Kim halovat koʻyida, kimda ziyofat gʻami

11:09 13 Oktyabr 2020 Jamiyat
1831 0

Foto: Sputnik

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda respublika boʻyicha karantin qoidalariga zid ravishda eng koʻp toʻy marosimlari Fargʻona viloyatida oʻtkazilganligi haqidagi xabar maʼlum qilindi. Viloyatda 16-avgustdan 13-sentyabrgacha boʻlgan muddatda mahalla faollari va ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlari tomonidan olib borilgan nazorat tadbirlari natijasida karantin qoidalariga rioya qilmagan holda oʻtkazilgan 243 ta toʻy marosimi aniqlangan.

Ana xolos! Fargʻona viloyati koronavirus kasalligi yuqishi boʻyicha oxirgi oʻrinlarda tursa ham loqaydlik boʻyicha “birinchi oʻringa” chiqibdi. Nima uchun?! Ming afsuslar boʻlsinki xalqimiz orasida toʻy bilan bogʻliq urf-odatlarni “joriy” qilayotgan odamlar bor. Ularga na mahalla faoli, na imomning nasihati, na pandemiya sharoiti taʼsir qiladi?! Ular bilganlaridan qolmaydilar va “takliflari” bilan toʻy egalarini ham boshqalarni ham, dillarini xira qilib, oilalarni tanglik koʻchasiga olib kirishda “bardavom” boʻlaveradilar.

Bugun el yana karantin sharoitiga qaramasdan oʻzining azaliy udumi- oʻgʻil uylash, qiz chiqarish marosimini oʻtkazish tashvishiga tushdi.

Koʻp yillik qadrdonim bilan koʻrishib qoldik. Salom-alik bahona koʻngil yordi.

— Hafta oxiriga toʻy belgiladik. Ozoda Nursaidovani aytganmiz xizmatga. Toshkentdan ellikdan ortiq hamkasblarni taklif qildim. Bu yogʻi mahalla koʻy, qarindosh urugʻ degandek. Shunga qurib ketgur anovi jarimasini oldindan toʻlab kelsammi, deb turibman. Qirq millionga hofiz olib kelishga yetgan kuchim toʻrt yarim millionlik jarimaga yetmay qolarmidi?!

Eh, birodari aziz. Bir necha soatlik toʻy, oʻtkinchi havas uchun yuzlab begonalarni qoʻya turing jondan aziz farzandlaringiz, chillalik kelin-kuyovlaru bobo-buvilarning hayotini hech ikkilanmay xavfga qoʻyayotganingizni bilasizmi? “Orzu-havas” degan illatingiz xuruj qilgan chogʻ ayni paytda kasalxonalarda havo yetmay, jon talashib yotganlarni koʻz oldingizga keltiring. Nahotki, bir kunlik “katta toʻy”ni deb, oylab uyidan “Tez yordam” arimayotganlarni koʻrib dilingiz uvishmayotgan boʻlsa?!

Tunov kungi toʻyda boʻlsa, “yuz ochdi” marosimi payti kelinning onaizori mehmonlardan:

— Aylanaylar, poshsha qizimiz bilan oʻpib koʻrishmanglar, iltimos,- deya zorlanib, “qoʻriqchilik” qilayotganmish.

Mahalla fuqarolar yigʻiniga karantin sharoitida toʻylar qisqargani haqida tushuntirish uchun chaqirilgan toʻy boshi beparvolik bilan soʻz qotdi.

— Koʻpning oshini yeganmizda, aylanay. Oʻttiz kishigagina toʻy qilsam, odamlar nima deydi?

Ana shu birgina savol ne-ne oilalarning tinchini, halovatini buzyapti, bemorlik azobiga duchor qilyapti. Qudalar bilan oldi-berdi borasida kelisholmaslik, bir-birlarini tushunmaslik oqibatida kelinlar koʻz yosh toʻkyapti, bolalar yetim qolyapti.

Qachongacha biz oʻzining gʻururimizni, shaʼni, or-nomusimizni dunyo matohlari, bir kunlik ziyofatlar bilan baholaymiz?!

Farzandlarining nasibasini sep-sidirgʻaga sovurayotgan hamyurtlarimiz bugungi pandemiyaga qarshi kurashda muhim boʻlgan mustahkam immunitet, salomatlikdek neʼmat haqida unutib qoʻyishmoqda.

Padari buzrukvoridan bir yil avval ayrilgan qiz toʻyga taklifnoma tashlab ketdi. Taklifnoma qogʻoziga nazar solaman. Mayda rangli toshlar bilan bezak berilgan, kelin-kuyov rasmi tushirilgan, ipak popugi ajoyib tovlanadigan tashrif qogʻozi. Narxi ham qimmat boʻlsa kerak. Havasmi yoki tengqurlarini rahmini keltirmaslik uchun narxiga qarab oʻtirmagandir. Oʻzi ham ozib-toʻzib ketibdi. Hozirgi yoshlar shunaqa, yeb-ichishga kelganda pulni qizgʻanishadi. Lekin eng qimmat lab boʻyogʻini sotib olishadi.

Tarki odat, amri mahol, deydilar. Qiz oʻstirayotgan ota-onalarning aksariyati sep-sidirgʻa yigʻish bilan ovora boʻlib, jigarbandining rangi siniqqanini sezishmaydi.

— Qizimning sarposiga yana ikki juft yakandoz qoʻshdim. Oʻzi sanogʻi ellikdan oshgandiyu koʻrpaliklarni yangi guli chiqibdi, koʻrmaysizmi. Olmay desam, qaynonasi tili butunlardan emish. Tagʻin bolam shoʻrlikka shuginani taʼna qilib, kuydirmasin deyman.

Oling onajon, yana qoʻshing koʻrpa toʻshakka. Supurgi tegsa changi uyni tutadigan baxmalu duxoba koʻrpalarning huzurini sichqonlar koʻradi.

Siz sep yigʻay, deb ovorayi jahon boʻlganingizda, shoʻrlik qizlaringiz uch mahal shakarchoy ichib, maktabga qatnayotgani esingizda ham yoʻq.

Toʻy millatimizning ming yillik ulugʻ qadriyatlaridan. Toʻy-tantana boshlangan uyga baraka yogʻadi. Onalarimiz duo qilganidek, insof, sogʻliq, halovat va albatta meʼyor qalbimizdan, hayotimizdan koʻtarilmasin.

Dilshoda Ergasheva

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер