Markaziy Osiyo va Yaponiya: strategik hamkorlikni chuqurlashtirish sari yangi qadam

14:32 22 Dekabr 2025 Jamiyat
271 0

Tokio shahrida boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” birinchi sammiti Markaziy Osiyo davlatlari va Yaponiya oʻrtasidagi hamkorlik tarixida muhim bosqich boʻldi. Yuksak saviyada tashkil etilgan ushbu uchrashuv mintaqalararo aloqalarni yanada chuqurlashtirish, oʻzaro ishonch va strategik sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, bundan 20-yil avval aynan Yaponiya “Markaziy Osiyo plyus” muloqoti tashabbuskori boʻlgan edi. Bugungi kunda ushbu tashabbus oʻzining tarixiy toʻgʻriligini isbotlab, aniq amaliy natijalar bermoqda. Tokio sammiti esa mazkur formatni sifat jihatidan yangi, yanada yuqori bosqichga olib chiqdi.

Sammit davomida Markaziy Osiyo va Yaponiya oʻrtasidagi aloqalarning ildizlari Buyuk Ipak yoʻli davriga borib taqalishi, qadimiy Nara shahri esa ushbu yoʻnalishdagi muhim madaniy markazlardan biri boʻlgani alohida taʼkidlandi. Xalqlarimizni oʻxshash anʼana va qadriyatlar, maʼnaviy yaqinlik bogʻlab turadi. Bu omillar koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor vazifasini oʻtaydi.

Uchrashuv doirasida hamkorlikni yangi yoʻnalishlarda kengaytirishga qaratilgan qator muhim tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, davlat rahbarlari darajasidagi sammitlarni har ikki yilda bir marta oʻtkazish, “Markaziy Osiyo – Yaponiya 2040” uzoq muddatli hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish taklif etildi. Shuningdek, yetakchi tahlil markazlari ishtirokida Ekspertlar forumini tashkil etish tashabbusi ham qoʻllab-quvvatlandi.

Iqtisodiy sohada Yaponiya investitsiyalari, ilgʻor texnologiyalari va yuqori muhandislik standartlarini jalb etgan holda infratuzilma hamda sanoat loyihalarini amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. “Sifatli infratuzilma” dasturi, Yaponiya texnoparklarining Markaziy Osiyodagi tarmogʻini yaratish, raqamli iqtisodiyot va sunʼiy intellekt sohalarida hamkorlikni kengaytirish ustuvor yoʻnalishlar sifatida belgilandi.

Shuningdek, transport-logistika, “yashil” energetika, ekologiya, seysmik xavfsizlik, taʼlim va kadrlar tayyorlash sohalarida ham aniq tashabbuslar ilgari surildi. Jumladan, Toshkent shahrida qayta tiklanadigan energetika va seysmik xavfsizlik boʻyicha mintaqaviy markazlar tashkil etish taklif etildi.

Sammitda mintaqaviy va global xavfsizlik masalalari ham eʼtibor markazida boʻldi. Afgʻonistonni tinch va barqaror rivojlanish yoʻliga olib chiqish borasida Yaponiya bilan hamkorlikni izchil davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, Tokio sammiti Markaziy Osiyo va Yaponiya oʻrtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochdi. Ilgari surilgan tashabbuslarning hayotga tatbiq etilishi mintaqalararo hamkorlikni yanada mustahkamlab, xalqlarimiz farovonligiga qaratilgan umumiy maqsadlarga xizmat qilishi shubhasiz.

Talantbek Madumarov,

Andijon davlat universiteti

birinchi prorektori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?