Kasbi tumanida 19 ta mahalla fuqarolar yigʻini ijarada “yashaydi”
Foto: “Xalq soʻzi”
Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanidagi “Yangi Maymanoq” mahalla fuqarolar yigʻini ostonasidan kirgan zahoti yuzimga namxush zax hidi urildi. Shifti eskiligidan osilib qolgan, devorlari ancha vaqtdan buyon taʼmir koʻrmagan bu bino yoʻlaklari boʻylab, bir nechta xonalarga bosh soʻkib chiqdim, lekin birorta odam topa olmadim. Keyin qarasam, hamma xodimlar bitta xonada elektr pech atrofida qunishib oʻtirishgan ekan.
Ulardan biri — “Qatagʻon” MFY boʻyicha hokim yordamchisi Jahongir Jabborov bilan tanishdik. Xonasida gaplashib olamiz, degandim, u hali xona berilmagani, kompyuter, printer va boshqa jihozlarni qayerga qoʻyishni bilmay turganini aytdi. Hayron qoldirgani shu boʻldiki, bitta eski binoda ikkita — “Qatagʻon” va “Yangi Maymanoq” MFYlar joylashgan ekan. Bino esa juda eski, isitilmaydi, tashqaridan koʻra ichkari sovuq.
“Yangi Maymanoq” MFY raisining obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari boʻyicha oʻrinbosari Abdulla Karimovga ishdan boʻshash boʻyicha ogohlantirish xati kelibdi, hozircha ishlab turgan ekan. Meni yanada ajablantirgani, bu yerda ishlovchi xodimlar bino atrofini chiqindi bosib ketganini, bu holat turli kasalliklar keltirib chiqarishini xayollariga ham keltirishmaydi. Vaholanki, MFYda ishlovchilar xonadonlarni obodonlashtirish, koʻchat ekish, daromad olish boʻyicha targʻibot ishlarini olib borishadi. Oʻzlaridagi bu ahvolni koʻrgan aholi vakillari “oldin oʻzingga boq, keyin nogʻora qoq” demaydimi?
“Yangi Maymanoq” MFY raisi Jamshid Jumayevni topa olmadik, telefon orqali bogʻlanganimizda, u bitta eski binoda haqiqatan ham ikkita MFY joylashganini, agar “Qatagʻon” MFY oʻz hududiga koʻchib ketsa, ular erkin faoliyat olib borishini aytdi. Yana bir savol tugʻiladi, “Yangi Maymanoq” MFY boʻyicha hokim maslahatchisi qayerdan qoʻnim topadi? Rais bilan bir xonada tiqilib ish olib boradimi yoki boshqa binodan joy berishadimi?
Aynan shu kabi savollar bilan Kasbi tumani mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimiga borgandik, boʻlim boshligʻi qaysidir mahallaga hokim yordamchisi boʻlib ishga ketganini aytishdi. Boʻlim boshligʻining faxriylar boʻyicha oʻrinbosari Rustam Toʻrayev bilan fikrlashdik. Uning gaplariga koʻra, tumandagi 42 ta mahallaning 19 tasi “ijara”da yashaydi.
Masalan, MFYlardan “Mustaqilobod” maktabda, “Nurobod”, “Oqqamish” kollej, “Mesit” tadbirkorlik subyekti binolarida joylashgan. R. Toʻrayevga koʻra, har yili 3-4 ta mahallaning yangi binosi qurilishi rejalashtirilgan va bir-ikki yil ichida hammasi oʻz hududida, zamonaviy tipdagi binolarda faoliyat koʻrsata boshlaydi.
Xalqimizda oʻzi yashab turgan hovlini ozoda tutish, atrofiga gullar ekish, supurib-sidirishdek azaliy udum bor. Chunki tozalik bor joyda baraka boʻladi. Kasbida yuqorida guvohi boʻlganimiz - mahalla raislari va ularning oʻrinbosarlari bu udumni oʻzlari ishlab turgan bino misolida amalga oshirishsa, nur ustiga nur boʻlardi.
Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring