Ijod — qudratli kuch

Ajoyib zamonlarni boshdan kechirmoqdamiz. Oʻzimizga boqsang — quvonasan, olamga boqsang — kuyunasan. Dahshatli tahlikalar seni qiynaydi... Vatanimizda dunyoning boshqa xalqlari havas qilsa arziydigan manzaralar namoyon. Yangi Oʻzbekiston bunyod boʻlmoqda, misli koʻrilmagan islohotlar amalga oshirilmoqda. Islohotlar iqtisodiyotdagina emas, ijtimoiy hayotimizning barcha sohasida olib borilmoqda. Shunisi quvonchli! Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning buyuk islohotchi ekani olamda tan olinmoqda. Ommaviy axborot vositalarida “Oʻzbekistondagi “iqtisodiy parvoz” (экономический бум!) haqida yozadigan boʻlib qolishdi. “Markaziy Osiyo yoʻlbarsi” deb ham atashmoqda. Barchasi Shavkat Miromonovichning bemisl quvvai hofizasi, ajoyib tashkilotchilik salohiyati tufayli yuz bermoqda.
Buyuk tarixchimiz Sharafuddin Ali Yazdiy oʻz “Zafarnoma” asarida Amir Temurning Vatan hayotida el ogʻirini yengillatish uchun bogʻ qilish, obod etish yoki yoʻl solishga kichikkina boʻlsa ham, imkon tugʻilsa, oʻshandan darhol foydalanishi haqida shunday soʻzlarni keltirgan edi: “Sohibqiron har yerdakim, imoratga qobil yer koʻrsa erdi, ul yerda albatta bir imorat solur erdi”. Bu bilgan odamga, albatta, katta ibrat, tarixiy tajriba. Har qanday imkondan foydalanish lozim.
Prezidentimiz ham oʻzining hayotbaxsh daʼvatlari bilan xalqimizning tomirlarida uxlab yotgan shijoatni uygʻotishga bel bogʻlagan. Uning yoʻl-yoʻriqlari, dono maslahatlari yurtdoshlarimizni muvaffaqiyatlarga chorlamoqda, ilhomlantirmoqda. Shavkat Miromonovich ulugʻ shoir Abdulhamid Choʻlponning “Xalq” nomli sheʼrida yozgan: “Butun kuchni xalq ichidan olaylik, Quchoq ochib xalq ichiga boraylik” degan shiddatli soʻzlarini dasturilamal bilib, bir kun Xorazmda boʻladi, boshqa kun Andijonda, keyin Qoraqalpogʻistonda, Buxoroda, Jizzaxda... islohotlar bilan tanishadi, quchoq ochib xalq ichiga boradi, odamlar bilan uchrashadi, barchasini ruhlantiradi, ularning dardlarini tinglaydi, tinglab butun kuchni xalq ichidan oladi. U biladi: “Xalq ertaga emas, balki bugun yaxshi yashashni istaydi!”
Bunday fidoyilik izsiz ketmaydi: Prezidentning uzoqni koʻra bilish salohiyati, zukkoligi tufayli yurtga investitsiyalar oqib kelmoqda, qishloqlar obod boʻlmoqda, shaharlar koʻrkamlashib kengaymoqda, yangi shaharlar bunyod boʻlmoqda (masalan, Yangi Toshkent), muhtasham binolar qad koʻtarmoqda, yangidan-yangi korxonalar ish boshlamoqda. Birgina mahobatli Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi majmuasining qurilishi qanchalar hayratlanarli!
Bir misol aytay: Prezident Shavkat Mirziyoyev yaqinda Andijon viloyatini rivojlantirish boʻyicha yangi rejalar bilan tanishdi. Davlat rahbarining Matbuot xizmati xabariga koʻra, Oʻzbekiston hozir Germaniya, Italiya va Yaponiya robot texnologiyalari investorlarini jalb etmoqda, maqsad — Andijonda yuqoridagi mamlakatlar robot texnologiyalari asosida zamonaviy klinika bunyod etishdan iborat. Buning uchun 40 mln. dollar ajratiladi. Umuman, joriy yilda 3,1 mlrd. dollar sarmoya jalb etiladi, 1,5 mlrd. dollarlik mahsulot eksport qilinadi. 305 ming kishi ish bilan taʼminlanadi, 32 mingdan ortiq oilalar kambagʻallikdan chiqariladi. Bu hazilakam ish emas!
