Xalqaro qizlar kuniga bagʻishlangan uchrashuv oʻtkazildi

12:42 12 Oktyabr 2020 Siyosat
2131 0

2020-yilning 10-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi hamda Senat huzuridagi Yoshlar parlamentining Gender tenglik masalalari komissiyasi tomonidan Xalqaro qizlar kuniga bagʻishlangan uchrashuv oʻtkazildi.

Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva ishtirok etdi va nutq soʻzladi.

Shuningdek, uchrashuvda bir qator vazirlik va idoralar, oliy oʻquv yurtlari rahbarlari qatnashdilar.

2012-yildan beri har yilning 11-oktyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Xalqaro qizlar kuni etib belgilangan. Undan koʻzlangan maqsad – turli mamlakatlarda qizlarning kamsitilishi muammosiga jahon hamjamiyati eʼtiborini jalb qilishdan iborat. Qizlarning taʼlim olishi, ijtimoiy va siyosiy huquqlardan, tibbiy xizmatdan foydalanishiga imkon berish uchun dunyo ahlining saʼy-harakatlarini birlashtirish ham bu sananing mohiyatini tashkil etadi.

Bugungi kunda mamlakatimizda qizlarimizning salomatligini mustahkamlash, ularning toʻlaqonli taʼlim olishlari, oʻzlari qiziqqan kasb-hunarga ega boʻlishlari, qobiliyatlarini roʻyobga chiqarishlari, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Xususan, sogʻliqni saqlash sohasida qizlarni bolalikdanoq sogʻlom oʻsishlarini taʼminlash, ularning tibbiy savodxonligini oshirish borasida izchil choralar koʻrilmoqda.

Taʼlim sohasida ham qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor berilmoqda. Xususan, joriy yilda ular uchun oliy oʻquv yurtlarida maxsus qoʻshimcha qabul kvotalari joriy etildi. Bilimga intilgan yoshlar, shu jumladan qizlarga oliy maʼlumot olish imkonini berish maqsadida 2019/2020 oʻquv yilida 59 ta oliy oʻquv yurtida sirtqi kurslar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bu ayniqsa qishloq qizlari va ayollari uchun juda muhim imkoniyat boʻldi. 

Shuningdek, qizlarimizni erta turmush bilan bogʻliq muammolardan asrash maqsadida nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun teng – 18 yosh deb belgilandi. Umuman, Oʻzbekistonda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilib, bu yoʻnalishdagi muntazam monitoring olib borilmoqda. Buning natijasida soʻnggi yillarda turli darajadagi davlat mukofoti sovrindorlari boʻlgan xotin-qizlar soni 2 ming 224 nafarga yetdi.

Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan 339 nafar xotin-qizning 10 nafari hokimiyat tizimida, 30 nafari turli vazirlik, idora va tashkilotlarda, 70 nafari taʼlim tizimidagi boshqaruv apparatida faoliyat olib bormoqda.

Uchrashuvda bu va boshqa yutuqlar haqida soʻz yuritilar ekan, mavjud sharoit va imkoniyatlardan oqilona foydalanish qizlarning oʻzlariga ham bogʻliq ekanligi alohida taʼkidlab oʻtildi. Shu jihatdan tadbir ishtirokchilari yoshlarni intiluvchan va tashabbuskor boʻlishga, doimo oʻz ustida ishlab, ilm olishga, yangi kasblarni egallashga chaqirdilar. Bu borada olib borilayotgan ishlarni yana-da takomillashtirish boʻyicha takliflar bildirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер