Kurashchilarga moʻljallangan sport inshooti foydalanishga topshirildi

12:36 19 Iyun 2025 Jamiyat
144 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Erkin va yunon-rum kurashi borasida Buxorodan koʻplab mahoratli sportchilar yetishib chiqqan. Ular anʼanasini davom ettirish koʻp jihatdan yosh kurashchilarga yaratilgan shart-sharoitga bogʻliq.

Shu nuqtayi nazardan Buxoro shahridagi 2-son sport maktabi hududida zamonaviy sport zalining qurilib foydalanishga topshirilgani ayni muddao boʻldi. “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida qad rostlagan inshoot qurilishi uchun 1 milliard 360 million soʻm mablagʻ sarflandi.

— Bizda erkin va yunon-rum kurashi bilan besh nafar murabbiy qoʻl ostida 280 nafar oʻquvchi shugʻullanmoqda, — deydi sport maktabi direktori oʻrinbosari Abdurahim Mirzayev. — Yangi sport zalining qurilib foydalanishga topshirilganidan yoshlarimiz juda mamnun. Negaki, oʻzing mehr qoʻygan sport turi bilan zamonaviy shart-sharoitlarda shugʻullanishga nima yetsin?

Aytish joizki, mazkur sport maktabida tez orada mahalliy byudjet mablagʻlari evaziga qurilgan sunʼiy qoplamali stadion ham foydalanishga topshiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?