Langarlik ustoz matonati

18:29 28 Yanvar 2026 Jamiyat
432 0

Xatirchining Langarida qish shunchaki fasl emas, u tabiatning butun bir sinovidek. Langar togʻli hudud. Bu yil qishloqda qish oʻzgacha. Yaqin yillarda bunaqa qalin qor yogʻmagan. Togʻ yonbagʻirlariga qor qoʻnib, qishloq oppoq kumush qish manzarasiga burkanganda, kishi bir tomondan ajoyib huzurni, ikkinchi tomondan esa togʻ hayotining mashaqqatini his qiladi. Ayni kunlarda Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi Langar mahallasida qish aynan shunday — oq, qalin qor bilan ziynatlangan.

Ayrim joylarda qor inson beli baravarigacha chiqqan. Togʻli hudud boʻlgani uchun mahallaga olib boruvchi yoʻllar ham qor bilan qoplanib qolgan. Shunga qaramay, masʼul tashkilotlar tomonidan yoʻllarni ochish, tozalash ishlari olib borilmoqda.

Ana shu sovuq qish manzarasi ichida ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan bir video minglab yurtdoshlarimizni befarq qoldirmadi. Videoda Langar mahallasining 58-umumtaʼlim maktabiga tizza boʻyi qorni kechib, ishga ketayotgan oʻqituvchi ayol aks etgan. Bu shunchaki tasvir emas edi. U kasbga sadoqat, masʼuliyat va matonatning ayni shu kunlardagi hayotimizdagi namunasi edi.

Ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida navoiylik ustoz bilan onlayn tarzida video muloqot oʻtkazdik. Maʼlum boʻlishicha, videoda aks etgan oʻqituvchi Langar mahallasidagi 58-maktabning tarix fani oʻqituvchisi Muyassar Mamadaliyeva.

Muyassar opa ushbu maktabda 33-yildan beri faoliyat yuritib kelmoqda. U 1993-yildan buyon taʼlim tizimida samarali mehnat qilib, minglab oʻquvchilarga tarix fanidan saboq berib kelmoqda. Oliy toifadagi ustoz tarix fanidan milliy sertifikatga ega pedagoglardan biridir.

Video qahramonining uyi maktabdan salkam bir yarim kilometr uzoqda joylashgan. U har kuni soʻqmoq yoʻllardan, adirliklar oralab, yaqin yoʻl bilan 500 metrdan ortiq masofani bosib oʻtadi. Qor qalin yogʻgan kunlari esa bu yoʻl yanada mashaqqatli boʻladi. Ammo Muyassar opa uchun bu mashaqqat toʻsiq emas. Chunki u yoshlar taʼlimi uchun kuyib-yonib mehnat qilayotgan fidoyi ustozlardan.

— Ishga undan ham uzoq masofadan qatnab kelayotgan hamkasblarim bor. Biz uchun eng muhimi — bolalar darssiz qolmasligi, — deydi fidoyi ustoz.

Video keng tarqalgandan soʻng, Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Eʼzozaxon Karimova pedagog bilan shaxsan telefon orqali bogʻlanib, hol-ahvol soʻragan.

Maʼlum boʻlishicha, 450 oʻrinli ushbu maktab Xatirchi tumani markazidan qariyb 50 kilometr uzoqlikda joylashgan. Suhbat davomida maktabga qatnov masalalari, taʼlim muassasasidagi mavjud sharoitlar, oʻqituvchilar va oʻquvchilarning holati, shuningdek, vazirlik tomonidan koʻrsatilishi mumkin boʻlgan amaliy yordam masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Vazir Eʼzozaxon Karimova Navoiy viloyatiga xizmat safari davomida maktabga albatta borishini, ustoz va maktab jamoasi uchun sovgʻalar yetkazilishini ham maʼlum qildi.

Muyassar opa esa bu eʼtiborni samimiyat bilan qabul qildi:

— Bu voqeadan keyin vazirimiz shaxsan oʻzlari telefon qilib, kayfiyatimni koʻtardi. Maktabimizdagi oʻquv jarayonlari, oʻqituvchilarimiz kayfiyatini soʻradi. Taʼlim sifatini oshirish boʻyicha takliflarimni qoʻllab-quvvatlab, maktabimizga elektron doskalar yuborilishini aytdi. Shuningdek, viloyat va tuman hokimliklaridan masʼullar kelib xabar olib ketishdi. Mana shunday eʼtiborni his qilib, oʻqituvchi sifatida eʼzoz topgandek boʻldim, — deydi u.

Darhaqiqat, shu kabi ustozlar taʼlim tizimining mustahkam tayanchi hisoblanadi. Qor, sovuq, yoʻl mashaqqati — bularning barchasi Muyassar Mamadaliyeva kabi fidoyi pedagoglar uchun ikkinchi darajali. Ular uchun eng asosiysi dars, oʻquvchi va kelajak.

Langar togʻlarida yogʻgan qalin qor orasidagi bu oddiy yoʻl — aslida ulkan sadoqat yoʻli. Mana shu yoʻldan har kuni yurib oʻtayotgan ustoz barchamiz uchun haqiqiy ibrat maktabidir.

Ulugʻbek ROʻZIMATOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?