Komil otaning bogʻi

Qoraqalpogʻiston Respublikasining Xoʻjayli tumanida mashhur bir bogʻbon bor. Mustaqillik ovulida yashovchi bu otaxon — Komil ota Allambergenov nokning Gollandiya va Koreyadan keltirilgan yangi navlarini ekdi.
—Bu nokni koʻchati Koreya Respublikasidan olib kelingan, —deydi –Komil ota bir daraxtni koʻrsatib. — Bir necha yil oldin Koreyada ishlab yurgan ukalarim menga ushbu nok daraxtining bogʻini, sarxil mevalarining videosini yuborgan edi. Men uni koʻrib, oʻzimning bogʻimda shu nokni yetishtirishga qiziqib qoldim. Iltimos qilgandim, Koreyadan payvandtag koʻchatini olib kelib berishdi. Bu mevali daraxt koʻchatining yaxshi tomoni dastlabki yilida meva berar ekan. Oʻtgan yili 5-10 kilo hosil bergan boʻlsa, uchinchi yili 15-20 kilogrammgacha meva tugdi. Oʻzi hosil tugunchalari juda koʻp edi, shoxlarini koʻtara olmasligini chamalab kamaytirdim.
Mevasining kattaligi 1 kilogrammdan ham oshishi mumkin. Qishga asrash uchun alohida muzlatgich shart emas. Uy sharoitida saqlasangiz ham sifatini yoʻqotmaydi. Avgust oyi oxirlarida pisha boshlaydi. Endi mazasiga keladigan boʻlsak, ogʻizda erib ketadi, juda taʼmi shirin.
Bu haqda eshitgan qoʻni-qoʻshnilar, qishloqdoshlar nok daraxti koʻchatini soʻrab kelishdi. Otaxon ularga koʻchat ulashdi. Hozirgi kunda buyurtmachilar tobora koʻpayib borayotgani tufayli bu yil kuzda yanada koʻproq koʻchat tayyorlamoqchi.
Komil ota bogʻida birgina nokning 2 ta yangi navi meva bera boshlaganining oʻzi yurtimizda mevalar turini koʻpaytirish yoʻlida olib borilayotgan seleksiya ishlariga qoʻshilgan munosib hissadir. Qolaversa, bu oila sohiblari tomorqasidagi bogʻga qoʻshimcha yana 60 sotix maydonda dehqon xoʻjaligi tashkil etib, uni ham toʻliq bogʻ-rogʻga aylantirishgan. Koʻchatlar oralariga sabzavot, poliz, ayni vaqtda keyingi yil hosili uchun maʼlum qismiga sarimsoq piyoz ekishmoqda. El dasturxonini noz-neʼmatlar bilan toʻkin qilish yoʻlidagi samarali mehnati ularga yaxshigina daromad keltirmoqda.
Komil ota turmush oʻrtogʻi Salima aya Rejepbayeva bilan 5 nafar farzandni voyaga yetkazishgan. Katta oʻgʻli Xursand Allambergenov va kelini Zulxumor Davletmuratovalar bir necha yil oldin uyida oilaviy bolalar uyi ochib, 10 nafar oʻgʻil-qizni tarbiyalashmoqda. Komiljon ota nabiralari koʻpayganidan juda xursand. Ana shu bogʻda ularning ham rizqi bor, deydi. Darvoqe, yaqinda oilaviy bolalar uyidagi 2 nafar nabirasiga davlat tomonidan uy-joy ajratildi.
Gʻayrat OTAJONOV,
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- JSST: Gʻazoda birorta shifoxona toʻliq ishlamayapti
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring