni oʻqish odamni kitobga yoʻnaltiradi, bu esa teran fikrlashga, keng dunyoqarash egasi boʻlishga yoʻl ochadi.
Dilbar MAMADJANOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzXDP fraksiyasi aʼzosi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring