Jazeera Airways Fargʻonadan Quvaytga yangi aviaqatnovni yoʻlga qoʻyadi

18:21 16 Noyabr 2023 Jamiyat
225 0

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Jazeera Airways aviakompaniyasining Oʻzbekiston va Tojikiston boʻyicha direktori Ildar Abubekirovni qabul qildi.

Uchrashuvda Jazeera Airways tomonidan yoʻlga qoʻyilayotgan Quvayt-Fargʻona-Quvayt yoʻnalishidagi aviaqatnov bilan bogʻliq masalalar, shuningdek, Fargʻona xalqaro aeroportidan ushbu aviakompaniya bilan birgalikda Misr, Turkiya va qator YEvropa mamlakatlariga aviaqatnovlarni tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.

Hozirgi kunda Oʻzbekistonning uchta shahridan Jazeera Airways tomonidan Quvaytga amalga oshirilayotgan aviaqatnovlarda Fargʻona viloyatida yashovchi yoʻlovchilar salmoqli hissaga ega ekanini qayd etgan Ildar Abubekirov, aviakompaniya bundan kelib chiqqan holda dekabr oyidan boshlab Quvayt-Fargʻona-Quvayt yoʻnalishida muntazam qatnovlarni yoʻlga qoʻyishga qaror qilganini maʻlum qildi. 168 oʻringa moʻljallangan Airbus A320neo samolyotlarida dastlabki bosqichda haftasiga 3 ta aviareys tashkil etilsa, kelgusi oylardan boshlab kunlik aviaqatnovlar amalga oshiriladi.

Fargʻona viloyati bilan arab davlatlari, xususan Quvayt oʻrtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy aloqalar jadal rivojlanib borayotganini qayd etgan viloyat rahbari, toʻgʻridan toʻgʻri aviaqatnovlarning yoʻlga qoʻyilishi ziyorat turizmi bilan birga bu hamkorlikni ham yanada kengaytirishga xizmat qilishini taʻkidlab, Jazeera Airwaysʻning Fargʻonadagi faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Muloqot davomida shuningdek, Fargʻonadan Misr, Turkiya va qator YEvropa mamlakatlariga aviaqatnovlarni tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi. Amalga oshirishga kirishilayotgan Fargʻona xalqaro aeroportini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish va boshqarish loyihasi natijasida Fargʻona aeroportini YEvropa va Osiyo oʻrtasida xalqaro tranzit tuguniga aylantirish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.

2004-yilda tashkil etilgan Jazeera Airways Quvaytning ikkinchi milliy aviakompaniyasi boʻlib, shtab-kvartirasi Quvayt xalqaro aeroportda joylashgan va arzon narxlardagi havo sayohatlariga ixtisoslashgan. Aviakompaniya floti hozirgi kunda 21 ta Airbus samolyotlarini oʻz ichiga olib, dunyoning 34 ta mamlakatiga 60 dan ortiq yoʻnalishlarda muntazam parvozlarni amalga oshirib kelmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?