Xorazmda YPX inspektori “Cobalt”ning oynasini urib sindirdi
Foto: Xorazm viloyati IIB
Ijtimoiy tarmoqlarda Urganch shahrida YPX inspektori tomonidan “Cobalt” rusumli avtomashinaning oldi oynasi urib sindirilgani, shundan keyin haydovchi harakatni davom ettirib, voqea joyidan qochib ketgani aks etgan video tarqaldi. Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi hodisa yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, holat viloyat IIB masʼul xodimlari tomonidan oʻrganib chiqilgan.
Aniqlanishicha, voqea joriy yilning 9-sentyabr kuni Xorazm viloyatini Qoraqalpogʻiston Respublikasi bilan bogʻlovchi «Cholish» toʻsiq-postida xizmat olib borayotgan YPX inspektori shu toʻsiq-post orqali Xorazm viloyatiga kirib kelayotgan “Cobalt” rusumli avtomashina haydovchisiga toʻxtash ishorasini bergan. Shunday boʻlsada, mazkur avtomashina haydovchisi YPX inspektorining qonuniy talabini bajarmasdan, Urganch shahri tomon harakatlanishni davom ettirgan.
Shundan soʻng YPX inspektori tomonidan aloqa vositasi orqali berilgan xabarga asosan, Urganch tumanida xizmat olib borayotgan boshqa bir inspektor ushbu avtomashinani toʻxtatish maqsadida uni Urganch shahri hududidagi chorrahaga qadar kuzatib borgan va chorrahada haydovchidan avtomashinani yoʻl chetida toʻxtatishi va tegishli hujjatlarini taqdim etishni soʻragan.
Ammo haydovchi avtomashina eshiklarini ichkaridan qulflab, YPX inspektori mashina oldida turganiga qaramay, harakatni davom ettira boshlagan. Shu vaqtda inspektor ushbu mashinani toʻxtatish maqsadida uning old oynasini aloqa vositasi yordamida urib sindirgan. Biroq bu ham qoidabuzar haydovchini toʻxtatib qolmagach, u Urganch shahri hududidagi keyingi chorrahada toʻsib ushlangan.
Surishtiruv jarayonida yuqoridagi harakatlarni sodir etgan haydovchi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Beruniy tumanida yashovchi 22 yoshli Y.Sh. aniqlangan. Qayd etilishicha, Y.Sh. haydovchilik huquqiga ega boʻlmay turib, otasining nomida boʻlgan mazkur avtomashinani hech qanday hujjatsiz boshqargan. Bundan tashqari ushbu avtomashina ishtirokida ilgari yoʻl harakati qoidalari buzilgan uchta holat boʻyicha tayinlangan jarimalar ikki oydan ortiq muddat davomida toʻlanmagani ham maʼlum boʻlgan.
IIBga koʻra, mazkur holat yuzasidan, tegishli tartibda maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomashina jarima maydonchasiga joylashtirilgan. Haydovchining xatti-harakatlari yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring