Maktabda yopiq stadion — “Tashabbusli byudjet” tuhfasi
Toʻraqoʻrgʻon tumanining Bordimkoʻl mahallasida joylashgan 25-umumtaʼlim maktabi oʻqituvchi va oʻquvchilari uzoq vaqtdan buyon orzulab kelayotgan yopiq stadion “Tashabbusli byudjet”ning birinchi mavsumida gʻolib chiqqan loyiha ijrosi bilan qurib bitkazildi. Jamoa ahilligi natijasida qoʻlga kiritilgan 1 milliard 490 million soʻm mablagʻ evaziga barpo etilgan sunʼiy qoplamali zamonaviy inshootda yoshlarning jismoniy chiniqishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
“Chortoq qurilish” masʼuliyati cheklangan jamiyati bunyodkorlari tomonidan qisqa muddatda tiklangan stadiondan voleybol, basketbol maydonlari, kiyinish, yuvinish xonalari oʻrin olgan boʻlib, oʻquvchilar bu maskanda yilning toʻrt faslida jismoniy tarbiya mashgʻulotlari bilan shugʻullanishlari, turli darajadagi musobaqalarni oʻtkazishlari mumkin.

—Oʻquvchilarimiz oʻrtasida sportda oʻzini koʻrsatayotgan iqtidorlar koʻpayib bormoqda, — deydi maktab direktori Bahodir Isroilov. — Mana yaqinda 9-sinfda tahsil olayotgan Diyora Yoqubjonova yoshlar oʻrtasida taekvondo boʻyicha oʻtkazilgan xalqaro musobaqada oʻz vazn toifasida birinchi oʻrinni egalladi. Yana bir taekvondochimiz Jahongir Pattayev esa Osiyo chempioni boʻlgan. Ishga tushirilgan yangi stadion bu singari mahorat egalari safini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Sport inshootining ochilish marosimi nafaqat taʼlim dargohi jamoasi, balki butun bordimkoʻllik yoshlar uchun bayramga aylandi. Taqdimotdan soʻng oʻyingohda birinchi musobaqa — mahalla va maktab vakillaridan iborat jamoalarning oʻrtoqlik uchrashuvi tashkil etildi.
Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
- “Men prezidentman. Men halol odamman. Men aybsizman”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring