Ijodiy muloqot: “Oxunjon Hakimov va Yoʻldosh Sulaymon publitsistikasi”

18:03 29 Sentyabr 2025 Jamiyat
334 0

Ahmad Fargʻoniy nomidagi Fargʻona viloyat axborot-kutubxona markazida Oʻzbekiston xalq shoiri Oxunjon Hakimov, atoqli ijodkor Yoʻldosh Sulaymon tavalludining 90-yilligi munosabati bilan adabiy kecha tashkil etildi.

Yuzma-yuz muloqotda poytaxtdan kelgan shoir-yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar, respublika markaziy OAV bosh muharrirlari, fargʻonalik ijodkorlar, talabalar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Maʼlumki, har ikki adib ham uzoq yillar mobaynida viloyat, respublika gazetalarida samarali faoliyat koʻrsatgan. Shu bois tadbir doirasida “Oxunjon Hakimov va Yoʻldosh Sulaymon publitsistikasi” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi. Unda taniqli shoir va yozuvchilar Abdusaid Koʻchimov, Ahmadjon Meliboyev, Farida Afroʻz, Munavvara Usmonova, Farmon Toshev, Husan Ermatov va boshqalar ikki adibning oʻziga xos ijodiy fazilatlari xususida soʻz yuritishdi. Ikki ustoz yozuvchining zamondosh va shogirdlari, oila aʼzolari ular bilan bogʻliq iliq xotiralarni esga oldilar.

— Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi Fargʻona viloyat boʻlimi tashabbusi bilan Fargʻona tumanidagi “Avval” MFYda joylashgan koʻchaga Oxunjon Hakimov nomi berilgani bizni behad mamnun etgan edi, — deydi shoirning qizi Dildor Hakimova. — Oilamiz istiqomat qilgan xonadon peshtoqiga “Bu uyda Oʻzbekiston xalq shoiri Oxunjon Hakimov yashagan” degan yozuv tushirilgan lavh oʻrnatilgan.

Ikki qadrdon doʻst – Oxunjon Hakimov va Yoʻldosh Sulaymon xotirasiga bagʻishlangan bu kabi tadbirlarning Fargʻona viloyati shahar-tumanlari boʻylab oʻtkazilishi rejalashtirilgani xalqimiz sevimli ijodkorlarini aslo unutmasligidan dalolat beradi.

Aytish joiz, 29-sentyabr kunidan Fargʻona viloyatida adabiyot kunlari boshlandi. Bu borada Fargʻona viloyati hokimining tegishli farmoyishi qabul qilingan boʻlib, milliy adabiyotimiz rivojiga munosib hissa qoʻshgan ulugʻ ijodkorlarning yubileylarini keng nishonlash hamda joylarda turli adabiy-maʼrifiy uchrashuvlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Xususan, Muqimiy tavalludiga 175-yil, Mirzo Hoʻqandiy tavalludiga 145-yil, Ashurali Zohiriy tavalludiga 140-yil, Charxiy tavalludiga 125-yil, Sobir Abdulla tavalludiga 120-yil, Oʻzbekiston xalq shoiri Oxunjon Hakimov va shoir Yoʻldosh Sulaymon tavalludiga 90-yil, taniqli ijodkor Maqsuda Egamberdiyeva hamda Gʻulom Fatxiddin tavalludiga 70-yil, Aʼzam Oʻktam tavalludiga 65-yil hamda Minhojiddin Mirzo tavalludiga 60-yil toʻlganligini munosabati bilan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar boʻlib oʻtadi.

Bugun tadbir qatnashchilari Qoʻqon shahrida tantanali ravishda kutib olindi. Ayni paytda viloyat boʻylab taniqli ijodkorlarning tavallud ayyomiga bagʻishlangan adabiy kechalar, maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuvlar davom etmoqda.

Botir MADIYOROV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер