Margʻilonda “Atlas bayrami”

11:32 17 Sentyabr 2024 Jamiyat
165 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Maʼlumki, shu yilning 19–21-sentyabr kunlari ipakchilar va hunarmandlar shahri Margʻilonda VI xalqaro anʼanaviy toʻqimachilik festivali – “Atlas bayrami” boʻlib oʻtadi.

Anʼanaga koʻra, ushbu tadbir oldidan Fargʻona viloyatining barcha hududlarida “Xon atlas” haftaligi tashkil etildi. Haftalik doirasida taʼlim muassasalari, mehnat jamoalari, mahallalarda kiyinish borasidagi milliy qadriyatlarimiz keng namoyish etilib, maʼnaviy-maʼrifiy suhbatlar, teatrlashtirilgan bayram tomoshalari oʻtkazildi.

Oʻz navbatida YUNESKO tomonidan Oʻzbekiston “Hunarmand” uyushmasi bilan hamkorlikda Markaziy Osiyoda anʼanaviy hunarmandchilik, etno-dizayn va tadbirkorlik boʻyicha oʻquv dasturi tashkil etilmoqda. Shu tariqa 12–18-sentyabr kunlari Margʻilon shahridagi IT markazi binosida trening mashgʻulotlari boʻlib oʻtmoqda.

Unga Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekistonning 40 nafarga yaqin malakali hunarmand-dizaynerlari jalb etilib, ishtirokchilarga bir haftalik dastur doirasida taniqli milliy va xalqaro ekspertlar mashgʻulotlar olib bormoqda.

— Atlas bayrami keyingi yillarda viloyatning turizm salohiyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda, — deydi Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Xurshidjon Ahmedov. — Bu yilgi tadbirlarda ham dunyoning barcha qitʼalaridan soha mutaxassislari, sayyohlar taklif etilgan. Hozir koʻhna kent Atlas bayrami shukuhi bilan yashamoqda.

Bayram tadbirlari juda ham rang-barang boʻlib, u barchada unutilmas taassurotlar qoldirishiga ishonamiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?