Mamlakatda odamlarning daromadi oshib bormoqda, bu iqtisodiyotimizning katta rivojlanish yoʻliga kirganidan dalolat.
Sportning barcha sohasida ulkan yutuqlar qoʻlga kiritilmoqda. Oʻzbek boksi jahonda birinchi! Bir narsaga eʼtibor berdim: yosh sportchilarimiz, bokschilarimiz ham xalqaro musobaqalarda birinchilikni qoʻldan bermay kelmoqda... Shaxmat, dzyudo va boshqa sohalarda ham oʻzbek oʻQil-qizlari chempionlik unvonlariga ega chiqmoqda. Askarlarimiz-chi? Amerikada oʻtkazilgan xalqaro harbiy musobaqada mezbon harbiylarni ham ortda qoldirib Qolib boʻlganiga nima deysiz? Futbolchilarimiz ilk marta 2026-yilda boʻlib oʻtadigan jahon chempionatida qatnashish huquqini qoʻlga kiritganiga-chi? Hammasi quvonarli voqealar!
Darhaqiqat, biz ertasiga ishonch bilan qaragan xalqmiz, maqsadimiz ulugʻ. Shuning uchun ijtimoiy hayotimizning barcha sohasida birov havas qilsa arziydigan, maqtansak yarashadigan zafarlarimiz, muvaffaqiyatlarimiz Xudoga shukr, koʻp.
Prezidentimiz maʼnaviyat va maʼrifat sohasiga ham doim gʻamxoʻrlik qilib keladi, bu tizimlar hamisha u kishining nazar-eʼtiborida. Kitob mutolaasi borasidagi qaror juda koʻp yoshlarimizni kitoblarga qarashga, oʻqishga undab kelmoqda. Yoshlar minnatdor! Axir kitobni maza qilib oʻqisang, zavq olsang... evaziga yana yengil mashina bilan ham mukofotlansang!.. Bu qaysi mamlakatda bor?
Lekin... Lekin, ochigʻini aytish kerak, kishini oʻylantirib qoʻyadigan tashvishlar, holatlar ham yoʻq emas...
Zamon juda murakkab, tobora taranglashish harakatida... Bunday davrda har kimning oʻz oldidagi masʼuliyati kuchaygan holda yurtimiz ertasi, bolalar, farzandlar taqdiri uchun javobgarlik hissi oʻn chandon ortishiga shubha yoʻq. Aslida, barchamiz jamiyatimiz uchun masʼulmiz.
Maʼnaviy turmushimizda tashqi olam taʼsiri tobora ortib borayotganini koʻrib turibmiz. Internet, telefon-telegram deganday, mana endi sunʼiy zako (intellekt) ham chiqdi. Yana yangilari paydo boʻlishi, bu jarayonning yanada chuqurlashib borishi tabiiy hol. Hozir har bir xonadonga kirsangiz, kamida besh-oltita telefon mavjudligini koʻrasiz. Nabiradan bobogacha har kim oʻz telefoni bilan mashgʻul. Koʻcha-koʻyda yurganda ham, ovqatlanayotganda ham, gaplashganda ham odamlar telefonga tikilib oʻtirishadi. Qaysi kuni idoralardan biriga rahbar huzuriga kirdim-u hayron boʻlib chiqdim. Men bilan suhbatlashar ekan, rahbarning bir koʻzi va bir qoʻli oldida turgan telefondan uzilmadi... Xayoli oʻshanga chalgʻib turdi.
Ayrim Gʻarb mamlakatlarida, telefon ishlab chiqariladigan yurtlarda, oʻquvchilarning maktablarga faqat telefonsiz kirishlari qatʼiy qilib qoʻyila boshlandi. Bu yaxshi chora, deb qaralishi kerak.
Aslini olganda, internet, telegram, e-mail insonga katta naf keltiradi, foydasi koʻp, buni tan olmoq kerak. Dunyodan boxabar boʻladi kishi. AQSHda safarda boʻlgan vaqtlarimda odamlarning ruhan yolgʻiz ekanliklarini koʻrdim. Ularning birdan-bir doʻsti, yaqin sirdoshi — kompyuter (internet). Birov bilan insoniy suhbat qurish ishtiyoqi ularda deyarli yoʻq darajada, asosan, internet orqali gaplashishadi. Bu, afsuski, insonni xudbinga aylantirib, yolgʻizlatib qoʻyadi.
Internetdagi voqealar ataylab odamning es-hushini oʻgʻirlaydigan darajada namoyish qilinadi. Axloqsizlik, uyatsizlik, sharm-hayoning payhon boʻlishini koʻrsatadi. Bu narsa, ayniqsa, yoshlar uchun xavfli. Yoshlikdan maʼnaviy qashshoqlikka duchor boʻlgan murgʻak ong-tafakkurlar zaxa tortadi...
Ota-onaga hurmat, oqibat, ezgulik, mehribonlik, odamiylik kabi urf-odatlarimizga zarba beradi, qadriyatlarimiz asosini asta-asta yemirib boradi. Bunga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi.
Noxush jihati, internetdagi bunday holatlar ijtimoiy hayotimizga, turmush tarzimizga koʻchib oʻtib, televideniye, adabiyot va kino asarlariga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Bu kishida tashvish tugʻdiradi.
Tashqi taʼsirlar — xuddi olisdan esgan boʻronday chegara bilmaydi, yurtga bostirib kelaveradi. Gʻoyaviy xurujlar eng birinchi galda maʼnaviyatimizga, ruhimizga taʼsir qiladi, hushyor aqllarni chalgʻitadi. Biz ana shundan ehtiyot boʻlishimiz kerak. Bunga qanday chora topish bizlarni oʻylantirishi zarur.
Bu yerda bizga, albatta, adabiyot va uning katta quroli boʻlgan kitob yordamga keladi. Kitob — xayol, kitob — olam, kitob — borliq...
Tarixda adabiyot hamisha xalqni ruhlantirguvchi, uning quvonch-u dardlarini ifoda etguvchi, xalq koʻkragini koʻtarguvchi buyuk kuch boʻlib kelgan. Masalan, XIX asr — fransuz, ingliz va rus adabiyotlari uchun ulkan parvoz davri boʻldi. Adabiyot oʻsha millatlarning teran maʼnaviy hayoti koʻzgusiga aylandi, xalqning yoniga kirdi, koʻnglidan joy oldi, dardlariga malham boʻldi.
Adabiyot — katta kuch. U tabiatan barchaga tegishli — lirikka ham, fizikka ham. Chunki adabiyot — koʻngil fani, koʻngil esa hammada mavjud...
Hayratlanarli hodisa: Xudoi taolo bandalar uchun osmondan tushirgan birinchi qadriyat kitobdir. Ilk nozil boʻlgan oyat “Oʻqi!” deb boshlanishi ham bejiz emas. Demak, asosiy vazifa belgilab qoʻyilgan: kitob oʻqishimiz kerak!
Prezidentimiz maʼnaviyat sohasiga, adabiyotga juda katta eʼtibor berib kelmoqda. Lekin biz buning qadriga yetayotirmizmi, qutlugʻ daʼvatlarga “labbay!” deb javob beryapmizmi?
Mana qarang: yozuvchilarning yashash shart-sharoitlarini yaxshilash, uyushmaning maʼmuriy binosini, ijod uylarini qurish ishlari aʼlo darajada ado etildi. Koʻplab kitoblar nashr qilinmoqda, taqdimotlari oʻtkazilmoqda. Faqat yangi kitobga bagʻishlangan bu taqdimotlar, kitob qolib, asosan, muallifga hamd-u sano oʻqishlarga aylanib ketmoqda. Holbuki soʻz, paydo boʻlgan yangi asar kitob haqida boʻlishi joiz. Yangi kitobni targʻib etmoq kerak, toki uning mazmun-mohiyati kishilarga yetib borsin. Targʻibot — katta masala. Imkonlarimiz koʻp. Bu yerda auditoriyasi keng boʻlgan televideniye bizga yordamga kela oladi.
Har bir taniqli ijodkorga (shoir, adib va hokazo) bagʻishlab alohida-alohida mazmunli va ibratli koʻrsatuvlar tayyorlanishi kerak, toki uni tomoshabinlar katta qiziqish bilan koʻrsin, shunga oʻrgansin. Televideniyemiz anʼanasida “Sheʼriyat bilan uchrashuv”, “Adib bilan muloqot” singari sermazmun koʻrsatuvlar boʻlardi, ularni tiklash lozim. Uchrashuvlar telekoshonadagina emas, balki universitetlar zallarida, madaniyat saroylarida, maktablarda, harbiy qismlarda, viloyatlarda oʻtkazilsa, maqsadga muvofiq. Koʻrsatuvlar oʻquvchi-talabalar ishtirokida savol-javoblar yoʻsinida olib boriladi, jonli muloqot roʻy beradi. Adibning yangi romani, dostoni, kitobining oʻziga xos muhokamasi qiziq, keyin shoir yangi ijod namunalaridan oʻqiydi, orada shoir sheʼriga bastalangan biror qoʻshiq yangrasa, nur ustiga nur boʻladi.
Bundan hamma naflanadi: tomoshabinlar estetik zavq oladi, televideniye muxlislari ortadi, ijodkorga ruhiy madad boʻladi, oqibatda adabiyot, kitob targʻiboti amalga oshadi. Bunday uchrashuvlarga Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tavsiyasi bilan el hurmatiga sazovor, tanilgan shoir va adiblar taklif etilishi joiz. Chunki sahna oldida teletomoshabinlarni tutib turishga qodir, maʼnaviy huquqqa ega, boshqacha aytganda, aravani torta oladigan ijodkorlar boʻlmogʻi kerak.
Ayni paytda shoir va adiblarning ijodiy safarlarga koʻproq jalb etilmogʻi ham zamon talabiga aylanmoqda.
Hozir bizga aynan jonli muloqotlar, oʻzaro dilkash samimiy suhbatlar yetishmay turibdi, insonlar oʻz tashvishlari bilan boʻlib bir-biridan yiroqlashib ketmoqda. Yaqin suhbatdoshni esa internetdan izlamoqdamiz.
Adabiyot koʻngil fani ekan, uning bong uradigan, doim jaranglab turadigan qoʻngʻirogʻi — til, ona tilidir. Adabiyotning rivoji ona tilga bogʻliq. Buning uchun har bir oʻzbek bolasi, avvalo, ona tilini yaxshi bilishi joiz. Undan keyingina xohlagan tilini oʻrgansin. Koʻp ota-onalarimiz oʻttiz toʻrt yildan beri mustaqil Vatanda yashayotganlariga qaramay, oʻz bolalarini uzoqni oʻylamay hamon boshqa tilli maktablarga bermoqda. Bu mulohaza qilib koʻrish kerak boʻlgan chuqur muammo. Yuqorida aytganday, ertasiga ishonch bilan qaragan xalqmiz, buni yodda tutaylik.
Fikrimizcha, mamlakatda oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kirayotgan har bir talaba turli kasb-kori, ixtisosligidan qatʼi nazar, barcha universitetga oʻzbek tilidan insho topshirmogʻi shart qilib qoʻyilishi va uning bali hisobga olinishi kerak.
Vatanga muhabbat, ota-onaga hurmat, fidoyilik, vatanparvarlik kabi ulugʻ tuygʻular ona tilni sevishdan boshlanadi.
Yuqorida aytganimizdek, adabiyot — koʻngil fani. U dillarni allalaydi, ruhlarni maʼnaviy poklantiradi. Adabiyotni sevaylik, qadriga yetaylik! Shunda maʼnaviyatimizni asragan boʻlamiz.
Muhammad ALI,
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring